Ulug‘bek rasadxonasi yoyini tiklasa bo‘ladimi?
XIV–XV asrlarda Markaziy Osiyoda, Amir Temur barpo etgan ulkan davlatda madaniy, iqtisodiy, ijtimoiy hayot, ilm-fan, arxitektura, adabiyot va san’atning jadal rivojida chaqnash sodir bo‘lgani tarixdan ma’lum.
Ushbu xayrli ishlar majmui jamiyat tarixida Temuriylar Renessansi deb nomlandi va uning yorqin yulduzi Muhammad Tarag‘ay Mirzo Ulug‘bek bo‘ldi. Ulug‘bekning ulkan merosi o‘tkan davrlarda o‘rganildi, endilikda o‘rganilmoqda va kelajakda yana ko‘p o‘rganiladi. XX asrda va XXI asr boshlarida Ulug‘bek merosini o‘rganishda ikkita yirik natijaga erishildi: Ulug‘bek shaxsi jahon miqyosida keng targ‘ib qilindi va tarix fanlari doktori, profesor Ashraf Ahmedov Mirzo Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini o‘zbek tiliga tarjima va tadqiq qilib, uni o‘zbek, rus, ingliz va xitoy tillarida nashr ettirdi. Lekin hozircha Ulug‘bek rasadxonasi va undagi astronomik jihozlar to‘liq o‘rganilmagan.
Falakiyot ilmi tarixida, Mirzo Ulug‘bekning Samarqand rasadxonasi, Yevropa Renessansigacha eng mukammal davlat rasadxonasi bo‘lgan. Chunonchi, hozir Samarqanddagi “Ulug‘bek rasadxonasi” nomi bilan mashhur yodgorlik, Ulug‘bek rasadxonasi emas, balki u Ulug‘bek rasadxonasining, Ulug‘bek ixtiro qilgan bosh astronomik jihozi, jihoz-bino, qo‘shyoyli devoriy kvadrant.
Ma’lumki, Ulug‘bek 1420-1424 yillarda bunyod qilingan rasadxonada 30 yillik astronomik kuzatishlar tugashi bilan vafot etadi. Uning shoh asari “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” mukammal tugallanmay qoladi. Shunda Ulug‘bekning shogirdi, “farzandi arjumandi” Ali Qushchi ustozi ishini davom etirishga qaror qiladi va 20 yil davomida rasadxonada mehnat qilib, “zij”ni mukammal tugatadi va uni olib Turkiyaga safar qiladi. XVII asrda ingliz olimi Jog Grivs (1602–1652) Turkiyaga safari chog‘ida Ali Qushchi Turkiyaga olib kelgan “Ziji Jadidi Ko‘ragoniy” asari bir nucxasini qo‘lga kiritadi. 1648 yilda Samarqanddagi mashhur Ulug‘bek rasadxonasida bajarilgan asosiy ishlarning kichik bir qismi birinchi marta Oksfordda nashr etildi. Asarni Oksford universiteti kafedra professori Jon Grivs sharhlab, nashrga tayyorladi. Bu davrda Yevropada Samarqand rasadxonasi haqida ma’lumotlar kam bo‘lib, Ulug‘bek rasadxonasiga qiziqish uyg‘ondi. Arxeolog V.Vyatkin 1908-1909 yillarda ko‘p urinishlardan so‘ng Zahiriddin Muhammad Boburning «Boburnoma», Abu Tohirxoja (vafoti 1874 y.)ning «Samariya» asarlari va XVII asrga oid vaqf hujjatlari asosida Ulug‘bekning Samarqanddagi rasadxonasini topadi. Bu manbalarda Ulug‘bek rasadxonasi (Tallirasad) – rasadxona tepaligi Obirahmat arig‘i yaqinidagi «Naqshi Jahon» degan manzilda joylashganligi yozilgan va shu ma’lumotlarga asosan qazish jarayonida, chuqurligi 11 metr, kengligi 2,5 metr bo‘lgan handaqda, Ulug‘bek ixtirosi, rasadxonaning bosh asbobi, jihoz-bino qo‘shyoyli devoriy kvadrantning bir qismi aniqlandi.
Shundan boshlab mazkur jihozning qiyofasi qandayligi kun tartibida dolzarb muammoga aylandi. Jumladan, kvadrant yoyi. 1980 yilda sobiq ittifoqning “Zemlya i vsellanaya” jurnali 5-sonida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, Respublika astronomiya institutining direktori V.Щyeglovning “Ulug‘bek kvadranti plitalarini izlaymiz?” maqolasi e’lon qilindi. Maqolada qayd qilinishicha, arxeologik qazishmalarda topilgan jihozning yoyi bir-biriga zich jipslashtirilgan kulrang marmar plitalardan tashkil topgan. Ularning bir tomoni aylana yuzasi bo‘ylab silliqlangan, kengligi 29 sm., qalinligi 10 dan 20 sm.gacha bo‘lib, har bir plitaning vazni qariyb 100 kilogrammni tashkil etadi. Kvadrant yoyning yarmi (45 darajagacha) yer ostida joylashgan, qolgan qismi esa yer sathidan 29 metrgacha balandlikka ko‘tarilgan.
Afsuski, asbobning yer ostidagi yoyining faqat 57 darajadan 90 darajagacha bo‘lgan qismi saqlanib qolgan. Bundan tashqari, yoyning yer usti qismiga tegishli 19 daraja, 2 0daraja va 21 darajali ikkita plita hamda sharqiy yoyning 1 darajaga mos keluvchi so‘nggi yuqori plitasining cheti topilgan. Restavratsiya jarayonida bu plita jihozning sharqiy yoyiga yo‘nalishi 180 darajaga farq qilgan holda xato o‘rnatilgani ma’lum bo‘ldi. Bugungi kunga kelib, asbobning 57 darajadan 90 darajagacha va 19 darajadan 21 darajagacha bo‘lgan ikki yoyini qamrab oluvchi jami 60 ta plita saqlanib qolgan. Asbob yoyining 1 darajadan 18 darajagacha hamda 22 darajadan 56 darajagacha bo‘lgan qismlariga tegishli plitalar topilmagan. Plitaning o‘rtacha uzunligi 80 sm. ekanligini hisobga olinsa, bedarak ketgan plitalar soni 100 ga yaqin bo‘lishi kerak, ya’ni bu saqlanib qolganlaridan deyarli ikki baravar ko‘pdir.
Rasadxona vayron qilinganidan beri o‘tgan vaqt mobaynida ulkan marmar plitalar butkul yo‘q bo‘lib ketishi mumkin emas. Xo‘sh, ular qayerda? Katta ehtimol bilan, uzunligi bir metrga yaqin bo‘lgan, silliqlangan yuzasida o‘ziga xos ariqchalari bor ushbu marmar monolitlar Samarqand shahri yoki unga yaqin bo‘lgan qishloqlarda bo‘lishi mumkin. Yo‘qolgan yuzta plitadan, hatto, ikki-uchtasining topilishi ham fan uchun ulkan ahamiyatga ega. Lekin murojaatlarimizdan o‘tgan davr davomida muammo o‘z yechimiga ega bo‘lmadi.
Mutribiy Samarqandiyning «Nusxayi zeboiy Jahongir» tazkirasi qo‘lyozmasining Angliyada saqlanuvchi nusxasi mikrofilmi professor Ashraf Ahmedov tomonidan yurtimizga olib kelingach va olim Ismoil Bekjonov tomonidan o‘rganilib, Eronda fors tilida chop etilgach, shu manba asosida Ulug‘bek rasadxonasi so‘nggi taqdiriga ham aniqlik kiritildi va bu haqda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining 1996 yil 5 aprel sonida “Ulug‘bek rasadxonasining biz bilmagan tarixi” va 2006 yildagi 13-sonidagi “Ulug‘bek rasadxonasini kim buzdirgan?” maqolalarida qayd qilinganidek, Ali Qushchi Turkiyaga safar qilgach, Ulug‘bekning astronomik saroyi, yuz yildan ortiq vaqt davomida huvullab, bo‘shab qoladi.
1580-1592 yillarda (1424 – 1580/1593 = 156/168) Samarqand hokimi Hojibiy Otoliq Do‘rmon ul o‘xshashi yo‘q latif imoratni buzib tashlab, g‘isht va boshqa qurilish anjomlarini Shodmulk Oqo ( XIV asrning ikkinchi yarmi – XV asr boshlarida yashagan) ko‘prigini ta’mirlashga ishlattirdi. Shodmulk Oqo Ko‘hak suvi (daryosi) ustiga qurdirgan ko‘prik, Sulton Sa’id (1551, 1557 — 1572 yillari Samarqandda xonlik qilgan) zamonida o‘tish joyi bo‘lgan toqining o‘rtasidan ancha joyi o‘pirilib tushgan va har ikki tomonidan bir qarich miqdorda saqlanib qolgan. Hojibiy Otoliq Do‘rmon (mazkur rasadxona g‘ishtlaridan) bu buzilgan toq yoniga yana bir toq qurdirdi. Lekin biroz vaqtdan so‘ng suv toshqini ro‘y berib, uni tag-tugi bilan qo‘porib tashladi. Rasadxona xarobasi vaqt o‘tishi bilan tuproq ostida ko‘milib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi.
O‘tgan davr davomida Samarqandda takror va takror bo‘lgan paytlarimizda, olim va mutaxassislar bilan muloqat qilinganida yuqorida qayd qilingan Ko‘hak daryosida bunyod bo‘lgan Shodmulk Oqo ko‘prik joyini aniqlab bo‘lmadi.
Xalq xotirasi kuchli! Balki bizning yozganlarimizni o‘qiganlar va bu haqdagi ma’lumotlardan boxabar bo‘lgan samarqandliklar yoki boshqa yurtdoshlarimiz bu to‘g‘risida xabar bersalar, ayni muddao bo‘lardi.

Saidbahrom Azizov,
O‘zFA Temuriylar tarixi davlat muzeyi ilmiy xodimi, astronom.