Ta’lim falsafasi
Boshpanasiz maktab
Keyingi vaqtda Xitoy o‘zining olamshumul yutuqlari bilan dunyo afkor ommasini hayratga solmoqda. Mamlakat nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, ilmiy va ta’limiy sohalarda ham katta yutuqlarga erishmoqda. O‘tgan yillarda bo‘lib o‘tgan PISA tadqiqotlari va xalqaro fan olimpiadalari natijalariga ko‘ra, xitoylik o‘quvchilar dunyo bo‘yicha peshqadamlikni egallabdi. Shu omillar sabab "Uchitel Uzbekistana" gazetasining 2025-yil 28-noyabr sonidagi Marina Nikolenkoning "Xitoy tajribasi saboqlari" sarlavhali maqolasini katta qiziqish bilan o‘qidim. Shundan so‘ng mavzu bilan yaqinroq tanishish maqsadida internet tarmoqlarini titkilashga kirishdim va XXR ta’lim tizimi haqida muxbirning maqolasida e’tibordan chetda qolib ketgan ma’lumotlarga duch keldim. Ma’lum bo‘lishicha, Xitoyda boshlang‘ich ta’lim gazetada yozilganidek, olti yillik ekan. Bola 1-sinfga sinov orqali qabul qilinadi, ammo maqolada buning sababi haqida bir nima deyilmagan.
Bundan shunday xulosa chiqardimki, Xitoy maktablarida o‘quvchilarni saralash 1-sinfdanoq boshlab yuboriladi va bolalarga qobiliyatiga qarab ta’lim beriladi. O‘quvchilar uchun navbatdagi imtihon olti yildan so‘ng o‘tkazilib, keyin o‘rta talim bosqichi boshlanadi. Shu joyda bir nomuvofiqlik e’tiborimni tortdi: sinovdan o‘tolmagan o‘quvchilar qabul imtihonlarisiz o‘z yashash joylaridagi maktablarda o‘qishni davom ettirishlari mumkin ekan. Xo‘sh, yashash joylaridan tashqaridagi maktablar qanaqa bo‘ladi-yu, nima uchun ularda o‘qish uchun imtihondan o‘tish kerak ekan?
Bu bir vaqtlar o‘zimizda faoliyat ko‘rsatgan mashhur "Qorako‘l maktablari"ni eslatmayaptimi? Masalan, Urgut tumanida ham shunday maktab - "Iqbol" litseyi mavjud edi. Unga ham o‘quvchilar sinov bilan qabul qilinardi. O‘sha maktab o‘quvchilari xuddi xitoyliklardek oliy o‘quv yurtlariga kirishda 98-100 foizlik natija ko‘rsatardi. Viloyat xalq talimi boshqarmasining sobiq boshlig‘i Azamat Umarovning so‘zi bilan aytganda: "Olimpiada va boshqa tanlovlarda viloyat maktablari ularga teng kelolmasdi".
Ammo hozir qani o‘sha maktab? Butun viloyatga dong‘i ketgan "Iqbol" litsey-maktabining tugatib yuborilganiga ko‘p yillar bo‘ldi. Maktabda jonkuyar ustoz G‘aybiddin Fazliyev rahbarligida faoliyat ko‘rsatgan fidoyi ustozlar allaqachon pensiyaga chiqib, ba’zilari vafot etib ketishdi. Yaqinda o‘sha yillarda tuman xalq talimi bo‘limini boshqargan hurmatli ustozimiz bilan hamsuhbat bo‘lib qoldim. Sobiq mudir "Iqbol" maktabining tugatilishi ish faoliyatidagi yo‘l qo‘ygan eng katta xatosi bo‘lganini mardlarcha tan oldi. O‘sha maktabning ma’naviy merosxo‘ri hisoblangan 136-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi hozir Samarqand davlat universiteti qoshidagi aniq fanlarni o‘qitishga ixtisoslashgan maktabning binosida ijarachi maqomida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu IDUM ham tugatilarmish, degan uzunquloq gaplar yuribdi. Axir o‘sha mashhurlik davridayam 54-o‘rta maktabning bir burchagida jon saqlagan "Iqbol" litsey-maktabining boshpanasi bo‘lmagandi-da. Uning tugab ketishiga ham bosh sabab balki shu bo‘lgandir... Axir binosiz maktabni tasavvur qilib bo‘ladimi?
Ta’limdagi turbulentlik
Turbulentlik - bu tabiat hodisasi bo‘lib, suyuqlik va gazlardagi oqimlar uyurining tartibsiz harakatlanishiga aytiladi. Turbulentlik suv va havo kemalari harakatini beqarorlashtirib, ba’zan xatarli vaziyatlarni paydo qilishi mumkin.
Men umrim davomida ta’lim sohasida o‘tkazilgan ikki katta tajribaning guvohi bo‘ldim. Oldindan aytib qo‘yay: ikkalovi ham mutlaqo kutilmagan teskari natija bilan tugadi. Albatta, tajribadagi salbiy natija ham natija hisoblanadi. Biroq ushbu o‘zgarishlarning eng yaramas jihati shu bo‘ldiki, ular avval tor doirada sinab ko‘rilmasdan, birdan butun mamlakat miqyosida joriy etildi. O‘zgarishlarning birinchisi o‘tgan asrning 60-yillari oxiri va 70-yillar boshida bo‘lib o‘tdi. O‘shanda faoliyat ko‘rsatib turgan turli maktablar tugatilib, o‘rniga yagona nusxa va andazadagi o‘rta ta’lim muassasalari tashkil etildi. Ta’lim tizimining bu tarzdagi birxillashuvi maktablar orasidagi raqobatga chek qo‘ydi. O‘sha davrdan meros bo‘lib qolgan "Ikkisiz va ikki yilliksiz!" degan bo‘lmag‘ur tamoyilga hozirgacha amal qilib kelinmoqda.
Ikkinchi o‘zgarish mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan keyin, 1997-yilda amalga oshirildi va ozodlik shabadasi uyg‘otib yuborgan yangi ta’lim g‘unchalarini juvonmarg qilib ketdi. Bunga yangi asrimiz boshida tugatib yuborilgan, biz yuqorida aytib o‘tgan maktab yaqqol misol bo‘la oladi. O‘shanda ham turli maqomlarda faoliyat yuritib kelayotgan gimnaziyalar, litseylar, ixtisoslashgan va oddiy o‘rta maktablar - barchasi taroqning tishidek teng qilinib, 9 yillik bir xildagi umumta’lim maktablarga aylantirib yuborildi. Maktablardagi ta’lim mezoni - yakuniy natija ko‘zga ko‘rinmagach, ish samaradorligiga e’tibor susaydi. 2017-yilda joriy etilgan yangi tartib ta’lim tizimidagi beqarorlikni yanada kuchaytirdi. Natijada kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar tugatilib, binolari turli vazirliklarga hadya qilindi. Ba’zi kasb-hunar kollejlari binosi turarjoy, yotoqxona va hatto kasalxona bo‘lib ketgan holatlar ham bo‘ldi.
Azaldan ma’lumki, ta’lim tizimi beqarorlikni yoqtirmaydi. Chunki undagi mehnat natijasi yillar davomida ro‘yobga chiqadi. Mana, hozir o‘ylanmay qilingan o‘sha o‘zgarishlar oqibatini faoliyatimizda his qilib turibmiz. Qani o‘sha dong‘i ketgan maktablar? Qani oliy hurmatga sazovor bo‘lgan fidoyi ustozlar? Hozir hurmat negadir ustozga emas, sertifikatga qaratilmoqda. Ta’lim-tarbiya bu yoqda qolib, hamma sertifikat ishqida. Unga erishish uchun ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan usullar o‘ylab topilmoqda.
"Podrobno.uz" internet saytining xabar berishicha, huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari Namangan viloyatida sertifikat olib berishga ko‘maklashuvchi jinoiy guruhni fosh etgan. Ular faoliyatini "bunker" usulida tashkil qilib, sertifikat orzumandlariga test javoblarini telefon va boshqa turdagi aloqa vositalari yordamida yetkazib turishgan. O‘zim bir hamkasbimdan sertifikat uchun olajak bir yillik ustamasini berganligi haqida eshitdim. Yana menga yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, sertifikat ishqibozlari sinovda tushadigan savollarni yodlab, shu orqali imtihon topshirar ekan.
Albatta, bular barisi muztog‘ning bizga ko‘rinib turgan kichik bir bo‘lagi, xolos. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: shu tariqa olingan qalbaki hujjatlar bilan ta’lim samaradorligini oshirib bo‘ladimi? Nahotki ustama va mukofotlar mehnat natijasiga qarab emas, shubhali yo‘llar bilan olingan qog‘ozlarga qarab berilsa? Men bu bilan sertifikatini haqqi-halol yo‘l bilan olgan bilimdon fidoyi o‘qituvchilar sha’niga dog‘ tushirish fikridan yiroqman. Ammo qat’iy ishonchimga ko‘ra, qo‘shimcha ish haqi va mukofotlar sertifikatga emas, ta’lim samaradorligiga qarab berilishi kerak. Buni aniqlashning juda oddiy va sinalgan usullari mavjud. Masalan, sinfda u yoki bu fan bo‘yicha nechta a’lochi o‘quvchi borligini yoxud maktab bitiruvchilaridan qanchasi oliy o‘quv yurtlariga qabul qilinganligini aniqlash kerak, xolos!
Muammoning echimi bormi?
Bu borada maktablarda latifanamo voqealar ham bo‘lib turadi. Bir talabchan o‘qituvchining ijtimoiy tarmoqlarda yozishiga qaraganda, shogirdiga qo‘ygan bitta past bahosi uchun ustamadan mahrum etilibdi. Bunda umumiy natija hech kimni qiziqtirmagan. Menimcha, ustama baho yoki quruq qog‘ozga emas, ish natijasiga qarab berilishi kerak edi. Chunki baho ham, sertifikat ham samarali ta’lim berish yo‘lidagi vositalardir. Afsuski, bizda ko‘p holda vosita maqsadga aylanib bormoqda. Baholash usullarining har zamon-har zamonda o‘zgarib turishi, qog‘oz hujjatlarning orzu darajasiga ko‘tarilishi yoki qog‘ozbozlikning kuchayishi ana shu jarayonning oqibatlaridir. Ta’lim sohasi jonkuyarlaridan biri Komiljon Jalilovning qayd etishicha, sohamizda aniq bir ta’lim falsafasi mavjud emas. Uning fikricha, maktablarimiz bolani shunchaki, andarmon qilib o‘tiradigan joy bo‘lib qolmoqda. Uning fikriga zarafshonlik mohir pedagog Erkinjon Yarashevning quyidagi so‘zlari hamohang keladi:
"Nega milliy taomlarimiz, milliy kiyimlarimiz, milliy urf-odatlarimiz, milliy qadriyatlarimiz bor-u, milliy o‘quv dasturimiz yo‘q?", deya yozg‘iradi u. Yana bir jonkuyar, biologiya fani o‘qituvchisi B.Karimovning gapi ham Komiljonning yuqoridagi so‘zlariga mos tushadi:
"Men bugun ta’lim tizimimizdan biror nima kutmayapman. O‘rta maktablar bolalarning bo‘sh vaqtini o‘tkazishi, ularni jinoyatchilikdan asrab turish uchun, nomigagina, ma’lumoti haqida hujjat berishga xizmat qiladi, xolos".
Ammo unga ustoz Hulkaroy Azimova e’tiroz bildiradi: "Maktablarda ham zo‘r o‘quvchilar ko‘p. Bizning maktabda o‘quvchilarimizning doim 90-100 foizi oliy ta’limga o‘qishga qabul qilinadi. Xalqaro oliygohlarga ham muddatidan oldin kiryapti".
Qizig‘i shundaki, Karimov aytgan maktabda ham, Hulkaroy Azimovaning maktabida ham o‘qituvchilarga bir xil tartibda ish haqi to‘lanadi. Bu adolatsizlik emasmi? Prezidentimiz aytgan o‘sha 1000 dollarlik maoshni Hulkaroyning maktabiga o‘xshash bilim dargohlarida ishlaydigan o‘qituvchilarga berish kerak. Ana shundan keyin boshqa maktablarda ham harakat paydo bo‘lsa, ajab emas.
Nazarimda, ta’lim falsafasi bitta - u ham bo‘lsa, o‘quvchiga yaxshi bilim berish. Qolgan barcha jarayonlar shuning atrofida aylanishi kerak. Bizning diqqat-markazimiz sertifikat yoki qog‘ozbozlikka qaratilsa, hech nima o‘zgarmaydi! Shu ma’noda, avval ko‘p marta aytganim va vazirlikka bergan takliflarimni yana bir bor takrorlayman. Bizda ham o‘zimizda bir vaqtlar bo‘lgan va hozir xitoyliklar amalda qo‘llayotgan imtihon bilan o‘qishga qabul qiladigan namunali o‘rta maktablar bo‘lishi zarur. Ularda oliy toifali malakali o‘qituvchilar ishga olinib, yuqori ish haqi berilishi kerak. Bunday maktablar atrof mahallalardagi bilimga chanqoq yoshlarni katta hayotga tayyorlashi lozim. Ana shunda biz ham xuddi xitoyliklar singari qobiliyatli o‘quvchilarni ro‘yobga chiqaramiz va xalqaro sinovlarda yaxshi natijalarga erishishimiz mumkin. Shu orqali raqobat maydoni vujudga kelib, zora, boshqa oqsayotgan maktablarda ham jonlanish paydo bo‘lsa. Xitoy tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda malakali kasb-hunar ta’limi ham bo‘lishi zarur. Chunki xalq xo‘jaligiga faqat ilmiy xodimlar, ziyolilar va injenerlardan tashqari malakali ishchilar, xizmatchilar, quruvchilar kabi o‘rta soha mutaxassislari ham juda kerak.
Xudoyberdi KOMILOV,
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zosi.