So‘nggi pushaymon – o‘zingga dushman

Ammo u bir muhim narsani – qizi hali turmush qurishga ma’nan, ham jismonan tayyor emasligini unutgandi. Shifokorlarning ogohlantirishiga ham quloq tutmadi. Kollejda o‘qiyotgan, hali balog‘at ostonasiga qadam qo‘ymagan, go‘daklikda orttirgan kasallik asoratidan to‘liq qutilmagan nuridiydasini turmushga uzatib yubordi. Nimjongina vujud homiladorlikni ko‘tarolmay, gumroh otani zor qaqshatib tashlab ketdi... Ota ko‘ksidan otilib chiqayotgan faryoddan yer-ko‘k larzaga keldi.
Afsus va nadomatlar bo‘lsinki, aholi o‘rtasida olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlariga qaramay, hayotimizda o‘g‘ilni erta uylantirib, qizni barvaqt turmushga uzatish hollari uchrab turibdi. Oqibatda hali oilani eplab ketishga qurbi yetmagan yigitlar yoki homilani ko‘tarishga organizmi zaif kelinchaklar bilan noxush hollar sodir bo‘layotir. Yosh oilalarning buzilishi, murg‘ak go‘daklarning tirik yetimga aylanishi kishini tashvishga soladi. Ongimizda negadir bir aqida o‘rnashib qolgan. O‘g‘il-qizimiz voyaga yetgach, ularni avvalo, ilmli-hunarli, o‘zlarini o‘zlari eplab, mustaqil hayot kechirishga tayyorlash o‘rniga tezroq uylantirish, tezroq turmushga uzatish taraddudiga tushib qolamiz. Bu shoshqaloqligimizni yana "Tengini topsang, tekin ber", "Chiqqan qiz chig‘iriqdan nari" qabilidagi naqlu maqollar bilan oqlab ham qo‘yamiz. Hali ona suti og‘zidan ketmagan, qo‘lida na bir hunari, na oila, na ro‘zg‘or haqida tasavvuri bo‘lgan, mas’uliyatni his etmaydigan yigit-qiz turmush mushtiga dosh berolmasligini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.
– Qizim kollejni bitirayotganda ostonamizdan sovchilar qadami uzilmay qoldi, – deydi Qahhor aka. – Farzandimiz turmushga chiqishiga hali ertaligi, o‘qishni davom ettirmoqchiligini aytib, rozi bo‘lmadik. Ammo bo‘lg‘usi qudalar "O‘zimiz o‘qitamiz", deb holi-jonimizga qo‘yishmadi. Qizimizning qarshiligiga qaramay, noiloj to‘yga rozilik berib yubordik. Katta xato qilgan ekanmiz. Yigirma yoshga ham to‘lmagan qizimiz turmushi buzilib, ikki norasida go‘dagi bilan kelib o‘tiribdi. Bizning ham, uning ham mahalla-ko‘yda boshimiz xam, tilimiz qisiq. Na o‘qigan, na biror hunar egallagan, erkatoy, tikka kosov bo‘lib o‘sgan kuyov ro‘zg‘ori alohida qilib qo‘yilgach, oilani boqishga qurbi yetmay, xotini va bolalarini tashlab ketdi. 
Balog‘at yoshi murakkab davr. Hali hayotning baland-pasti, achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan yigit-qizlar ruhiyatida nozik his-tuyg‘ular, romantik kayfiyat hukmron bo‘ladi. Ular ishq boshqa, havas boshqa ekanligini tan olgilari kelmaydi. Turmushni faqat bayramlardan iborat deb biladilar. Oilaning ijtimoiy ahamiyati, jamiyatdagi o‘rni, er-xotinning burchi, mas’uliyati haqida o‘ylab ham ko‘rmaydilar.
Har bir ota-ona mustaqil hayot bo‘sag‘asida turgan yigit-qiziga bir umrlik turmush qo‘rg‘oni bo‘lgan muqaddas oila, hayotning yozilgan va yozilmagan qonunlarini jiddiy tushuntirishlari zarur.