Xattotlik san’ati rivojida Amir Temurning katta hissasi bor

Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan hamda madaniyatga yuksak e’tibor sababli ko‘pgina sohalarda, jumladan, xattotlik san’ti ham rivojlangan. Ayniqsa, Sohibqiron bunga alohida e’tibor bergan va uning saroyida zamonasining eng mashhur xattotlari ijod qilgan. Saltanatining dastlabki yillarida uning xizmatida O‘ylqutliq ismli xos kotibi bo‘lgan.

1375 yilda Amir Temur Amir Qamariddinni ta’qib qilib, Mo‘g‘ulistonga yurish qiladi. Yetti yillik urushdan g‘alaba bilan qaytgach, Samarqandning Konigil mavzesida katta to‘y beradi. O‘sha davr tarixchilari Sharafiddin Ali Yazdiy va Hofizi Abruning yozishlaricha, ikki oy davom etgan ushbu tantanada, Misr, Ifranj, Hind, Dashti Qipchoq, Jete, Oltoy va boshqa o‘lkalardan elchilar hozir bo‘lganlar. Mana shu o‘lkalardan kelgan elchilar orqali yuboriladigan maktublarning mazmuni va bezatilishiga ham sarkarda katta e’tibor beradi.

Masalan, Amir Temur tomonidan Misrga elchi qilib yuborilgan Mavlono Abdulloh Keshiy orqali yuborilgan nomani o‘z zamonasining mashhur xattotlaridan biri Shayx Muhammad bitgan. Maktubning eni 3 gaz, uzunligi 70 gaz (hozirgi o‘lchovda eni 1,8 metr va uzunligi 42 metr) bo‘lgan. “Hammasi oltin suvida, kitobat va husnixat fazilatida bitilgan”, deb Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida fikrlarini bayon etgan.

Shayx Muhammadning otasi Hoji Muhammad Bandgir Tabriziy ham o‘z zamonasining mashhur xattotlaridan edi. U temuriylar saroyida xizmat qilgan. Sohibqiron xizmatidagi mashhur xattotlardan yana biri Mavlono Shamsiddin Munshiy bo‘lib, u sarkardaning Rimga yurishidan oldin, sulton Boyazidga yo‘llagan maktubini bitgan.

Temuriylar davri xattotlik san’atining yirik vakillaridan yana biri Sultonali Mashhadiy (1437-1520 yillar) bo‘lib, uning nasta’liq xat turining ommalashuvida, ayniqsa, Hirot xattotlik maktabining shuhrat qozonishida xizmati katta. Sultonali Mashhadiy Hirotda Alisher Navoiy homiyligida ijod qilib, uning topshirig‘i bilan ko‘plab kitoblardan nusxalar ko‘chirgan. Hozir O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida Alisher Navoiyning Sultonali Mashhadiy ko‘chirgan uchta devoni saqlanmoqda. Sultonali Mashhadiy nafaqat kitoblardan nusxalar ko‘chirishda, balki turli imoratlar va qabr toshlaridagi yozuvlarni yozishda ham mahoratli edi va xattotlik san’ti turlari haqida maxsus risolalar ham yozgan.

Umuman, Markaziy Osiyo xattotlik san’ati tarixida temuriylar davri kitobat san’ati yuqori cho‘qqiga erishgan. Chunki ushbu xattotlik san’atiga Amir Temur asos solgan. Keyinchalik Mirzo Shohrux saltanatida, Hirot, Sheroz va boshqa shaharlarda hamda Husayn Bayqaro hukmronligida, Alisher Navoiy homiyligida xattotlik san’ati rivojlangan. Ayrim Temuriy hukmdorlar xattotlik san’ati rivojiga hissa qo‘shgan holda ko‘plab yozma manbalar qoldirgan.

Misol uchun, Temuriy Ibrohim Sulton Qur’oni karim nusxalarini, kitoblar, to‘plamlar, shajaralar va astronomik zijlarni xat uslublari bilan ko‘chirgan. Uning qalamiga oid ayrim xat namunalari Sherozdagi ba’zi bir yodgorliklarda hozirgi kungacha saqlanib qolgan.

Temuriylar davrida gullab yashnagan xattotlik san’ati keyingi asrlarda ham davom ettirilib, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent shaharlarida va Farg‘ona vodiysida rivojlandi. Mahalliy xattotlar ko‘plab kitoblardan nusxalar ko‘chirgan, turli saroy va binolarning devorlari hamda peshtoqlariga o‘yib bitiklar yozishgan.

Temuriy shaxzodalardan biri, davlat arbobi, astronom Mirzo Ulug‘bek (1394-1449) hukmronlik qilgan yillarda Movarounnahrning ko‘plab maskanlarida muhtasham binolar, rasadxona va madrasalar qurilib, yurt obodonlashgan. Moddiy-madaniy inshootlardan tashqari, xalqning ma’naviy salohiyatini oshirish uchun ham zamin yaratilgan. Uning buyrug‘i bilan (1417 yil Buxoroda, 1417-1420 yillar Samarqandda, 1433 yilda esa G‘ijduvonda) madrasalar qurilgan. Buxoroda qurilgan me’moriy yodgorlik Mirzo Ulug‘bek tomonidan barpo etilgan uch madrasaning eng qadimgisi hisoblanadi.

Mazkur madrasada Abdullaxon ІІ davrida (1586 yilda) ta’mirlash ishlari olib borilgan. Madrasa katta bo‘lmasa-da, hujralari mo‘’jaz, mutanosib, ichki va tashqi tuzilishi o‘ziga xos. Masjid va darsxona gumbazli miyonsaroy (markaziy xona)ning ikki yon tomonida joylashgan. Miyonsaroyning ikkinchi qavatida kutubxona bor. Xo‘ja Sa’d Jo‘yboriy tomonidan tashqi peshtoqi va yonlaridagi hujralar ta’mirlangan. Hovli g‘arbidagi hujra tepasida ganjkor bezaklar orasida ta’mirlovchi usta Ismoil ibn Tohir ibn Mahmud Isfahoniy nomi saqlangan.

Abdurazzoq Samarqandiyning xabar qilishicha, Ulug‘bek 1419 yil 28 noyabrda madrasaga kelib, ilm oluvchi talabalarga in’omlar ulashgan.  Bizgacha Ulug‘bek madrasasi ancha o‘zgargan holda yetib kelgan. Chunki XVI-XVII asrlarda, 1950, 1970, 1990, 1996 yillar madrasa qayta ta’mirlangan. Madrasaning tashqi mahobatli koshinlarida (peshtoqida) Qur’oni karimning 67-“Mulk” surasi suls xatida yozilgan. Madrasaning kirish joyidagi eshik tabaqalarida arab tilida “Talabul ilmi fariyzatun ala kulli muslimin va muslimatin”, ya’ni “Ilm olish har bir musulmon erkak va musulmon ayolga farzdir”, degan hadis o‘yib yozilgan. 

Hozirgi kunda Buxorodagi Ulug‘bek madrasasi xattotlikka asoslangan muzey bo‘lganligi bois bu yerda ko‘rgazmaga qo‘yilgan eksponatlar orasida xattotlik yozuv-chizuv asboblari, qit’a, mufradot, mistar va boshqa turdagi eksponatlar mavjud. Ushbu ashyolar orqali ajdodlarimizning kitobat san’ati bilan bog‘liq ilmiy salohiyatning nechog‘lik yuksak ekanligini ko‘rish mumkin.

Ruslan TOYIROV,

“Buxoro” davlat muzey-qo‘riqxonasi Poykent tarixi muzeyi katta ilmiy xodimi.