Samarqandliklar sha’niga dog‘ tushirayotgan dabdaba

Buni alam bilan yozyapman. Chunki men ham samarqandlikman!

Keyingi yillarda tarixda bo‘lgani kabi ko‘hna va navqiron kentimiz xalqaro aloqalar markazi, turizm darvozasi, madaniyat o‘chog‘i sifatida dunyoga qayta tanilmoqda. Biroq bunga aks ta’sir ko‘rsatayotgan holatlar ham yo‘q emas.

Ayrim “og‘zidan sut ta’mi ketmagan yoshlar”ning likkilashi-yu, bunga hamohang tarzda ota-onalarning “Bolamga-ku, qilsam qilibmanda” qabilidagi dabdabali to‘ylarni o‘tkazishi omma orasida samarqandliklar sha’niga dog‘ bo‘lib, shov-shuvlarga sabab bo‘layotganligi alamlimasmi?

Bir to‘yda bachkana qiliqlar qilib, davrani xech kimga bermagan boladan nega bunday qilganligini so‘raganimda savolimga so‘roq gapli javob oldim.

- Akajon, ota-onamning ko‘z oldida o‘ynayapman-ku, ular indamaganda sizga nima?

Yoqa ushladim. Agar uning gapi rost bo‘lsa, ota-onalar o‘z bolasining “maymunlarcha” qilayotgan qiliqlariga jimgina tomoshabin bo‘lib, qarab turgan bo‘lsa, men nima ham derdim!? Yuragim ezildi.

Globallashuv davrida, sun’iy intellekt barcha sohalarni egallayotgan bir vaqtda biz “Hay oshi”, “Sarpo ochdi” “Fotiha”, “Somsa”, “Bazm”, “Chaqirdi” va shunga o‘xshash 20 ga yaqin (balki undan ham ko‘pdir) tadbirlarni o‘tkazib yuribmiz. Shu kerakmi bizga?! “Udumimiz bu, odamlar qilar ekan men ham bu kabi “amallarni” bajarishim zarur”, deb yurishimiz va eng yomoni yillar davomida peshona teri bilan yig‘ilgan, kamida 250-300 million so‘mlik mablag‘ni sarflashimiz to‘g‘rimi?!

Haqli savol tug‘iladi, sarflanayotgan ushbu pullar asli qayerdan kelyapti? Nega bu mablag‘ni farzandlarimizning kelajagi uchun investitsiya sifatida sarflamaymiz?

Zamon shiddat bilan rivojlanayotgan bir vaqtda orttirgan mablag‘imizni dabdabali to‘y qilish o‘rniga mahallamizdagi bolalarning hayotda qoqilmasligi uchun ta’lim olishiga sharoit yaratsak, yo‘llar va ko‘priklar barpo qilishga sarflasak yaxshimasmi?! Odamlar, kelajak avlod sizni yillar, asrlar davomida eslab yurishini istamaysizmi? Buni qilgan bir kunlik dabdabali to‘yingizga almashyapsiz. To‘y bir kun boringki, uch kun eslanar, biroq bir oydan keyin xech qachon yodga olinmaydi. Ammo yoshlar ta’limiga sarflagan mablag‘ingiz, investitsiyangiz, o‘zingizga bir necha barobar bo‘lib qaytishi rost.

Ustiga-ustak, bu kabi ortiqcha sarf-xarajatlar bilan “kim o‘zar”ga o‘tkazilayotgan to‘ylarning, isrofgarchiliklarning ham javobi bordir.

Qadrdonlar, samarqandliklar, ilm-fanda, tadbirkorlikda, sport va boshqa ko‘pgina sohalarda viloyatimiz vakillari boshqalarga o‘rnak bo‘lgan. Kelinglar, ixcham to‘y o‘tkazishdayam namuna bo‘laylik!

G‘ofirjon Bobobekov.