Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlash ishlari o‘rganilmoqda
Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova boshchiligidagi ishchi guruh Samarqand viloyatida yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish hamda ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganyapti.
Ma’lumotlaga ko‘ra, “Bitiruvchi yoshlar bandlik dasturi” doirasiga 51 718 nafar yosh qiz va o‘g‘il bolalar qamrab olingan bo‘lib, 37,8 mingining bandligi ta’minlangan.
Shu bilan birga “Og‘ir toifa”dagi 12 316 nafar ishsiz bilan manzilli ishlar olib borilib, ularning katta qismi ish bilan ta’minlangan. 3356 kishi doimiy ishga joylashtirildi, 4837 kishi o‘zini-o‘zi band qildi, 1676 kishiga tadbirkorlik uchun kredit ajratildi, 1255 kishi mehnat migratsiyasiga yuborildi.
O‘tgan yil davomida tijorat banklari tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 7 302 ta kredit ajratilgan bo‘lib, ularning hajmi 713 milliard so‘mni tashkil etgan. Ushbu mablag‘lar asosan tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va yangi ish o‘rinlari yaratishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, 2024–2025 yillar davomida 30,7 ming kishi yer olish istagini bildirgan. Ularning 26,7 mingi o‘qitilgan bo‘lib, 20,2 mingiga yer maydonlari ajratilgan.
Bundan tashqari, mehnat migratsiyasidan qaytgan yoshlarning 23,7 mingi ish bilan ta’minlangan.
Ishchi guruh ushbu yo‘nalishda o‘rganish ishlarini davom etmoqda.