To‘ylar baxt maydonimi yoki bahs maydoni 

“Bitta mulla, uch so‘m pul, bir kalla qand” degan ibora asrlar davomida xalqimizning to‘y-marosimlarga bo‘lgan hayotiy, oqilona va tejamkor munosabatini ifoda etib kelgan.

Bu xalqona hikmat ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikdan yiroq bo‘lishni, eng muhimi esa marosimning tashqi ko‘rinishi emas, uning ma’naviy mazmuni ustuvor ekanini anglatgan.

Afsuski, bugun biz to‘yni ma’nodan ayirdik. Uni shukuh, dabdaba bilan almashtirdik. Aslida esa to‘y — kimnidir hayratga solish yoki boshqalar bilan musobaqalashish maydoni emas. U nikoh asnosidagi muqaddas oilaviy marosim, ikki yosh taqdirining bir nuqtada tutashuvi, ikki oilaning bir-biriga qo‘shilishi bilan bog‘liq qadimiy va qutlug‘ an’ana. Yoshlarning hayot yo‘lini shovqin-suron, dabdaba va isrof orqali emas, balki samimiyat, oqilona qaror, yaxshi niyat va pok umidlar bilan boshlash pallasidir. Chunki to‘yning asl mazmuni tashqi ko‘rkamlikda emas, balki uning ichki mohiyatidadir. U — ikki yoshning yangi hayot sari qo‘ygan ilk qadami, bir-biriga bergan va’dasi, ota-onalar duosi va yaqinlarning samimiy tilaklari bilan asl ma’no kasb etadi. Qimmatbaho bezaklar, to‘kin dasturxon yoki ortiqcha marosimlar esa bu muqaddas onlarning mohiyatini belgilab berolmaydi.

Biroq, afsuski, keyingi yillarda to‘ylar o‘z asl mohiyatidan uzoqlashib, kimo‘zarlik bahsiga aylanib borayotgani sir emas. Bugun to‘y orqali oilaning baxt eshigi ochilayotgandek emas, balki oilalarning “imkoniyati”, “qudrati” va “qo‘li ochiqligi” namoyish etilayotgandek tasavvur uyg‘onadi.

Kim ko‘proq mehmon chaqirdi, kim ko‘proq jonliq so‘ydi, kim qimmat restoranni tanladi, kim dongdor san’atkorlarni taklif qildi — to‘yning qadr-qimmati ana shu mezonlar orqali o‘lchanadigan holatga kelib qoldi. Natijada to‘y marosimi baxt va baraka ramzi bo‘lish o‘rniga kimo‘zarlik, dabdaba va ko‘z-ko‘z qilish maydoniga aylanib borayotgani achinarli haqiqatdir.

Eng yomoni, bu musobaqada “g‘olib” chiqish istagi ko‘plab oilalarni imkoniyatidan ortiq xarajat qilishga, qarzga botishga, hatto yillab mehnat qilib topgan mablag‘ini bir kunlik dabdabaga sarflashga majbur etmoqda. “Undan nimam kam?”, “Odamlar nima deydi?” kabi havoyi gap-so‘zlar esa bu kimo‘zarlik poygasining asosiy “yoqilg‘isi”ga aylanib qolgan.

Avvallari to‘ylar har bir oilaning imkoniyati va ehtiyojlariga qarab o‘tkazilar, orzu-havaslar o‘rtasida sezilarli farq bo‘lar edi. Har bir oila o‘z imkoniyatidan oshirmay, to‘yni mazmunan boy va ma’naviy jihatdan to‘kin tarzda tashkil etardi. Bu nafaqat moddiy, balki ma’naviy barqarorlikni ham ta’minlar edi. To‘yning asosiy ahamiyati ko‘rgazmalikda emas, oilaviy bag‘rikenglik va mehr-muhabbatda namoyon bo‘lardi. Hozirgi zamonda esa vaziyat tamoman o‘zgardi. “Birovdan kam bo‘lmaslik” ruhiyati kuchayib, ko‘pchilik to‘yni ijtimoiy bosim va ko‘rgazmalik uchun tashkil qila boshladi. Insonlar o‘z imkoniyatidan ko‘ra, atrofdagilarning fikrini ko‘proq o‘ylaydi. Bu esa nafaqat iqtisodiy bosimni, balki ma’naviy zo‘riqishni ham keltirib chiqarmoqda.

To‘yga sarflangan mablag‘lar ko‘p hollarda oilaning kelajagi uchun zarur bo‘lgan uy-joy, ta’lim yoki sog‘liqqa sarflanishi mumkin bo‘lgan resurslarni so‘rib olyapti. Natijada to‘y baxtning boshlanishi bo‘lish o‘rniga, ota-onaning imkoniyati tugashi, yoshlarning xotirjamligi yo‘qolishi va qarzlarning boshlanish nuqtasiga aylanmoqda. Ayrimlar esa hatto kredit olib, bir kechalik shov-shuvli to‘y qilishga urinadi. Shu asnoda bir kunlik dong tarqatuvchi to‘y egasi uzoq yillik “jabrdiyda”ga aylanadi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videoni ko‘rib, odam beixtiyor o‘yga toladi. Qashqadaryo viloyatidagi oddiy bir to‘y manzarasi: o‘nlab jonliq so‘yilgan, dasturxonlar to‘ldirilgan. Ammo shu manzara ortidagi haqiqat yanada achchiq: to‘y egasining ham, qo‘shnilarining ham uy-joylari tomi shifersiz, hovlisi bitmagan, hammomi yo‘q, hatto biror daraxt ham ekilmagan. Ya’ni, kundalik hayot uchun zarur eng oddiy sharoitlar yetishmaydi, ammo bir kunlik to‘y uchun katta xarajat qilish odatga aylangan.

Bu muammoni o‘zbek blogerlari ham ko‘tarib chiqmoqda. Ular boshqa davlatlar tajribasini misol qilib keltiradi. Masalan, Eronda ba’zan to‘y oddiygina shirinlik va qahva bilan o‘tib ketverar ekan. Germaniyada esa ko‘plab to‘ylar, shvedcha stol shaklida, besh-olti xil gazak va shirinlik bilan kamtarona, isrofsiz tashkil etiladi. Hech kim to‘yni “odamlar nima deydi” degan musobaqaga aylantirmaydi. Bizda esa ayrim to‘yxonalarda dasturxon “seroblik belgisi” sifatida qavat-qavat qilib taxlanadi. Stol ustida idishlar shunchalik ko‘p joylashtiriladiki, mehmon nafaqat bemalol ovqatlana olmaydi, hatto o‘tirishning o‘zi noqulay bo‘lib qoladi. Eng achinarlisi, bu qadar ko‘p qo‘yilgan taomlar, shirinliklar va mevalarning katta qismi yeyilmay qolib ketadi. Tabiiy savol tug‘iladi: qolgan taomlar taqdiri nima bo‘ladi? Ular chiqindiga chiqariladimi? Bu esa nafaqat isrof, balki uvol hamdir...

To‘ydagi mezon, miqdor bilan emas, me’yor va aql bilan belgilansa, ortiqcha manmanlik va riyokorlikdan biroz chekinib, mo‘’tadillikni tanlasak. O‘rtacha, ammo tartibli va chiroyli dasturxon — ham mehmonga qulay, ham rizqqa hurmat, ham jamiyat uchun ibrat bo‘ladi. Shu holatda to‘ylarimiz yengilashsa, hayotimiz ham yengilashadi.

Biz qachonki “odamlar nima deydi” degan qo‘rquv bilan yashashni to‘xtatib, to‘ylarimizni «odamlar nima desa desin» tarzida o‘tkazsak, tejalgan pulni salomatligimizga, ta’limga, oila farovonligi uchun sarflasak, shunda to‘yda nimadir kam bo‘lsa ham, eng muhimi hayotimiz to‘kis bo‘ladi.

Shuhrat Normurodov.