1 dekabrgacha aholiga ko‘mir yetkaziladimi?
Viloyat hokimining joriy yil 15 oktyabrdagi farmoyishiga asosan 1 dekabrga qadar viloyat aholisiga ajratilgan ko‘mir mahsulotlarini to‘liq yetkazib berish vazifasi qo‘yilgan. Xo‘sh, ko‘mir bu vaqtda aholiga yetkaziladimi?
– Bu yil viloyatimiz aholisiga jami 83214 tonna ko‘mir tarqatish rejalashtirilgan, – deydi viloyat "Temiryo‘lyonilg‘ita’min" birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi rahbari o‘rinbosari Aziz Tursunov. – Shundan 45050 tonnasi briket, 38157 tonnasi ko‘mir mahsuloti. Hozirgacha ko‘mirning 28699 tonnasi, briketning 2614 tonnasi yetkazib berildi. Rejadagi ko‘mirni bir necha hafta ichida yetkazib bera olamiz. Bitta vagonga 69 tonna ko‘mir ketadi. Muammo shundaki, viloyatda bugunga kelib tabiiy gaz yetib bormayotgan xonadonlar soni 340 mingdan ziyod. Agar rejadagi barcha ko‘mirni ushbu xonadonlarga bo‘lsak, har bir xonadonga o‘rtacha 270 kilogrammdan tushadi. Ana shuni hisobga olib, hukumatimiz viloyatga yana 42 ming tonna ko‘mir ajratadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, agar qaysi tumanda aholining ko‘mirga ehtiyoji qondirilmasa, hokimlik xati asosida respublikaga murojaat qilamiz.
"Temiryo‘lyonilg‘ita’min" birlashgan yonilg‘i ombor xo‘jaligi ma’lumotiga ko‘ra, bu yil har bir xonadon mahalladan ma’lumotnoma so‘rab, bazaga sarson bo‘lib yurmaydi. Tuman hokimligi tomonidan tasdiqlangan aholini ko‘mir bilan ta’minlashga oid jadval mahalla fuqarolar yig‘iniga yetkaziladi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini kelib tushgan arizalarga muvofiq ko‘mirni sotib olish bo‘yicha reyestrni shakllantiradi va uni ko‘mir omborlariga yetkazib beradi.
Ko‘mir omborlari mahalla fuqarolar yig‘ini tomonidan taqdim etilgan reyestr va tasdiqlangan jadvalga asosan aholini ko‘mir mahsuloti bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, gaz tarmog‘iga ulanmagan yoxud boshqa sabablar bilan mahalladan ko‘mir bilan ta’minlanmagan fuqarolar yakka tartibda ham ko‘mir tarqatish bazalariga murojaat qilishlari mumkin.
Hozirda viloyat bo‘yicha 7 ta ko‘mir tarqatish bazalari mavjud bo‘lib, ular Bulung‘ur, Jomboy, Past Darg‘om, Kattaqo‘rg‘on, Narpay, Paxtachi tumanlari va Samarqand shahri (briket)da joylashgan. Bundan tashqari, bu yil Urgut va Qo‘shrabot tumanlaridagi bir qatro mahalla fuqarolar yig‘inlarida briket tarqatish bazalari ham ishlamoqda.
Bu yil bir tonna ko‘mir narxi aholi uchun 273 ming so‘m, briket esa 375 ming so‘m etib belgilangan.
Anvar MUSTAFOQULOV.