Uyma-uy o‘rganish sektor faoliyatining mezoni
Bu esa joylarda odamlarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni tezda bartaraf etish, aholining turmush farovonligini oshirishga qaratilgan aniq rejalarni amalga oshirishga turtki berdi.
Qaror asosida tumanimiz hududi 4 ta sektorga taqsimlanib, sektorlar shtablari tashkil qilindi. Har bir sektorda tegishli idoralardan 92 nafar xodimdan iborat ishchi guruhlari hamda jamoat tashkilotlari xodimlari jalb qilingan nazorat guruhlari tuzildi.
Qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tgan yil avgust oyida tuman hokimligida har bir sektor rahbari, ishchi guruh a’zolari hamda aloqador idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida sektorlar faoliyatini tashkil etish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish, monitoring yuritish tizimini joriy etish yuzasidan yig‘ilishlar o‘tkazildi.
Tumanimizda 65 mahalla bo‘lib, tuman hokimi sifatida menga biriktirilgan sektorda 19 mahalla mavjud. Ularda 11 ming 324 xonadon, 14 ming 484 oilada 65 ming 279 nafar aholi istiqomat qiladi. Uyma-uy yurish va aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazish natijasida 9 ming 625 xonadonda 318 ta muammo aniqlanib, uning 100 tasi o‘rganish davomida o‘z yechimini topdi. Muammolardan kelib chiqib, tuman, viloyat va respublika darajasida hal etiladigan 7 yo‘nalishda "Yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi. "Yo‘l xaritasi"ga 1-sektor bo‘yicha 218 muammo kiritilib, 205 tasi hal etildi.
Jumladan, aholini ijtimoiy himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxs va yordamga muhtoj oilalarda 78 muammo aniqlanib, ularning 75 tasi hal etildi va 3 ta masala bo‘yicha qonuniy tushuntirish ishlari olib borildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha 13, aholini uy-joy kommunal sharoitlarini yaxshilash va obodonlashtirish bo‘yicha o‘rganilgan 18 masalaga ijobiy yechim topildi. Ijtimoiy ob’yektlarni qurish va ta’mirlash, yo‘l, elektr energiyasi, gaz, ichimlik suvi va issiqlik tarmoqlarini ta’mirlash masalalari bo‘yicha 38 ta, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va profilaktika qilish yo‘nalishida 6 ta muammo bartaraf etildi.
Sektor hududida 2017 yilda bitta ikki qavatli 16 xonadonga mo‘ljallangan uy qurilib, foydalanishga topshirildi. Profilaktika inspektorlari uchun 10 ta uy qurildi. Nogiron, mehnatga layoqatsiz, kam ta’minlangan va chin yetimlarning ikki nafari barcha sharoitlarga ega bo‘lgan uy bilan ta’minlandi, mehnatga layoqatsiz fuqaroning 11 nafari nogironlik aravachasi, 14 nafari hassa va qo‘ltiqtayoq, 3 nafari eshitish moslamasi bilan ta’minlandi. Umuman, 1-sektor hududidagi 174 ta kam ta’minlangan oilaning belgilab olingan tadbirlar rejasiga asosan, ijtimoiy himoyasini ta’minlash choralari ko‘rilgan.
Hududdagi 1 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli 16 ta ko‘p qavatli uy-joyning texnik holati o‘rganildi, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha manzilli rejalar ishlab chiqilib, amalga oshirildi.
Sektorga qarashli mahallalardagi 3 ming 909 nafar iste’molchi tabiiy gaz va 6 ming 781 iste’molchi suyultirilgan gaz bilan ta’minlanmoqda. Aholining turmush sharoitini yanada yaxshilash maqsadida Go‘zal va Farovon mahallalariga 9,4 kilometr gaz quvuri yangidan tortib kelindi.
Elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun o‘tgan yili sektor hududidagi 148 ta transformatorning 19 tasi mukammal, 37 tasi joriy ta’mirlandi, qolgan 88 ta transformator punktlarida profilaktika ishlari olib borilmoqda. Taraqqiyot mahallasidagi 2,5 kilometr masofada joylashgan yog‘och ustunlarning 64 tasi beton ustunlarga almashtirildi. Go‘zal, Xosa va boshqa mahallalarda qo‘shimcha transformator o‘rnatish ishlari olib borilib, havo liniyalari izolyasiyalangan simlarga, yog‘och ustunlar betonlariga almashtirilmoqda. 2018 yil rejasiga asosan, 13 ta transformator mukammal, 29 tasi joriy ta’mirlanadi.
Hududda ichimlik suvini yaxshilash rejasiga ko‘ra, joriy yilda Juvozxona, Xosa, Do‘stlik mahallalarida suv inshootlari hamda 6,3 kilometr suv tarmoqlari qurish rejalashtirilgan. Yana joriy yilda tuman markaziy va ichki ko‘chalarini ta’mirlash bo‘yicha byudjet mablag‘lari hisobidan Beshqo‘rg‘on, Juvozxona, Do‘stlik, Tohirshayx, Boshqo‘rg‘on mahallalarida 4 kilometr va mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Dehqonobod, Oqtosh, Beshqo‘rg‘on, Fidokor, Birlashuv, Mustaqillik ko‘chalarida 5,5 kilometrga yaqin ichki ko‘chalar mukammal va joriy ta’mirlanadi.
Abdumo‘min JO‘RAYeV,
Payariq tuman hokimi,
1-sektor rahbari.