Tug‘ruqxona bo‘limi yangi binoda
Shu paytgacha mazkur tibbiy muassasaning akusherlik va ginekologiya bo‘limlari bir binoda faoliyat yuritgan. Ushbu holat me’yoriy talablarga to‘g‘ri kelmasa-da, majmua shifokorlari shunday sharoitda ishlashga majbur edi.
Muassasaning ancha vaqtdan buyon foydalanilmay kelayotgan binosi 2017 yil investitsiya dasturiga kiritilib, 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga kapital ta’mirlandi.
– Binoda zarur sharoit yo‘qligi bois faoliyatimizda turli muammolar yuzaga kelardi, – deydi tug‘ruq majmuasi bosh shifokori Lola O‘amroyeva. – Bo‘limning har tomonlama qulay, zamonaviy binoda faoliyatini davom ettirishi ishimizni tartibli, samarali tashkil etishga yordam beradi. Eng muhimi, homilador ayollarning salomatligini doimiy nazorat qilish va sog‘lom farzandlar tug‘ilishiga xizmat qiladi. 2018 yil investitsiya dasturi bo‘yicha akusherlik bo‘limi binosi ham kapital ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlanadi.
Qirq besh o‘ringa mo‘ljallangan yangi bo‘limda ultratovush tekshiruvi, kolposkopiya, EKG, tahlilxona, kichik operatsiya xonalari tashkil qilingan. Shuningdek, qabul bo‘limi, ko‘rik va muolaja xonalari zarur mebel va tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.
F.HASANOV,
A.ISROILOV (foto).