Menda taklif bor: “Kelajak uchun – 35 kitob” aksiyasini o‘tkazsak...

Kitobxonlikni keng targ‘ib etish maqsadida Prezidentimiz tashabbusi bilan ko‘plab yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Hatto avtomashina va qimmatbaho sovg‘alarning yosh kitobxonlarga toshirilishi kelajak avlodni kitobga oshno qilishga undab, ular safini kengayishiga xizmat qilmoqda.

Mana, yaqinda yurtimizda mustaqillik bayramining 35 yilligini keng nishonlash maqsadida Prezidentimizning qarori imzolandi. Joylarda tadbirlar ham boshlab yuborildi.

Shundan kelib chiqib, bir taklif bildirmoqchiman: Mustaqillik bayramiga sovg‘a sifatida viloyatimiz bo‘yicha “Kelajak uchun – 35 kitob” nomli kitobxonlik aksiyasini boshlasak.

Bu tadbirni targ‘ib etish orqali kutubxonalarni kitoblar bilan boyitish imkoni yaratiladi. Ya’ni, bunda xohlagan kishi ixtiyoriy ravishda ishxona, maktab, oliy o‘quv yurtlarida tashkil etilgan kutubxonalarga kitob olib kelib topshirishi mumkin.

Yana bir taklif, avval maktabni bitirgan o‘quvchilar tomonidan o‘zi o‘qigan maktabga 35 ta kitob sovg‘a qiladi. Bu ham o‘z navbatida yoshlarni kitobga bo‘lgan munosabatini oshirishga, o‘sha insondek bo‘lishga intilishiga va ruhlantirishga xizmat qiladi.

Husan Eltoyev,
Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi.