Yig‘ilish muhimmi yoki ko‘rik?
Shu kabi savollarimizga javob topish uchun 11 yanvar kuni markazda bo‘ldik.
Soat 10:30 larda binoga kirib borganimizda markaz xodimlari direktor huzurida majlisda ekanini aytishdi. Zal esa tibbiy ko‘rik uchun kelgan ayollar bilan gavjum edi.
– Kecha selektor yig‘ilishi bo‘lgandi, majlisda aytilgan gaplarni xodimlarga yetkazayotgan edim, – deb vaziyatga izoh berdi markaz direktori G.Eshqobilova.
Ish vaqtida, shuncha odam navbat kutib turganda, yig‘ilish muhimmi yoki ko‘rik, degan savolimiz esa javobsiz qoldi.
Markaz direktorining aytishicha, tekshiruvdan o‘tish uchun kelayotgan har bir ayol elektron ro‘yxatga olish tizimi orqali navbatga yozilib, belgilangan vaqtda ko‘rikka kiradi. 2016 yildan buyon foydalanilayotgan bu tizim endilikda onlayn rejimiga o‘tkazilib, tumanlardan kelayotgan homilador ayollarning o‘sha yerda navbatga yozilishi, belgilangan vaqtda markazga kelishi rejalashtirilayotgan ekan. Bu yaxshi, albatta.
Afsuski, markazda navbat kutayotgan ayollar bilan suhbatlashganimizda amalda bu tizim ishlamayotganiga guvoh bo‘ldik.
– Soat o‘nlarda kelgan edim, – deydi payariqlik Z.Boliyeva. – Eshik oldidagi xodim qo‘limdagi tumandan berilgan yo‘llanmani ko‘rib, qaysi xonaga kirishim kerakligini aytdi. Lekin navbat haqida hech qanday qog‘oz berilgani yo‘q. Qariyb bir soatdan buyon navbatimni kutib turibman.
Ultratovush tekshiruvi uchun navbatda turgan o‘ndan ortiq homilador ayolning ikki nafaridagina navbatga olinganligi haqidagi qog‘oz bor ekan (Bu ham biz odamlardan so‘ray boshlaganimizdan so‘ng berilgani shundoq ko‘rinib turgandi). Lekin navbat raqami qayd etilgan qog‘ozdagi yozuvni uni bergan xodim tushunmasa, hech bir bemor o‘qiy olmasligi aniq. Chunki ingliz tilida yozilgan ekan.
Viloyat markazidan 110 chaqirim uzoqlikdagi Narpay tumanidan kelgan homilador ayollarning ham qo‘liga navbati yozilgan raqam berilmagan. Ular shu yerda o‘tirgan kishilardan so‘rab, navbatini kutib turibdi.
Ko‘rikka kelganlarni qayd etayotgan xodim yuritayotgan daftardagi yozuvlar ham nomigagina to‘ldirilayotganini anglash qiyin emas.
Savol tug‘iladi – aholiga qulaylik yaratish, ularning va shifokorlarning vaqtini tejash maqsadida joriy etilgan elektron ro‘yxatga olish tizimining afzalligi qani? Nega undan foydalanilmayapti? 2016 yilda joriy etilgan tizim markazda shu ahvolda ishlayotgan bo‘lsa, onlayn tizimdan umid qilsa bo‘ladimi?
Umuman, bugun davlatimiz tomonidan ona va bola salomatligini asrashda muhim omil bo‘lgan skrining markazlari faoliyatini zamon talablari darajasida takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda joylardagi muassasalar ham ana shu talabga munosib ish olib borishi kerak emasmi?
Folib HASANOV,
Alisher ISROILOV (foto).