Sil bedavo emas
Sil kasalligi profilaktikasining samarali usullaridan biri kasallikni iloji boricha erta aniqlash va bemorni davolashni boshlashdir.
Viloyat silga qarshi kurashish dispanseri tomonidan olib borilayotgan profilaktika ishlari aholining sil kasalligi bo‘yicha xabardorligini oshirishga qaratilgan. Tumanlarga biriktirilgan mutaxassislar hududlardagi poliklinika shifokorlariga kasallikni erta aniqlash va oldini olish bo‘yicha tavsiyalar berib, amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Jumladan, noyabr oyida Past Darg‘om tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi silga qarshi kurash bo‘limi shifokorlari hamrohligida aholi xonadonlarida bo‘lib, sil kasalligi, uning yuqish yo‘llari, o‘z vaqtida davolanmasa, qanday oqibatlarga olib kelishi haqida tushuncha berildi.
Shuningdek, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rejasi asosida tuman aholisi o‘rtasida silga moyil guruhdagi bemorlar, qariyalar, fertil yoshdagi ayollar "Lukoyl" flyurografik avtomashinasida ommaviy tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruvlar davomida 34 kishi silga gumon qilinib, ulardan 14 tasida kasallik aniqlandi va davolanish uchun viloyat silga qarshi kurashish dispanseriga yuborildi.
Past Darg‘om tumanida 6 ta qishloq oilaviy poliklinikasi, 13 ta qishloq vrachlik punkti, 2 ta uy-joy sifatida qoldirilgan punkt va tez tibbiy yordam shoxobchalari aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Yilning shu davriga qadar tuman bo‘yicha 341 nafar bemor sil kasalligi bilan ro‘yxatga olingan. Ulardan 133 nafarida birlamchi sil kasalligi, uch nafarida kasallikning o‘tkazib yuborilgan formasi aniqlangan. Hozirga qadar 70 nafar bemor sog‘lomlashtirilib, umumiy amaliyot shifokorlari nazoratiga o‘tkazilgan.
Bugungi kunda sil kasalligi rivojlanishiga olib keladigan mikroorganizmlarni nobud qiluvchi samarali dori vositalari yordamida silni butunlay davolash mumkin. Aholi bilan muloqot chog‘ida kasallikni uy sharoitida davolab bo‘lmasligi, to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom turmush tarziga amal qilish va tozalikka rioya qilish orqali yuqumli kasalliklarning oldini olish mumkinligi tushuntirildi.
Abduvali AShUROV,
viloyat silga qarshi kurashish dispanseri vrach ftiziatri.