Targ‘ibot ishlaridan so‘ng 270 million so‘m aliment to‘landi
Jumladan, majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat hokimligi, ichki ishlar boshqarmasi, bandlik va mehnat munosabatlari bosh boshqarmasi, "Mahalla" xayriya jamoat fondi va boshqa idoralar hamkorligida qo‘shma farmoyish qabul qilinib, hududlarda aholi bilan uchrashish, ularning muammolarini hal qilish, xotin-qizlar, yoshlar va voyaga yetmaganlarning manfaatlarini ta’minlash ishlari olib borilyapti.
Ayniqsa, voyaga yetmagan farzandlar moddiy ta’minoti uchun qarzdor fuqarolardan aliment (nafaqa) undirishda to‘lashdan bo‘yin tovlab kelayotgan qarzdorlarni jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘ydik. Ushbu yo‘nalishda mahalla faollari bilan hamkorlikda 214 ta huquqiy targ‘ibot ishlari amalga oshirilib, qarzdor fuqarolardan 269,1 million so‘m aliment pullari undirildi. 51 nafar oila yarashtirilib, sog‘lom muhitda bolalar ulg‘aymoqda.
Targ‘ibot ta’sirida shuncha mablag‘ ixtiyoriy to‘lab berilgani, oilalarning yarashgani ijobiy holat, albatta. Ammo shunday insonlar borki, nafaqat tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari, balki majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘zg‘atilgan ish yurituvidan so‘ng ham o‘z farzandi ta’minotidan qochishga harakat qiladi. Birgina joriy yilda 464 nafar qarzdor fuqaro aliment pullarini to‘lashdan bosh tortib, O‘zbekiston Respublikasidan chetga chiqib ketishga harakat qilgan. Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu qarzdor fuqarolarning xorijga chiqib ketishi oldi olinib, 489,6 million so‘m aliment pullari undirildi.
Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan, qarzdor Valibek Shodmonovdan undiruvchi Shoira Malikova foydasiga voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish haqidagi ijro hujjati kelib tushgan. Davlat ijrochisi tomonidan qarzdorga ijro hujjati talablari tushuntirilib, ixtiyoriy muddat berilgan bo‘lsa-da, qarzdor tomonidan davlat ijrochisining talablari bajarilmagan. Bu kabi insonlarning mavjud qoidalar ijrosidan qochishidan ko‘ra, farzandi ta’minotidan bosh tortishi yanada achinarlidir.
Majburiy ijro byurosiga turli nizolar sabab ajrashgan oilalar o‘rtasida topilgan umumiy mulkdan hissa undirish va mol-mulkni bo‘lish bo‘yicha ham qator ijro harakatlari amalga oshirilgan. Xususan,Samarqand shahrida yashovchi oilalardan biri ajrashgach, da’vogar Dilbar Sarimsoqovaga javobgar Ro‘zi Qosimovdan umumiy mulkdan hissa undirish bilan birga, javobgarga tegishli korxona ulushining yarmi D.Sarimsoqovaga olib berildi.
Mehroj NASRULLAYeV,
majburiy ijro byurosi viloyat
boshqarmasi boshlig‘ining
o‘rinbosari.