Xitoyda chorva uchun xavfli shtamm aniqlandi

Xitoy chorvachilik sohasida yangi tahdidga duch keldi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning Rossiya bilan chegaradosh hududlarida “yashur” kasalligining o‘ta xavfli yangi shtammi — SAT1 serotipi aniqlandi.

Sinszyan va Gansuda 6 mingdan ortiq chorva mollari orasida 219 ta holat qayd etilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu shtamm avval Xitoyda uchramagan va unga qarshi mavjud vaksinalar samara bermayapti.

Hukumat kasallik tarqalishini to‘xtatish maqsadida chorvalarni ommaviy qirish va hududlarni dezinfeksiya qilish ishlarini boshlagan. Sinszyan hududi Rossiyaning Oltoy qismi bilan chegaradosh.

Avvalroq Rossiyada ham chorvaning ommaviy nobud bo‘lish holatlari qayd etilgan. Minglab hayvonlar fermerlardan tortib olinib, tiriklayin yoqib yuborilgani xabar qilingan. Hukumat go‘sht eksportini to‘xtatmaslik uchun “yashur” epidemiyasini yashirayotgani taxmin qilinmoqda.