Yangiariqdagi yangi korxonalar

Davlatimiz rahbarining yaqinda viloyatimizga tashrifi davomida hududlarda yuzdan ortiq yangi loyihalar ishga tushirildi, qurilish ishlari boshlandi.

Samarqand tumani Yangiariq mahallasida “NKB Xolding” kompaniyasi ta’sischisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati A.Qayumov tashabbusi bilan tashkil etilgan shunday loyihalardan biri gazoblok ishlab chiqarish zavodidir. Xitoyning HONGFA kompaniyasi texnologiyalar asosida zamonaviy qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan 21 million dollarlik loyiha “Qayumov Stroy Invest” MChJ tomonidan amalga oshirildi.

Yiliga 420 ming kub metr mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega korxonada dastlab 150 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Zavod to‘liq quvvat bilan ish boshlagandan keyin doimiy ish o‘rinlari 300 taga yetadi, shuningdek, 200 kishi mavsumiy ish bilan ta’minlanadi.

Ishlab chiqarilayotgan mahsulotning 25 foizi eksport qilinishi rejalashtirilgan bo‘lib, asosiy eksport yo‘nalishlari sifatida Tojikiston va Afg‘oniston davlatlari belgilangan.
Yangiariqda “Qayumov Stroy Invest” MChJ tomonidan yana bir yirik loyiha – ohak ishlab chiqarish zavodi ham tashkil etilmoqda. Ushbu loyiha gazoblok ishlab chiqarish bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, xom ashyo zanjirini mustahkamlashga xizmat qiladi.

2023 yilda boshlangan loyihaning umumiy qiymati 4 million AQSh dollarini tashkil etadi va uni joriy yilning ikkinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Zavod yiliga 70 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, kunlik ishlab chiqarish hajmi 200 tonnani tashkil etadi. Mahsulotning 40 foizi eksportga yo‘naltiriladi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanayotgan korxonada 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.