Yangi kitob: “Yillar, yo‘llar va manzillar”

Bakriddin Zaripov — Samarqand farzandi. 1948 yilda Qo‘shrabotning oddiy qishlog‘ida tavallud topgan.

Olis qishloq maktabida ta’lim olgan yosh yigitning qalbidagi ilmga chanqoqlik uni Toshkent pedagogika institutining biologiya fakultetiga yetakladi. Oradan 56 yil o‘tdi va bu yo‘l uni yuksak ilm manzillariga olib chiqdi.

Bugun Bakriddin Zaripov nafaqat O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Fiziologiya ilmiy-tadqiqot markazi direktori, balki jahon ilmiy jamoatchiligi ham tan olgan nufuzli olim. U Jahon fiziologlari jamiyati a’zosi, Rim, Nyu-York va Janubiy Rossiya universitetlari bilan ilmiy hamkorlik qiladi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi sifatida e’tirof etilgan. Hatto AQShning nufuzli Harvard universitetida talabalarga saboq berishi uning ilmiy salohiyati qay darajada ekanini yaqqol namoyon etadi.

Olimning “Yillar, yo‘llar va manzillar” nomli yangi risolasi uning boy hayotiy va ilmiy tajribasining mantiqiy davomidek o‘qiladi. Ushbu asarda muallifning so‘nggi yillarda vaqtli matbuotda e’lon qilingan sara maqolalari jamlangan.

B. Zaripov o‘z risolasida muqaddas dinimiz tamoyillariga tayanib, inson kamoloti mezonlari haqida teran va ta’sirchan fikr yuritadi. Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan fan va ta’lim sohasidagi islohotlarning mazmun-mohiyatini tahlil qiladi. Ayniqsa, ilmga intilish, mustaqil izlanishning ahamiyati, tarbiya va ta’lim uyg‘unligi, halollik kabi insoniy fazilatlar haqida shaxsiy tajribalari asosida samimiy mulohazalar bildiradi.

Kitobda O‘zbekiston olimlarining xalqaro miqyosdagi yutuqlari chuqur tahlillar orqali yoritilgan. Muallif bu kabi ulkan yutuqlar zamirida Vatanga muhabbat, ajdodlar merosiga sadoqat va yuksak mas’uliyat tuyg‘usi yotishini yorqin misollar bilan ko‘rsatib beradi.

Jonkuyar olim, akademik Bakriddin Zaripovning hayotiy tajribaga suyangan fikrlari va xulosalari har bir o‘quvchini o‘yga toldirishi, uni ilhomlantirishi shubhasiz. Bu risola sizda befarqlik emas, balki yangi izlanishlar va yuksak maqsadlar sari intilish uyg‘otadi.