Stipendiya joriy etilgan maktab

Rag‘bat doim kishilarda faollikni oshirib kelgan. Shuning uchun har sohada insonlar bir-birini rag‘batlantirib turishi kerak. Ayniqsa, bilim maskanlarida o‘quvchilar rag‘batlantirib turilsa, ularda bilim olishga ishtiyoq kuchayadi. Kattaqo‘rg‘on shahridagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ikki yildan buyon a’lochi o‘quvchilar uchun stipendiya joriy etilib kelinadi. Maktab faoliyatini o‘rganish maqsadida ushbu ta’lim maskanida bo‘ldik. 

- Maktabimizning sobiq o‘quvchisi soliq sohasida mehnat qilayotgan Jahongir Abdiyevning tashabbusi va taklifi bilan o‘quvchilar uchun stipendiya tashkil qilganmiz, - deydi maktab direktori Nargiza Fozilova. – Jahongirning onasi Rahbar Abdiyeva qator yillar ushbu maktabda boshlang‘ich sinflarga dars bergan. Muallimaning vafotidan keyin farzandlari maktabda onasiga savobi yetib turishini niyat qilib, ushbu xayrli ishga qo‘l urishdi. 

Dastlab maktabda o‘quvchilarga stipendiya berishning nizomi ishlab chiqilgan. Nizom shartlariga ko‘ra, har yili sentyabr oyida 7-11-sinf o‘quvchilaridan tarix, matematika, kimyo, biologiya, ingliz tili, ona tili, adabiyot, huquq fanlaridan imtihon olinadi. Har bir sinfda fanlardan eng yuqori ball to‘plagan uch nafar o‘quvchiga stipendiya joriy etiladi. G‘oliblarga besh oy muddat stipendiya beriladi. Masalan, sentyabrda g‘olib bo‘lganlar yanvar oyiga qadar, fevral oyida g‘olib bo‘lganlar iyun oyiga qadar stipendiya oladi. 

- Imtihonda eng yuqori ball to‘plab, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchiga oyiga 300 ming so‘m, ikkinchi o‘ringa 200 ming, uchinchi o‘rin sohibiga 100 ming so‘mdan stipendiya beriladi, - deydi N.Fozilova. – O‘quvchilarni o‘qishga qiziqtirish maqsadida ushbu pullarni har oy maktab jamoasi oldida tantanali topshiramiz. Shuningdek, g‘oliblarning ota-onalarini ham tashakkurnomalar bilan taqdirlaymiz. Bu albatta, o‘quvchilarda bilim olishga intilishni yanada kuchaytiryapti. Hatto talabgorlar ko‘payib ketayotganidan imtihonda qatnashganlarning natijalarini tekshirishga ancha vaqtimiz ketmoqda. 

Bundan tashqari, fan olimpiadalarida shahar, viloyat bosqichida yuqori o‘rinlarni olgan o‘quvchilarga, milliy va xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchi va o‘quvchilarga bir martalik mukofot puli beriladi. Masalan, o‘tgan yili yuqori sinf o‘quvchilaridan Bahodir Shukrullayev va Sarvar Ochilovga ingliz tilidan IELTS sertifikatini qo‘lga kiritgani uchun 600 ming so‘mdan rag‘batlantirish puli berilgan. 

- Onam ushbu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, - deydi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Zulxumor Abdiyeva. – Onamning xotirasiga biz farzandlar maktabda “Abdiyeva Rahbar Salimovna” nomidagi stipendiya tashkil etdik. Akam har safar mendan “O‘quvchilarda o‘qishga qiziqish kuchaydimi?” deb so‘raydi. O‘quvchilarni rag‘batlantirish orqali ozgina bilim olishga qiziqtirayotgan bo‘lsak, bu bizning yutug‘imiz. Mahallamizdan Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar yetishib chiqishini istaymiz.

Safarimiz davomida stipendiya sohiblari bilan ham uchrashdik. 

-  Stipendiyamga kitoblar sotib olyapman, - deydi 8-sinf o‘quvchisi Mavluda Shukurova. – Bu ota-onamga yordam bo‘lyapti, ular ham stipendiya sohibi bo‘lganimdan xursand.

- Sinfdoshlarim ham stipendiya olishga harakat qilib, yaxshi o‘qiyapti, - deydi 11-sinf o‘quvchisi Aziza Ismoilova. – Yaqinda ona tilidan milliy sertifikatga ega bo‘ldim. Sentyabr oyida tanlovda qatnashib, ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim va shu kunga qadar 200 ming so‘mdan stipendiya olib kelyapman. Nasib bo‘lsa, keyingi tanlovda ham qatnashmoqchiman. 

Maktabda joriy etilgan stipendiya ba’zilar uchun arzimas puldek tuyulishi mumkin. Ammo ozgina rag‘bat ham o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otganini ularning gaplaridan bilib oldik. Balki shuning uchundir yangi o‘quv yilida maktab o‘quvchilari ko‘plab tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallagan. Masalan, maktabning 4 nafar o‘quvchisi fan olimpiadasida viloyat bosqichiga chiqqan. Maktab jamoasi “Ekologiyaga oid huquqingizni bilasizmi?”, badminton bo‘yicha “Umid nihollari” sport musobaqalarining viloyat bosqichida, “Yosh qutqaruvchilar” ko‘rik-tanlovining shahar bosqichida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan.

Bundan tashqari, o‘quvchilar jamoasi “Besh tashabbus olimpiadasi”da amreystling bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagani uchun ikkita zamonaviy sport maydonchasi yutib olgan. Hozircha maktab hovlisida bitta zamonaviy sport maydonchasi qurib berilgan. Ikkinchisi yaqin kunlarda qurilishi rejalashtirilgan.

Maktab Eco-Schools loyihasida ham faol qatnashib, maktab hovlisida issiqxona qurilishiga ruxsat olgan. Albatta, bunday yutuqlarning boshida tashabbuskor, faol rahbar turganini ham e’tirof etish kerak. 

- O‘tgan yilning may oyida menejerlik sertifikatini oldim, - deydi maktab direktori. – Sertifikat olganimdan keyin maoshim ikki baravarga ko‘tarildi. Bugun 13 million so‘m maosh olyapman. Shuningdek, o‘qituvchilardan Olmos Abdullayev, Gulruh Sharipova, Farida Xayriyeva, Sevara Sharobiddinovalar 13-14 million so‘mdan oylik ish haqi olishyapti. Maktabda 8 nafar o‘qituvchida ham milliy, ham xalqaro darajadagi sertifikatlar mavjud. Yana 5 nafar o‘qituvchi milliy sertifikatga ega.

Maktab hayoti bilan tanishar ekanmiz, homiylar tomonidan o‘quvchilarga berilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan xursand bo‘ldik. Afsuski, bunday maktablar viloyatimizda barmoq bilan sanarli. Qaniydi, bu kabi maktablar ko‘paysa, rahbarlar o‘zi ta’lim olgan maktabiga ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shishga harakat qilsa.

Xurshida ERNAZAROVA.