Ziyoli mas’uliyati: o‘qituvchi zamon bilan hamnafasmi?

Millatning ikki qo‘li… Bu ibora chuqur ma’noni o‘zida mujassam etgan. Savol tug‘iladi: bu ikki qo‘l - muallim va muharrir - bugun bir musht bo‘lib, bir maqsad sari harakat qilyaptimi yoki biri Sharq, biri G‘arb tomonga qarab, har kim o‘z yo‘li bilan ketayotgan emasmi? Aslida, har ikkisining ham vazifasi alohida, ammo ularni birlashtiradigan mushtarak maqsad bor: jamiyatni ma’rifatli qilish, fikrlaydigan avlodni tarbiyalash.

Ana shu dolzarb mavzuda viloyat pedagogika mahorat markazi xodimlari, malaka oshirish uchun kelgan o‘qituvchilar hamda viloyatning “Zarafshon” gazetasi ijodiy jamoasi ishtirokida “Gazeta - fikr qaymog‘i, sayt - tezkor xabarlar minbari, jamoat fikri oynasi” mavzusida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida muallim va ommaviy axborot vositalari o‘rtasidagi hamkorlik, bugungi o‘qituvchi oldida turgan mas’uliyat va zamon talablari haqida ochiq mulohazalar bildirildi.

- Jadid bobomiz Saidrizo Alizoda “Muallim ila muharrir millatning ikki qo‘lidir”, deya bejiz aytmagan, - deydi viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev. - Muallim har bir hududda ma’rifat shamchirog‘i bo‘lishi kerak. Uning gap-so‘zi, dunyoqarashi, jamiyatda kechayotgan jarayonlarga munosabati atrofdagilar uchun mezon vazifasini o‘taydi. Agar o‘qituvchi gazetani o‘qimasa, yangiliklar bilan qiziqmasa, jamiyatdagi islohotlarni tahlil qilmasa, uning ziyolilik maqomi shubha ostida qoladi.

Darhaqiqat, keyingi paytlarda ayrim o‘qituvchilar attestatsiya jarayonida ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid savollar berilayotganidan norozilik bildirmoqda. Ammo o‘ylab qarasak, o‘qituvchi jamiyatda nimalar bo‘layotganini bilmasa, islohotlarning mohiyatini anglamasa, bu faqat o‘ziga emas, balki o‘quvchisiga ham nisbatan befarqlik emasmi? Masalan, iqtisodiy savodxonlik, axborot madaniyati yoki fuqarolik faolligi haqida gap ketganda, o‘quvchi birinchi navbatda aynan muallimdan javob kutmaydimi?

- Bugungi kun o‘qituvchisiga faoliyat olib borish har qachongidan ko‘ra murakkab, - deydi viloyat pedagogika mahorat markazi direktori, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Anvar Sobirov. - Ilgari o‘quvchi bilimni asosan maktabdagi o‘qituvchidan olardi. Hozir esa internet, onlayn kurslar, xususiy repetitorlar, turli platformalar asosiy axborot manbaiga aylanib ulgurdi. Bola “Google”dan, “YouTube”dan javob topa oladi. Shu sharoitda o‘qituvchi faqat ma’lumot beruvchi emas, balki yo‘l ko‘rsatuvchi, tahlil qilishga o‘rgatuvchi, tanqidiy fikrni shakllantiruvchi shaxs bo‘lishi kerak.

Haqiqatan ham, bugun o‘qituvchi darslikdagi ma’lumotni takrorlab berish bilan cheklanib qola olmaydi. Masalan, adabiyot darsida asar mazmunini aytib berishning o‘zi yetarli emas - uni hayot bilan bog‘lash, qahramon taqdiri orqali inson tanlovi, ma’naviy mas’uliyat haqida mulohaza yuritish talab etiladi. Yoki tarix fanini olaylik: sana va voqealarni yodlatishdan ko‘ra, ularning sabab-oqibatlarini tahlil qilishga o‘rgatish muhim.

Shu ma’noda, zamon talabini anglab, o‘z ustida ishlayotgan, zamonaviy usullardan foydalanayotgan o‘qituvchilar soni ortib borayotgani quvonarli. Ular darsda media materiallardan, jonli munozaralardan, ijodiy topshiriqlardan foydalanib, o‘quvchini faol fikrlashga undayapti.

Uchrashuv qizg‘in mulohazalar bilan davom etib, tahririyatning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati, xususan, Zarnews.uz sayti va yangi loyihalar taqdimoti bilan yakunlandi.

Sayt muharriri Akram Haydarov 2026 yilga mo‘ljallangan yangi videoloyihalar haqida so‘z yuritib, “Kitob va qahva”, “Ziyolilar minbari” kabi ko‘rsatuvlar aynan o‘qituvchi-murabbiylar uchun ochiq minbar bo‘lishini ta’kidladi. Bu loyihalar orqali muallimlar o‘z fikrini jamoatchilikka yetkazishi, tajribasi bilan o‘rtoqlashishi mumkin.

Shuningdek, tadbirda tahririyat xodimlarining yangi nashr etilgan kitoblari taqdimoti ham tashkil etildi. Farmon Toshevning “Savr bayozi”, “Saraton bayozi” she’riy to‘plamlari, Akram Haydarovning “Tarbiya taqani to‘g‘rilaydi”, G‘olib Hasanovning “Yangicha yashash nima?”, “Onamga qasida”, Gulruh Mo‘minovaning “Nafosatning qudrati”, “Minbardan tushgan istilohlar” kabi publitsistik asarlari ma’naviy tarbiya, hayot falsafasi va zamon muammolarini yoritishi bilan ahamiyatli ekani ta’kidlandi.

Xulosa qilib aytganda, bugun muallim va muharrir haqiqatan ham millatning ikki qo‘li sifatida bir-birini to‘ldirib ishlasa, jamiyat ma’naviy jihatdan yutadi. Zero, fikr tarbiyasi va bilim tarbiyasi bir-biridan uzilgan holda samara bermaydi.