Ta’limdagi yangilik va o‘zgarishlar, kelajak uchun mustahkam poydevor
Tabiiy boyliklarning kamayib borishi, qishloq xo‘jaligi uchun yaroqli yer maydonlarining qisqarishi, ichimlik suvi tanqisligi muammolari eng zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar (kimyoviy va biotexnologiyalar, gen injeneriya, nanotexnologiya va h.k.)dan samarali foydalanish masalalarini kun tartibiga qo‘ymoqda. Ammo innovatsion fan va texnologiyalar barcha mamlakatlarda ham bir tekis rivojlanmagan. Bu texnologiyalar "nou-xau" sifatida boshqa davlat yoki mamlakatlarga tekinga berilmaydi. Qolaversa, ushbu texnologiyalardan foydalanish ham innovatsion bilimlarni talab qiladi. Shu bois mamlakatining dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini yo‘qotmasligi, xalqining qashshoq va qaram bo‘lib yashashini istamaydigan davlatlar ta’lim va ilm-fanni rivojlantirishga, oddiyroq qilib aytsak, inson kapitalini yaratishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda.
Mamlakatimizda ham keyingi yillarda ta’lim tizimida zamon talablaridan kelib chiqib keng miqyosli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi ikki yilda ta’lim va ilm-fan sohasiga oid o‘nlab farmon va qarorlari qabul qilindi. Ularning natijalari hozirdanoq ko‘zga tashlana boshladi.
Maktabgacha ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratilishi, xalq ta’limi sohasidagi o‘zgarishlar, oliy ta’limdagi yangilik va qulayliklar, ilmiy tadqiqotchilarning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi yurtimizda intellektual salohiyatli avlodni kamolga yetkazish va mamlakat qudratini oshirishga qaratilgan.
Lekin o‘zgarish va yangiliklar osonlikcha kechayotgani yo‘q. Chunki bu tadbirlarning amalga oshishi nihoyatda katta mablag‘, professional mutaxassis-kadrlarga ehtiyoj tug‘diradi. Shuningdek, shu paytgacha tizimda to‘planib qolgan muammolarni birdaniga hal etish ham imkonsiz. Ikkinchi tomondan esa qachon bog‘chada xorijiy tillarni o‘rganib, boshlang‘ich va o‘rta maktabda zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirgan yoshlar oliy maktabga keladi, deb kutib o‘tirishimizni shiddat bilan o‘zgarib borayotgan vaqt ham, jamiyat ham kechirmaydi.
Davlatimiz rahbarining Janubiy Koreya, Angliya, Yaponiya, Xitoy, Rossiya va boshqa mamlakatlarning nufuzli mutaxassislarini ta’lim jarayoniga jalb qilish, yurtimizda xorijiy mamlakatlar universitetlarining filiallarini ochish, yoshlarimizning xorijda malaka oshirishi yoki o‘qishi uchun imkoniyat yaratishga alohida e’tibor qaratishining boisi ham shunda.
Mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim dargohi hisoblangan Samarqand davlat universiteti jamoasi ham o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, yaqin yillarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlarni belgilab olgan. Universitet rektorati ta’limning sifati va samaradorligini oshirish, boshqaruv tizimini optimallashtirish maqsadida fakultetlar va kafedralar sonini ta’lim yo‘nalishlari, talabalar kontingenti, ilmiy darajali professor-o‘qituvchilar tarkibi, moddiy-texnik baza bilan ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqib qaytadan shakllantirdi. Ilmiy salohiyatni oshirish maqsadida har bir ta’lim yo‘nalishidan yiliga kamida bir nafar yosh xodimni xorijga o‘qish yoki malaka oshirish uchun yuborish belgilandi. Uch yil va undan ortiq muddatda ishlab kelayotgan va ilmiy ish bilan faol shug‘ullanmayotgan o‘qituvchi va texnik xodimlar uchun xorijda o‘qish va til o‘rganishni o‘z ichiga olgan "Yo‘l xaritasi" tuzildi. Bir yil ichida falsafa doktorligi va fan doktorligini himoya qiluvchi 9 ta ilmiy kengash tashkil qilindi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademiklari – T.Mo‘minov, M.Ashurov, Sh.Alimov, T.Rashidov o‘quv-ilmiy jarayonga jalb qilindi.
Universitetda ta’lim sifatini yaxshilash maqsadida har bir kafedra mudiri va professor-o‘qituvchi bilan darslarni sifatli o‘tish, ayniqsa, mustaqil ta’limga katta e’tibor qaratish, talabalar bilimini xolisona va adolatli baholash, iqtidorli yoshlarga individual yondashish, ilmiy tadqiqotlar natijaviyligini ta’minlash bo‘yicha maslahat-suhbat o‘tkazildi. 2017-2018 va 2018-2019 o‘quv yillarida o‘qishga qabul qilingan talabalarning savodxonlik darajasi va tanlangan mutaxassisliklari bo‘yicha bilimini aniqlash maqsadida qo‘shimcha sinovlar o‘tkazildi. Bu tadbirlar asosida iqtidorli guruhlar tashkil qilindi.
Matematika, fizika, kimyo va biologiya ta’lim yo‘nalishlarida o‘quv predmetlarining bir qismi rus va ingliz tillarida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yildi. 2017-2018 o‘quv yili davomida matematika, fizika, filologiya, O‘zbekiston tarixi, xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislikka yo‘naltirilgan yangi adabiyotlar yaratildi.
Bundan tashqari, ayni paytda universitetning xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ham hamkorligi rivojlanib bormoqda. Bu borada keyingi yillarda o‘ndan ortiq davlatlarning mamlakatimizdagi elchilari, jahondagi reytingi baland o‘quv yurtlari rahbar va olimlari ilm dargohimizga kelib, hamkorlik istiqbollarini belgilab oldik. Yaqinda esa xalqaro Nobel mukofoti sohibi, nufuzli olim Aziz Sanjar universitetimiz mehmoni bo‘lib, professor-o‘qituvchilar va talabalar bilan uchrashdi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining ta’lim va tarbiya sohasidagi tub islohotlarni yuksak bosqichga ko‘tarish, mamlakatimizning taqdiri va kelajagi uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yangi avlod kadrlarini voyaga yetkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish hammamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas burchimizdir, degan so‘zlari bugun universitetimiz jamoasi uchun dasturilamal bo‘lmoqda.
Sh.MAXMATMURODOV,
SamDU professori.