Shoshganning sherigi shaytondir

– Qani, tez bo‘l, ovqatingni tez ye, maktabingga kechikasan! Sutingniyam, shakar choyingniyam tez ich!
Bu tahdidlardan hadiksiragan bola esa shoshgancha, apil-tapil, betartib, chala-chulpa ovqatlanishga tushadi. Na yeyayotgan ovqatining mazasini, hidini biladi, na qanday taom ekanini. Bunday holatda bolada ishtaha bo‘lmaydi va taomni hazm qiluvchi shira hamda fermentlar me’yorida ajralib chiqmaydi. Bu ko‘ra bila turib bolalarni me’da-ichak kasalliklariga duchor qilishdan boshqa narsa emas. 
Keyingi paytlarda bamaylixotir, huzurlanib, ishtaha bilan ovqatlanib o‘qishga, ishga ketayotgan kishilarni uchratish qiyin bo‘lib qoldi. Qayoqqa qarama, hamma shoshilgan, asabiy. 
Ona ozroq uyqusidan kechib ertaroq tursa, bolalariga ovqat tayyorlab, ularni ham ertaroq turishga odatlantirsa, bola shoshmasdan, to‘laqonli ovqatlanadi, xotirjamgina maktabiga ketadi. 
Bolalar o‘rtasida oshqozonning gipoatsid gastritlari, gastrokardial sindrom va nevrozlar, me’da chiqaruv qismi spazmlari, oshqozon va 12 barmoqli ichak yaralari, gastroxolitsistit, gastropankreatitlar kabi hazm yo‘llari xastaliklari ko‘p uchrayotganiga pala-partish ovqatlanish sabab bo‘lyapti. 
Bolalarning ham, kattalarning ham shoshilib taom yeyishi beasorat qolmaydi. Bu hol hazm tizimi a’zolarini zaiflashtiradi. Gohida me’da shirasi ajralishini batamom to‘xtatib, tiqilmalar hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda insonning jigari, o‘t qopi shikastlanib, bemoru bedorga aylantiradi-qo‘yadi.