Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand shahridagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi nega 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilmayapti?

Ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqand shahridagi 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1-sinfga o‘quvchilarning qabul qilinmayotgani yuzasidan ota-onalarning e’tirozli fikrlari aks etgan lavha va ma’lumotlar e’lon qilindi, deb xabar bermoqda Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi.

Samarqand shahridagi maktablarga bolalarni 1-sinfga qabul qilish jarayonlari haqida bir necha bor rasmiy ma’lumotlar berildi.

Samarqand shahridagi “Siyobcha” mahallasida joylashgan                       35-umumiy o‘rta ta’lim maktabida 1-sinfga o‘quvchilarni qabul qilinmayotganining asosiy sababi maktabda sinfxonalar yetishmasligi, o‘quvchi sonining ko‘pligi va koeffitsiyentining yuqoriligidir.

Maktab 2 ta asosiy binodan iborat. Quvvati 1200 o‘rinli, o‘quvchi soni esa 2649 nafarni, koeffitsiyent 2,2 foizni tashkil etadi.

Ta’lim muassasasida o‘quvchi o‘rnining yetishmaganligi sababli o‘tgan 2019-2020 o‘quv yilida ham o‘quvchilar 1-sinfga qabul qilinmagan. O‘tgan o‘quv yillari davomida 35-umumta’lim maktabining o‘ndan ortiq sinfi maktabga yaqin bo‘lgan viloyat “Barkamol avlod” maktabida o‘qib kelgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4467-sonli qaroriga asosan, “Barkamol avlod” maktablari faoliyati yanada takomillashtirilib, o‘quvchilarni keng jalb etish, to‘garaklar faoliyatini yanada kengaytirish belgilangan. Shu munosabat bilan joriy yil viloyat “Barkamol avlod” maktabida mukammal ta’mirlash ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Endilikda 35-maktab o‘quvchilari uchun viloyat “Barkamol avlod” maktabida ajratilgan sinfxonalardan foydalanishning imkoni bo‘lmaydi. Bu o‘ndan ortiq sinf o‘quvchilarining maktabga qaytishi va shu yerda ta’limni davom ettirishini anglatadi. Maktabda o‘quvchi o‘rni, sinfxona yetishmasligi bilan bog‘liq muammolar yanada ortadi. Ayni paytda maktab ichki imkoniyatidan kelib chiqqan holda, 6 ta qo‘shimcha sinfxonalar shakllantirildi. Biroq bu orqali ham o‘quvchilarning barchasini belgilangan talablar asosida sinfxonalarga joylashtirilishi bo‘yicha muammo yechim topmaydi.

Maktabda real holatni ko‘rgan ota-onalar o‘qituvchilar xonasini sinfxonaga aylantirish talabini qo‘yishdi. Biroq u yerdan sinfxona tashkil etishning imkoni yo‘q.

2019-2020 o‘quv yilida maktabni 11-sinf o‘quvchilari bitirmadi.

Maktab mikrohududida istiqomat qiluvchi bo‘lg‘usi 1-sinf o‘quvchilari shahardagi 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga qabul qilinmoqda. 35- va 19-maktablarning mikrohududlari yonma-yon bo‘lib, o‘rtasidagi oraliq masofa 1,2 km.ni tashkil etadi.

Fuqarolarning murojaatida farzandlarini 35-maktabga yaqin bo‘lgan 37-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabiga joylashtirish talabi ham qo‘yilmoqda. Biroq ushbu maktabda ham ayni paytda koeffitsiyent yuqori ekanligi, kelgusida xuddi shunday muammolar kelib chiqmasligini ta’minlash uchun 35-maktab hududida yashab kelayotgan bolalarni qabul qilishning imkoni yo‘q.

Yuqoridagi muammolardan kelib chiqqan holda ota-onalarning mavjud real holatni inobatga olib, farzandlarini yashash hududidan uzoq bo‘lmagan 19-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga berishni tavsiya qilamiz, deyiladi xabarda.