Samarqandlik fidoyilar e’tirof etildi
Viloyat hokimligida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan taqdirlangan yurtdoshlarimizga mukofotlarni topshirish marosimi o‘tkazildi.
Prezidentimizning shu yil 22 avgustda qabul qilingan farmonlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar vakillari, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Jumladan, Samarqand viloyatidan 27 nafar yurtdoshimiz davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, turli sohalarning 3 mingdan ortiq vakillari “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlandi.
Viloyat hokimi A.Boboyev marosim qatnashchilarini Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi va yuksak mukofotlar bilan tabrikladi.
– Sharq gavhari, dunyo sivilizatsiyasi va ilm-fan beshiklaridan biri bo‘lgan Samarqand bugun Yangi O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan hududi, xalqaro muloqot maydoniga aylanib bormoqda, – dedi viloyat rahbari. – Viloyatimizdagi ulkan qurilish-bunyodkorlik ishlari, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalardagi izchil o‘sish sur’atlari ta’minlanishida siz – fidoyi va mehnatkash samarqandliklarning hissangiz beqiyos. Bunday fidoyilik esa hech qachon e’tibordan chetda yoki rag‘batsiz qolmagan. Ushbu qutlug‘ va shodiyona kunlarda sizlarga va sizlar orqali oila a’zolaringizga mustahkam sog‘liq, uzoq va mazmunli umr, xonadonlaringizga tinchlik-omonlik tilayman.
Marosimda davlat mukofotlari va esdalik nishonlari o‘z egalariga tantanali topshirildi.
– Yaratganga shukr, qariyb 90 yoshim ostonasida Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishonini olish nasib etdi, – deydi mehnat faxriysi Maryam Shodiyeva. – Shu paytgacha davlat idoralarida, jamoat tashkilotlarida ishlab, mehnatlarim e’tirof etildi, ko‘p orden va medallar bilan taqdirlandim. Lekin bugun Mustaqillikning 1 yilligi esdalik nishonini taqib keldim va uning yoniga 35 yillik nishon qo‘shildi. Ana shu o‘ttiz besh yilning har bir yili jonajon Vatanimiz, har bir yurtdoshimiz hayotida o‘z izini qoldirgan, shu davr mobaynida nafaqat mamlakatimiz yangilandi, balki bizning ongu dunyoqarashimiz ham o‘zgardi, qalbimizda mustaqil O‘zbekistonning fuqarosiman, degan faxr paydo bo‘ldi. Esdalik nishonlar menga o‘ttiz besh yillik tarixni eslatyapti.