Zotiljam qanday kasallik?
Dunyo bo‘yicha hukm surgan va surayotgan koronavirus infeksiyasidan o‘lim asosan pnevmoniya rivojlanganligi bois kelib chiqayotganligi hech kimga sir emas. Ko‘pchilik hozir gripp, yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanish kasalliklari, pnevmoniya xastaligidan yurak oldirib qo‘ygan. Ayniqsa, onalar xasta farzandini shifokor qabuliga olib borib, “Pnevmoniya emasmi?!” deb xavotirlanib so‘rashadi. Mazkur kasallikning o‘z vaqtida aniqlanishi va to‘g‘ri davolanishi g‘oyat muhim. Zero, pnevmoniyaning o‘zidan ham asoratlari jiddiy hisoblanadi. Xo‘sh, pnevmoniya qanday kasallik? Biz bu kasallik haqida nimalarni bilishimiz zarur?
Pnevmoniya (zotiljam) o‘pka to‘qimasi yallig‘lanishi bo‘lib, mustaqil kasallik yoki boshqa kasalliklarning asorati hisoblanadi. Bu kasallik odamdan odamga yuqmaydi. Xastalik bakteriya (pnevmokokk, streptokokk, stafilokokklar) va viruslar sabab yuzaga keladi. Eng muhim omil esa organizm immun tizimining susayishidir. Ko‘pincha pnevmoniya kasalligi grippdan keyin yuzaga keladi. Gripp yuzaga kelganida tabiiyki immunitet sustlashadi. Agar davolangach ham immunitet tiklanmasa, ushbu mikroblar qo‘zg‘alishi va pnevmoniyaga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, O‘RI (yuqori nafas yo‘llari o‘tkir virusli yallig‘lanish kasalliklari), yelvizakda qolish, surunkali o‘pka kasalliklari asoratlari ham zotiljamga olib kelish ehtimoli yo‘q emas. Kichik yoshdagi bolalarda uchraydigan nafas a’zolari kasalliklarining 80 foizini pnevmoniya tashkil qiladi. Antibiotiklar kashf etilguncha pnevmoniya (ayniqsa, bolalar va keksalarda) og‘ir o‘tib, ko‘pincha, o‘limga olib kelar edi. Zamonaviy davolash usullari qo‘llanila boshlagach, kasallik uzoqqa cho‘zilmay bemorlar nisbatan tez tuzaladigan bo‘ldi. Zotiljamdan o‘lish deyarli hamisha shifokorga kech murojaat qilishda o‘z vaqtida to‘g‘ri davolanmaslik oqibati hisoblanadi.
Kasallikning kelib chiqishiga qaysi omillar sabab bo‘ladi?
- Qattiq sovqotish;
- Jismoniy va ruhiy o‘ta toliqish;
- Organizmning ichki zaharlanishi;
- Organizmning kasallikka qarshi kurashish qobiliyatining susayishi;
- Tashqi muhit omillari (masalan, qish);
- Ichkilikka mukkasidan ketgan kishilar (alkogoliklar) zotiljamga ko‘proq moyil bo‘lishadi;
- Shuningdek, ko‘p chekuvchilarda ham pnevmoniya tez rivojlanadi;
- Yoshning o‘tib borishi (keksalik);
- Chala tug‘ilgan, raxit, kamqonlik, gipotrofiya bilan og‘rigan bolalarda pnevmoniya tez rivojlanadi va og‘ir kechadi.
Oddiy tumovdan farqi nimada?
Boshlang‘ich belgilari gripp va oddiy tumov belgilariga o‘xshash bo‘ladi. Ya’ni et uvishishi, holsizlik, bosh va mushaklardagi og‘riq, burun bitishi va yo‘tal singari belgilar kuzatiladi. Gripp holatida yuqori nafas yo‘llari, burun bitishi, tomoqda og‘riq, quruq yo‘tal kuzatiladi. Agar pnevmoniya boshlangan bo‘lsa, yo‘tal o‘pkadan chiqadi. Balg‘am ajralishi kuchayadi. O‘pkada xirillash eshitiladi.
Pnevmoniya bolalar va keksalarda ko‘proq uchraydi. Bir yoshgacha bo‘lgan bolalarda aniqlangan pnevmoniya og‘ir kechib, bolalar o‘limiga olib kelishi mumkin. Qariyalarda esa pnevmoniya yurak faoliyatiga salbiy ta’sir etadi. Shu bois asosiy muolaja vaqtida ushbu a’zoga ham e’tibor qilinadi.
Pnevmoniya qishda ham, yozda ham bir xil uchraydimi?
Mazkur xastalik asosan kuz-qish mavsumida faollashadi. Havo haroratining pasayishi, oddiy tumov va virusli kasalliklarning ortishi pnevmoniya kelib chiqishiga moyillik tug‘diradi. Lekin yoz chillasida ham zotiljam bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Bu paytda terlab, sovuq dush qabul qilish, yaxna ichimliklar ichish, issiqdan sovuqqa chiqish kabi holatlar ham pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Bir haroratdan ikkinchisiga moslashishga ulgurmagan organizmda shamollash, tumov, tomoq og‘riqlari kelib chiqadi. Bu esa pnevmoniyaga aylanishi mumkin.
Agar pnevmoniya xastaligi to‘liq davolanilmagan bo‘lsa, qaytalanishi mumkin. Ko‘pchilik tana haroratining tushishi yoki yo‘tal kamayishi bilan sog‘aydim, deb o‘ylab, muolajani oxirigacha yetkazmaydi. Oqibatda esa pnevmoniya qaytalashi mumkin.
Pnevmoniya belgilari nimalardan iborat?
Pnevmoniya odatda to‘satdan boshlanadi: harorat birdan 39,5-40° gacha ko‘tariladi, bemorda varaja kuzatiladi. Tez-tez yo‘tala boshlaydi. Tumov, aksirish, yo‘tal, burun bitishi kuzatiladi. Ko‘krak qafasida og‘riq paydo bo‘ladi. Nafas olganda, yo‘talganda va aksa urganda og‘riq kuchayadi. Yo‘tal avvaliga quruq, so‘ngra esa balg‘amli bo‘ladi. Bemor tez-tez, yuzaki nafas oladi. Hansirash kelib chiqadi. Labi, burun kataklarining atrofiga uchuq toshadi, o‘tkir yurak-tomir yetishmovchiligi kuzatiladi, bemorning ahvoli og‘irlashadi. Bemorning rangi oqarib, yo‘tali kuchayadi. Burun, lab atroflari ko‘kara boshlaydi, nafas olishda qovurg‘alararo mushaklarni ichkariga tortilishi, burun paraklarni kerilishi kuzatiladi. Chaqaloqlarda, ayniqsa, chala tug‘ilgan chaqaloqlarda yo‘tal bo‘lmasligi mumkin. Ularda ayrim hollarda isitma ham kuzatilmaydi. Bu esa kasallikka tashxis qo‘yishni qiyinlashtiradi.
Bemorlar qancha muddat antibiotik olishi kerak?
Pnevmoniya kasalligida bemorlarga antibiotiklar buyuriladi. Antibiotiklar davomiyligini shifokor belgilaydi. Antibiotiklar bemor ahvoliga qarab, 7 kundan 14 kungacha bo‘lgan muddatga buyuriladi. Biroq ayrim bemorlar antibiotiklarni uzoq muddat olish zamburug‘li kasalliklar rivojlanishiga, organizm immunitetining pasayishiga olib keladi, deb hisoblashadi. Shu bois, mustaqil holatda antibiotiklar qabulini to‘xtatishga harakat qilishadi. Antibiotiklar qabul qilinishining buzilishi kasallikning cho‘zilishiga, asoratlari kelib chiqishiga va kasallikning qaytalanishiga olib keladi. Shu bois, antibiotiklar muddati faqat shifokor tomonidan belgilanadi va to‘xtatiladi.
Zotiljamning yengil, o‘rta og‘ir va og‘ir ko‘rinishlari bor. Shifokor bemorning umumiy holatini o‘rganib chiqib, o‘pkaning rentgen tekshiruvi hamda boshqa zarur tahlillarni o‘tkazadi. Xastalik turiga va og‘irlik darajasiga ko‘ra muolaja qilinadi. Pnevmoniyaning yengil ko‘rinishlarini ambulator sharoitda davolash mumkin. Ammo pnevmoniya kasalligi asoratlarining oldini olish maqsadida imkon qadar shifoxonada davolanish tavsiya etiladi.
Bemorlarga maslahatlar
Kasallik zo‘rayib ketgan bo‘lsa, bemor kasalxonada davolanadi. Bemorlarga quyidagilarga rioya qilish tayinlanadi. Salqin, toza havo uyquni va nafas olishni yaxshilaydi, shuning uchun bemor yotgan xonani tez-tez shamollatib turish muhim.
Ichimlik (choy, meva suvi), suyuq ovqat (sho‘rva, ilitilgan tuxum, shirguruch, sut, sariyog‘, qatiq va h.k.) tez-tez berib turiladi. Bolalarga vitaminlar o‘rniga meva sharbatlari, na’matak qaynatmasini ichirish mumkin. Umuman olganda, bolaga yetarli darajada suyuqlik ichirish har kilogrammga 150 ml miqdorida bo‘lishi lozim.
Bemor terlaganda quruq sochiq, spirt yoki teng baravar suv qo‘shilgan odekolon bilan badan artiladi. Bemorda hansirash paydo bo‘lsa, bemorning boshini balandroq qilib yotqizib qo‘yish kerak. Nafas olishni yengillashtirish uchun burnidagi qatqaloqlarni ishqoriy suyuqliklar tomizib yumshatish va tozalash kerak.
Gulnoza ODILOVA,
Samarqand davlat tibbiyot universitetining
mikrobiologiya, virusologiya va
immunologiya kafedrasi assistenti.