Vazir va hokim IT Park qurilishi bilan tanishdi
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va viloyat hokimi Adiz Boboyev Samarqand shahrida barpo etilayotgan "IT Park Uzbekistan"ning Samarqand filiali qurilish ishlari bilan tanishdilar.
O‘rganish jarayonida ob’yektda olib borilayotgan qurilish ishlarining holati, bino va infratuzilma yechimlari, hududni obodonlashtirish hamda rezidentlar uchun yaratiladigan shart-sharoitlar muhokama qilindi. Shuningdek, loyihaning texnik va arxitektura jihatlari ko‘zdan kechirilib, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va sifatli amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutasaddilar tomonidan "IT Park" Samarqand filialini hududdagi yoshlar, startap jamoalar va IT-kompaniyalar uchun zamonaviy innovatsion markazga aylantirish bo‘yicha fikrlar bildirildi. Xususan, rezidentlar uchun qulay ish muhiti yaratish, kovorking va ofis hududlarini kengaytirish, zamonaviy konferensiya va ta’lim xonalarini tashkil etish, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, loyiha ustida qo‘shimcha ishlash, qurilayotgan majmuaga zamonaviy va funksional yechimlarni joriy etish maqsadida loyihaga ayrim o‘zgartirishlar kiritish taklif etildi.
Uchrashuv davomida mazkur filial Samarqand viloyatida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, IT xizmatlari eksportini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.