Suvni asrang va bepul “Zarafshon”ga obuna bo‘ling!

Xabaringiz bor, bugun Samarqand viloyatida “Suvni asrang!” shiori ostida aksiya o‘tkazilmoqda. Aksiya doirasida tashkil etilgan tadbirlar davomida aholining suvga bo‘lgan munosabati o‘zgardi, suvni isrof qilmaslik bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlari olib borildi, yorilgan quvurlar sozlandi, suv jo‘mraklari ta’mirlandi.

Ushbu xayrli ishni faqat aksiya davomida emas, balki kundalik odatimizga, suvning har tomchisini asrashga, bekorga oqib yotgan suv jo‘mraklarini berkitishga aylantirish maqsadida «Zarafshon» gazetasi tashabbus bilan chiqmoqda.

Agar Siz viloyatimizning qaysi hududida ichimlik suvi bilan tomorqa sug‘orayotgan, rezina shlanglar orqali ko‘cha va hovlilariga suv sepayotgan, mashinasini yuvayotgan yoki qayerda suv quvuri yorilib, suv isrof bo‘layotgan holatlarni ko‘rsangiz va bu holatni foto yoki telefon kamerasiga tushirib, tahririyatning @zarafshonbot telegram manziliga jo‘natsangiz, yilning qolgan davri uchun “Zarafshon” gazetasiga bepul obuna qilinasiz.

Buning uchun Sizdan suvdan samarasiz foydalanish holatlari bo‘yicha kamida 5 ta joydan aniq mazili ko‘rsatilgan foto va videolavha jo‘natish talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, bir daqiqa ochiq qolgan suv jo‘mragidan 5 litrdan ortiq suv oqadi. Jo‘mrak o‘n daqiqa ochiq qolsa, 50 litr, bir soat ochiq qolgan jo‘mrakdan 300 litr suv oqib, isrof bo‘ladi. Buni o‘n soatga, bir sutkaga ko‘paytirsak, qancha obihayot isrof bo‘layotganini to‘liq anglaymiz.

Shunday ekan, tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlang, unda faol ishtirok eting, bir tomchi bo‘lsa ham ichimlik suvini asrang va bepul “Zarafshon”ga obuna bo‘ling!