Yurtdoshlarimiz 2018 yilda qanday dam olishadi?
Farmon 2018 yilda fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish va dam olish, bayram kunlaridan oqilona foydalanishini ko‘zda tutadi.
Qaysi kunlar dam olish sifatida e’lon qilindi yoki ko‘chirildi?
Farmon asosida O‘zbekiston qonunchiligida mehnat munosabatlariga oid yangi amaliyot kiritildi. Ya’ni, joriy yilda ilk marta har yilgi mehnat ta’tili davomiyligini qisqartirish orqali bayram kunlari arafasida qo‘shimcha dam olish kuni berildi. Xususan, 2018 yilda quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilandi:
2 yanvar – seshanba;
20 mart – seshanba;
31 avgust – juma.
Ta’kidlash joizki, mazkur qo‘shimcha dam olish kunlari barcha xodimlarga, jumladan, haftasiga 5 va 6 kun davomida ishlovchi xodimlarga ham birdek qo‘llaniladi.
Shuningdek, Prezident farmoni asosida bir qator dam olish kunlari bayramlar arafasidagi ish kuniga ko‘chirildi. Xususan:
6 yanvar – shanba 3 yanvar – chorshanbaga;
17 mart – shanba 19 mart – dushanbaga;
24 mart – shanba 22 mart – payshanbaga;
25 avgust – shanba 23 avgust – payshanbaga;
26 avgust – yakshanba 24 avgust – jumaga;
8 sentyabr – shanba 3 sentyabr – dushanbaga;
15 sentyabr – shanba 4 sentyabr – seshanbaga;
29 dekabr – shanba 31 dekabr – dushanbaga.
Shanba kunidan ko‘chirilgan dam olish kunlari faqat besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun taalluqli, olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar esa ko‘chirilgan dam olish kunlarida ishga chiqishlari lozim. Faqatgina 26 avgust – yakshanba kunidan 24 avgust – jumaga ko‘chirilgan dam olish kuni barcha xodimlar uchun amal qiladi. Ya’ni, 24 avgust, juma kuni barcha xodimlar dam oladi, 26 avgust, yakshanba kuni esa ish kuni hisoblanadi.
Qo‘shimcha dam olish kunining evaziga mehnat ta’tilining muddati qanday hisoblanadi?
Byudjet tashkilotlarida qo‘shimcha dam olish kunlari har yilgi mehnat ta’tilining davomiyligini uch ish kuniga qisqartirish hisobiga qoplanadi. Har yilgi mehnat ta’tili davrida saqlanadigan o‘rtacha oylik ish haqi miqdorini hisoblashda mehnat ta’tilining amaldagi davomiyligi hisobga olinadi. Unga yuqoridagi qo‘shimcha dam olish kunlari qo‘shiladi.
Byudjet tashkiloti hisoblanmagan tashkilotlarda qo‘shimcha dam olish kunlari mehnat ta’tiliga qo‘shimcha boshqa kunlar bilan bir qatorda tashkilotning moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, mehnat shartnomalari yoki ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa ichki hujjatlarda belgilanadi.
Mehnat ta’tilining 3 kunga qisqarishi unga beriladigan to‘lovning kamayishiga ta’sir qiladimi?
Yo‘q, ta’sir qilmaydi. Bunda ish beruvchilar quyidagilarga alohida e’tibor berishlari lozim:
Mehnat kodeksining 134-moddasiga binoan har yillik mehnat ta’tilining davomiyligi qisqartirishni hisobga olgan holda 15 ish kunidan kam bo‘lmasligi;
davlat bayramlariga to‘g‘ri kelgan, belgilangan mehnat ta’tilining qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarini qo‘shish yo‘li bilan xodimga yillik mehnat ta’tili davomiyligiga berilishi lozim bo‘lgan to‘lovlar miqdori saqlanishi ta’minlanishi lozim.
Misol uchun, 24 kunlik yillik mehnat ta’tili beriladigan xodimga yil davomida belgilangan 3 kunlik qo‘shimcha dam olish kuni hisobiga 21 kun mehnat ta’tili tayinlanadi. Lekin mehnat ta’tili uchun beriladigan to‘lov miqdori 21 kun emas, 24 kun hisobidan berilishi kerak.
Abdunabi G‘aniyev,
viloyat kasaba uyushmalari
tashkilotlari birlashmasi yuridik bo‘limi mutaxassisi.