Viloyat Zarafshon gazetasi
1913 yil aprel oyida Samarqandda mahalliy turkiy-forsiy o‘rta shevada Mahmudxo‘ja Behbudiy mas’ul muharrirligi ostida "Samarqand” nomi bilan gazeta nashr etildi.
Haftada ikki marta, dastlab ikki, 7-8-sonidan keyin to‘rt sahifada, adadi 400-500 nusxada chiqqan.
1917 yil 16 apreldan gazeta "Hurriyat” nomi bilan chiqa boshlagan. Gazetaga jurnalist va ma’rifatchi Saidrizo Alizoda, 27-sonidan Abdurauf Fitrat, so‘ng O‘runboy O‘g‘li, bir muddat Akobir Shomansurov nashr muharrirligi vazifasini bajargan. 500-1000 nusxa atrofida, haftada ikki marta chiqib turgan gazeta moddiy qiyinchilik tufayli yopilgan.
1918 yil 11 iyundan boshlab "Hurriyat” gazetasi sho‘ro hukumati ta’sirida "Mehnatkashlar o‘qi” nomi bilan chiqa boshladi. Mas’ul muharrirlari Iffat Xonim (Zohida Burnasheva) bilan Shokir Muxtoriy bo‘lgan.
5-sonidan keyin gazeta nomi "Mehnatkashlar tovushi”ga aylantirilgan. Saidrizo Alizoda, Muhammadjon Yusufiy, Qori Mahmud, Qori Muhammadrahim Toji, Sadriddin Ayniylar gazetaning tarjima va tahrir ishlarida ishtirok etishgan.
1921 yildan gazetaning nomi yana o‘zgartiriladi – "Kambag‘allar tovushi”ga aylantiriladi.
1922 yilning oktyabr oyiga kelib gazeta "Zarafshon” nomi bilan chiqadi. Gazetani qayta tashkil etganlardan biri G‘ozi Yunus bo‘ldi. Asli toshkentlik bo‘lgan bu inson gazeta uchun o‘zi bilan birga bir necha pud harf, 150 pud yaxshi qog‘oz hamda ikki nafar harf teruvchi olib keladi.
Nomi o‘zgargan gazetaning birinchi soni katta formatda, 6 sahifada (shundan bir sahifasi rus tilida), 1500 nusxada chop etiladi. Gazetadagi e’londa ushbu nashr "Samarqand”, "Hurriyat”, "Mehnatkashlar tovushi”ning davomchisi ekanligi ta’kidlangan.
Gazetaning muntazam chiqishi yo‘lga qo‘yilgach, 1923 yil boshlarida G‘ozi Yunus Toshkentga qaytib ketadi. Uning o‘rniga Ali Ismoilzoda tayinlanadi.
1925 yildan gazeta haftada uch marta chop etiladi.
"Zarafshon” gazetasi 1928 yilgacha arab imlosida, 1938 yilgacha lotin imlosida, 1938 yildan buyon kirill imlosida chop etib kelinmoqda.
1928 yilning noyabr oyida Toshkentda chop etilayotgan "Qizil O‘zbekiston” gazeta redaksiyasi Samarqandga ko‘chirilgach, "Zarafshon” faoliyatini vaqtincha to‘xtatadi.
1930 yilning 7 noyabrida gazeta yana chop etila boshlanadi va unga endi "Lenin yo‘li” degan nom beriladi. Gazeta 1931 yildan e’tiboran kundalik nashrga aylanadi.
1956 yilning 1 avgustida Samarqand matbuoti tarixida "Lenin yo‘li” gazetasi birinchi marta A1 formatda chop etilgan.
1964 yilning 21 iyulida gazetaning 10 000-soni mushtariylari qo‘liga yetib boradi.
Gazeta 1991 yildan boshlab o‘zining eski – "Zarafshon” nomi bilan chiqa boshladi.
1996 yilda gazeta ilk bora kompyuterda terilib, sahifalandi.
1999 yil may oyida gazetaning 20 000-soni nashr etildi.
2008 yilda O‘zbekiston Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi moddiy ko‘magida qariyb yuz yillik tarixga ega bo‘lgan "Zarafshon” gazetasining ensiklopediyasi yaratildi.
2009 yil 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan "Zarafshon” A2 formatda sahifalanib, ikki rangda chop etildi. Shu sanadan boshlab yangi formatga o‘tildi.
2010 yil 10 iyun. Ushbu sana gazetaning 21 763-soni birinchi va oxirgi sahifalari (sahifalar ko‘paygan paytda, o‘rtadagi betlar ham) rangli chop etishga o‘tilgani bilan tarix sahifalarida qoladigan bo‘ldi.
2011 yil 29 dekabrda "Zarafshon”ning 22 minginchi soni nashrdan chiqdi.
2011 yilda 30 dekabrda "Zarafshon” va "Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati tashkil etildi.
* * *
Bugungi kunda "Zarafshon” gazetasi tahririyatida o‘ttizga yaqin ijodiy va texnik xodimlar mehnat qilmoqda.
Gazeta bosh muharriri Farmon Toshev O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyati bo‘limi rahbari hisoblanadi.
Tahririyatda siyosat; iqtisodiy islohotlar va qishloq xo‘jaligi; ta’lim va madaniyat; axborot va sport; xotin-qizlar va yoshlar hayoti; xatlar va ijtimoiy tadqiqotlar; shahar hayoti va kommunal xo‘jalik; ijtimoiy islohotlar va salomatlik yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus muxbirlar faoliyat ko‘rsatadi.
Gazetada oyda bir marta "Gazeta va gazetxon”, "Oila davrasida”, "Sport va salomatlik”, "Bu bo‘ston sahnida…” maxsus sahifalari chop etiladi.
Gazetxonlar bilan tahririyat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash, gazeta sahifalarida mushtariylar fikr-mulohazalari, jamiyat hayotiga bo‘lgan munosabatlarini yanada erkinroq bildirishlari uchun "Mushtariy fikri”, "Vijdonning bugungi so‘rog‘i”, "Kim qiladi-ya shuginani-ya!”, "Bir mavzuda ikki fikr”, "Xat tahrirsiz bosilmoqda”, "Xatlardan satrlar”, "Ro‘zg‘orini uddalayotganlar”, "Ishonch telefoni”ga aytishlaricha...” kabi ruknlar an’ana tusini olgan.
Fuqarolarga o‘z huquq va burchlarini yaxshiroq bilib olishlari, qolaversa, davlat organlari ochiqligini ta’minlash uchun savol-javob mazmunida "So‘ragan edingiz”, "Savollaringizga advokat javob beradi”, "Boshliqqa savolingiz bormi?” kabi maxsus ruknlar ostida materiallar berib borilmoqda.
"Zarafshon” gazetasining internetdagi www.Zarnews.uz sayti 2007 yildan buyon muntazam ishlab turipdi. Veb-saytga asosan xabar mazmunidagi materiallar, mulohazali va ijtimoiy-iqtisodiy mavzulardagi maqolalar joylashtirilmoqda.
2006 yildan buyon "Zarafshon” gazetasi huzurida "Jurnalistik mahorat markazi” ishlab kelmoqda.
Ijodiy yutuqlar
1999 yil
* Gazeta muxbiri Mahbuba Sharopova «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
2000 yil
* Gazeta bo‘lim mudiri Sulaymon Husainov «O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist» faxriy unvonini oldi.
2001 yil
* «Navro‘z – boqiy bayram» Respublika tanlovida «Zarafshon» gazetasi tahririyati Navro‘z mavzusida berilgan turkum maqola va bezakli sahifalar uchun «Eng yaxshi tahririyat» nominatsiyasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi sovringa munosib deb topildi.
2002 yil
* Saidrizo Alizoda tavalludining 115 yilligi munosabati bilan u yashagan uyda ma’rifatparvar jurnalistning uy-muzeyi ochildi.
2003 yil
* «Navro‘z – boqiy bayram» Respublika tanlovida «Zarafshon» gazetasi g‘olib deb topildi.
* Gazeta bosh muharriri Farmon Toshev «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlandi.
2005 yil
* «Zarafshon» gazetasi tahririyati jamoasi «Eng ulug‘, eng aziz!» Respublika ko‘rik-tanlovining g‘olibi bo‘ldi.
2006 yil
* «Zarafshon» gazetasi tahririyati qoshida «Jurnalistik mahorat maktabi» ochildi.
* Gazeta mas’ul kotibi Adham Hayitov «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi.
2007 yil
* Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishini batafsil va tezkor yoritishdagi alohida xizmatlari, xalqimizning betakror an’analarini boyitishga qo‘shayotgan munosib hissasi, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya, milliy g‘oya targ‘iboti sohasidagi ibratli ishlari uchun hamda tashkil topganiga 90 yil to‘lishi munosabati bilan «Zarafshon» gazetasi viloyat hokimligining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi.
2009 yil
* Gazeta muxbiri Gulruh Mo‘minova jurnalistika sohasida «Oltin qalam» to‘rtinchi milliy mukofoti uchun tanlovning rag‘batlantiruvchi mukofotini oldi.
* Akram Haydarov «Yilning eng faol jurnalisti» Respublika tanlovi sovrindori bo‘ldi.
2010 yil
* G‘olib Hasanov «Yilning eng faol jurnalisti» Respublika tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
2012 yil
* «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari muzeyiga asos solindi.
* «Zarafshon» gazetasi tahririyati YuNISEF bilan O‘zbekiston hukumati o‘rtasida 2010-2015 yillar uchun mo‘ljallangan hamkorlik dasturi loyihasining viloyatdagi koordinatori etib tasdiqlandi.
2013 yil
* O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti o‘qituvchilari va magistrlari bilan Samarqandda «Matbuotning jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi roli («Zarafshon» gazetasi faoliyati misolida)» mavzuida ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.
* Gazeta tahririyati joylashgan Matbuot uyi zamonaviy uslubda rekonstruksiya qilindi.
* «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati jurnalistika sohasida «Oltin qalam» milliy mukofoti uchun sakkizinchi xalqaro tanlovda ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
* «Zarafshon» gazetasi muxbiri Anvar Mustafoqulov «Yilning eng faol yosh jurnalisti» tanlovi g‘olibi bo‘ldi.
* Tahririyat qoshidagi "Jurnalistik mahorat markazi” "Jurnalistika –ijodiy fan” tanlovida ikkinchi darajali diplom bilan taqdirlandi.
* «Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» gazetalari birlashgan tahririyati"NNT faoliyatini yoritgan eng yaxshi tahririyat va jurnalist” tanlovida ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
2014 yil
* O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 22 avgustda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining yigirma uch yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san’at, ma’naviyat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, viloyat "Zarafshon” gazetasi muxbiri Tog‘aymurod Shomurodov "Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.
2015 yil
* Viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tashabbusi bilan "Ommaviy axborot vositalari – jamiyat ko‘zgusi" mavzuida davra suhbati o‘tkazildi.
* Viloyat Matbuot uyida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Xalq yozuvchisi Muhammad Ali boshchiligidagi bir guruh poytaxtlik faxriy ijodkorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
2016 yil
* 1 aprel kuni Xitoy Xalq Respublikasi Shensi provinsiyasining bir guruh jurnalistlari tahririyatga tashrif buyurdi. OAV xodimlari hamda tadbirkorlar qatnashgan mazkur tadbirda Xitoy va O‘zbekistonning do‘stona munosabatlari, qadimdan barcha jabhalarda hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani, birgina Shensi provinsiyasi hamda Samarqand shahrining birodarlashgan shaharlar sifatida mustahkam hamkorlik o‘rnatgani e’tirof etildi.
* 29 aprel kuni Farg‘ona viloyatining bir guruh jurnalistlari, tuman va shahar gazetalari muharrirlari, muharrir o‘rinbosarlari hamda soha mutaxassislari viloyat Matbuot uyiga tashrif buyurdi va bu yerda "Zarafshon”, "Samarkandskiy vestnik” va "Ovozi Samarqand” gazetalari faoliyati, xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi.
Shuningdek, ushbu tashrif doirasida "Bosma ommaviy axborot vositalari tahririyatlari ishini davr talabi asosida tashkil etish, jurnalistlar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari” mavzusida seminar o‘tkazildi.
* 13 avgust kuni "Zarafshon” va "Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati jamoasi Navoiy viloyati Nurota ziyoratgohiga sayohat uyushtirdi.
Shuningdek, sayohat davomida Navoiy shahri bilan tanishuv hamda viloyatning "Do‘stlik bayrog‘i” va "Znamya drujbi” gazetalari tahririyati ijodiy jamoalari bilan muloqot o‘tkazildi.
* O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2016 yil 1 iyuldagi "O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil”esdalik nishonini ta’sis etish to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, birlashgan tahririyat bosh muharriri Farmon Toshev, o‘rinbosarlar – G‘olib Hasanov va Anastasiya Pavlenko "O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil” esdalik nishoni bilan taqdirlanishdi.