Sog‘lom hayot tozalikdan boshlanishini unutmayapmizmi?

Mamlakatimizda keng qamrovli tarzda o‘tkazilayotgan «Dolzarb 40 kunlik» hamda «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» tadbirlari nafaqat hududlarni obodonlashtirish, balki aholi salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilgan muhim umumxalq harakatiga aylandi.
 
Tozalik inson salomatligi, farzandlar kelajagi hamda har bir mahallaning farovon hayotining mustahkam asosidir. Ozoda muhit hukm surgan joyda sog‘lom hayot, fayzu baraka va osoyishtalik qaror topadi.
Shu bois mahallalarda obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va sanitariya-tozalash ishlarini yanada kuchaytirish, har bir ko‘cha, xonadon hamda jamoat joylarini namunaviy holatga keltirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi.

Joylarda maishiy chiqindilarning o‘z vaqtida olib chiqilmaslik, ariq va zovurlarning muntazam tozalanmaslik, sanitariya talablariga amal qilinmasligi turli yuqumli kasalliklar tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Bu esa o‘tkir ichak infeksiyalari, virusli gepatit «A», parazitar hamda sanitariya holati bilan bog‘liq boshqa kasalliklar xavfini oshiradi.

Shuning uchun har bir fuqaro o‘z xonadoni va unga tutash hududlarni doimo ozoda saqlashi, maishiy chiqindilarni faqat belgilangan joylarga tashlashi, ariq va zovurlarni muntazam tozalab turishi, daraxt va gul ko‘chatlari ekib, ularni parvarishlashi, shuningdek mahallalarda o‘tkazilayotgan obodonlashtirish ishlarida faol ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega.

Yashab turgan mahallalarimiz obodligi va xalqimiz salomatligi har birimizning mas’uliyatimizga bog‘liq. Bugun qilingan har bir ezgu amal ertangi sog‘lom avlod, musaffo atrof-muhit va farovon kelajak uchun xizmat qiladi.
Keling, “Dolzarb 40 kunlik” hamda “Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” tadbirlarida faol ishtirok etaylik. Zero, tozalik — sog‘liq garovi, obod mahalla esa yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi va kelajak avlod baxtining mustahkam poydevoridir.

Latif Rustamov,
“Sanepidqo‘mita” viloyat boshqarmasi boshlig‘i.