Universitetning nufuzi jadvaldagi o‘rni bilan belgilanmaydi

Iste’dodlarni kashf etish, yangi bilim yaratish va jamiyat taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatish kerak
 
Bugun dunyoda universitetlar o‘rtasidagi raqobat faqat talabalar soni yoki zamonaviy binolar bilan belgilanmaydi. Mamlakatning iqtisodiy o‘sishi, texnologik mustaqilligi va xalqaro nufuzi tobora ko‘proq uning bilim yaratish qobiliyatiga bog‘liq bo‘lib bormoqda. Shu ma’noda universitet oddiy diplom beruvchi muassasa emas, balki yangi g‘oya, texnologiya va yuqori malakali inson kapitali shakllanadigan strategik markazdir.

Jamil Salmining «Jahon darajasidagi universitetlarni yaratish» asari ana shu haqiqatni xalqaro tajriba asosida ochib beradi. Kitobning eng muhim xulosasi shundaki, jahon darajasiga chiqish uchun yagona tayyor qolip yo‘q. Garvard, Oksford, Kembrij, Singapur milliy universiteti yoki Sinxua tajribasini shunchaki ko‘chirish bilan kutilgan natijaga erishib bo‘lmaydi. Har bir mamlakat va har bir universitet o‘z ehtiyoji, imkoniyati va kuchli tomonidan kelib chiqib, o‘ziga xos yo‘l tanlashi kerak.
 
Reyting - maqsad emas, ko‘zgu
Xalqaro reytinglar universitetlarning ko‘rinishini kuchaytirdi. Ilmiy maqolalar, iqtiboslar, xalqaro hamkorlik, ish beruvchilar fikri, professor-o‘qituvchilar va talabalar tarkibi kabi ko‘rsatkichlar oliy ta’lim muassasalarini qiyoslash imkonini berdi. Biroq reytingni mutlaq haqiqat, deb qabul qilish ham xato. Chunki har bir reytingning o‘z uslubi bor - ayrimlari ilmiy tadqiqotni, boshqalari obro‘, xalqarolashuv yoki bitiruvchilar natijasini ustun qo‘yadi.
Shu bois universitetning butun strategiyasini reyting bali ortidan quvishga qurish xavfli. Reyting - tashxis qo‘yishga yordam beradigan ko‘zgu, xolos. Asosiy savol esa boshqa: universitet o‘z mamlakati va hududi uchun qanday qiymat yaratmoqda? Uning bitiruvchisi muammoni hal qila oladimi? Olimlari sanoat, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot, energetika yoki raqamli iqtisodiyot uchun yangi yechim taklif qilyaptimi? Ta’lim va tadqiqot natijasi odamlar hayotini yaxshilayaptimi? Agar shu savollarga ishonchli javob bo‘lsa, xalqaro e’tirof uning tabiiy natijasiga aylanadi.
 
Uch tayanch: iste’dod, resurs va samarali boshqaruv
Kitobda jahon darajasidagi universitetni yuksaltiruvchi uch omil alohida ko‘rsatiladi. Birinchisi - iste’dodlarning jamlanishi. Kuchli universitet eng yaxshi talabani qabul qilish bilangina cheklanmaydi. U yoshdagi iqtidorni topadi, uning mustaqil fikrlashiga sharoit yaratadi va tajribali olimlar atrofida ilmiy muhit shakllantiradi. Kuchli olim yangi loyiha va mablag‘ni, olimlar hamda iqtidorli yoshlarni jalb qiladi. Natijada yangi g‘oyalar tug‘iladigan «tanqidiy massa» paydo bo‘ladi.
Bu yerda akademik ochiqlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Faqat o‘z bitiruvchilarini ishga oladigan, tashqi g‘oya va raqobatdan yopiq universitet vaqt o‘tishi bilan bir xil fikrlash doirasida qolib ketadi. Xalqaro tanlov, boshqa universitetlardan olim jalb qilish, akademik mobillik va ilmiy diaspora bilan ishlash esa muhitni yangilaydi. Xalqarolashuv chet elliklar soni haqidagi hisobot emas, u turli tajriba va ilmiy maktablarni bir muammo atrofida uchrashtirish vositasidir.

Ikkinchi omil - yetarli va barqaror resurs. Zamonaviy laboratoriya, ilmiy baza, raqamli infratuzilma, nufuzli jurnallarga kirish va iste’dodli olim uchun munosib sharoit katta mablag‘ talab qiladi. Lekin masala faqat byudjet hajmida emas. Kuchli universitet davlat mablag‘i, ilmiy grant, sanoat buyurtmasi, homiylik, maqsadli kapital jamg‘armasi (endaument) va ta’lim xizmatlari kabi turli manbalarni birlashtira oladi. Muhimi, mablag‘ aniq ustuvor yo‘nalishga, natija va sifatga xizmat qilishi kerak.
Uchinchi omil - samarali boshqaruv. Universitetga akademik va tashkiliy mustaqillik kerak, ammo mustaqillik hisobdorlikdan xoli bo‘lish, degani emas. Aksincha, maqsadni o‘zi belgilash huquqi natija uchun mas’uliyatni ham oshiradi. Kadrni ochiq tanlov asosida ishga olish, resursni ustuvor vazifaga tez yo‘naltirish, yangi dastur ochish yoki samarasiz yo‘nalishni qayta ko‘rib chiqishning imkoni bo‘lmasa, hatto katta mablag‘ ham kutilgan samarani bermaydi. Shuning uchun kuchli rahbarlik, aniq missiya va o‘lchanadigan natijalar universitet taraqqiyotining asosiy shartidir.
 
Uch yo‘l - bir maqsad

Xalqaro tajriba jahon darajasidagi universitetni shakllantirishning uch asosiy yo‘lini ko‘rsatadi. Birinchi yo‘l - salohiyati yuqori bo‘lgan mavjud universitetlarni maqsadli modernizatsiya qilish. Bu usulda shakllangan ilmiy maktablar, kadrlar va an’analar saqlanadi, ammo ustuvor sohalarga qo‘shimcha resurs va boshqaruv erkinligi beriladi.
Ikkinchi yo‘l - bir nechta muassasani birlashtirib, yirik va ko‘p tarmoqli ilmiy markaz yaratish. Bunda laboratoriya, kadr va moliyaviy imkoniyatlar bir joyga to‘planadi. Lekin mexanik birlashtirishning o‘zi muvaffaqiyat kafolati emas. Agar umumiy missiya, yagona akademik madaniyat va samarali boshqaruv bo‘lmasa, yangi tuzilma eski muammolarni yanada yiriklashtirishi mumkin.
Uchinchi yo‘l - universitetni yangidan tashkil etish. Bu eski byurokratik odatlardan xoli, innovatsion o‘quv dasturlari va yangi boshqaruv modelini joriy etish imkonini beradi. Biroq bunday loyiha katta sarmoya, kuchli jamoa va uzoq muddatli siyosiy irodani talab qiladi. Amalda mamlakatlar ushbu uch yo‘lni o‘z sharoitiga mos ravishda uyg‘unlashtirishi mumkin.
 
O‘zbekiston uchun asosiy saboq
O‘zbekistonda oliy ta’lim qamrovi kengayib, yangi universitetlar ochildi, muassasalar qayta tashkil etildi, xalqaro hamkorlik va akademik innovatsiyalarga e’tibor kuchaydi. Endi miqdoriy o‘sishni sifat bosqichiga olib chiqish vazifasi turibdi. Buning uchun barcha universitetni bir xil qolipda rivojlantirish emas, ularning aniq maqsadini belgilash muhim. Ayrim muassasalar kuchli tadqiqot universiteti, boshqalari yuqori sifatli muhandislik, texnologik yoki hududiy universitet, yana boshqalari amaliy ta’lim va kasbiy tayyorgarlik markazi sifatida yuksalishi mumkin.

Har bir universitet barcha sohada bir vaqtning o‘zida yetakchi bo‘la olmaydi. Hatto dunyoning eng mashhur universitetlari ham muayyan fanlar va ilmiy maktablar orqali tanilgan. Demak, bizga ham «hamma yo‘nalishda oz-ozdan» emas, milliy iqtisodiyot talab qilayotgan ustuvor yo‘nalishlarda chuqur ixtisoslashuv zarur. Muhandislik, kimyo texnologiyalari, yangi materiallar, energetika, biotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi va raqamli texnologiyalar kabi sohalarda «universitet — korxona — ilmiy markaz» hamkorligi real loyiha, patent, startap va ishlab chiqarish yechimiga aylanishi lozim.
Bunda professorning qiymati faqat dars soati bilan, talabaning yutug‘i esa faqat imtihon bahosi bilan o‘lchanmasligi kerak. Professor yangi bilim yaratayotgani, yosh tadqiqotchi tayyorlayotgani va sanoat muammosiga yechim berayotgani bilan qadrlanadi. Talaba esa tayyor ma’lumotni takrorlashi emas, tajriba o‘tkazishi, jamoada ishlashi, savol qo‘yishi va yechimini himoya qila olishi bilan ajralib turishi zarur. Ana shunda ta’lim bilan tadqiqot o‘rtasidagi sun’iy chegara yo‘qoladi.
 
Ustunlik madaniyati bir kunda yaratilmaydi
Jahon darajasidagi universitet qurish bino qurishdan ancha murakkab. Binoni bir necha yilda barpo etish mumkin, ammo akademik obro‘, ishonch va ustunlik madaniyati o‘n yillar davomida shakllanadi. Shuning uchun tezkor natija va baland shiordan ko‘ra izchil siyosat muhim. Iste’dodli kadrni jalb qilish va ushlab qolish, yosh olimga imkoniyat berish, ilmiy halollikni ta’minlash, laboratoriyani doimiy yangilash, natijani xolis baholash va muvaffaqiyatsiz tajribadan saboq chiqarish.

Eng muhim xulosa shu - jahon darajasi, universitetning o‘ziga bergan nomi emas, jamiyat va xalqaro akademik hamjamiyat tan oladigan natija bo‘lishi kerak. U reytingdan boshlanmaydi, u auditoriyadagi savoldan, laboratoriyadagi tajribadan, rahbarning adolatli qaroridan va talabaning katta maqsadidan boshlanadi. Universitet shu jarayonlarni yagona maqsad va g‘oya atrofida birlashtira olsa, reyting ham, nufuz ham, iqtisodiy samara ham ortdan keladi.
O‘zbekistonga jahon darajasidagi universitetlar kerak. Ammo undan ham muhimi, mamlakatning har bir hududi va tarmog‘iga xizmat qiladigan, sifat va yangilikka intiladigan kuchli oliy ta’lim tizimidir. Chunki haqiqiy taraqqiyot bitta nufuzli nom bilan emas, bilim yaratish va uni jamiyat farovonligiga aylantirish qobiliyati bilan belgilanadi.

Botir USMONOV,
Toshkent kimyo texnologiyalari instituti rektori, texnika fanlari doktori, professor.

Izoh: maqola Jamil Salmining «Jahon darajasidagi universitetlarni yaratish» kitobi va uning O‘zbekiston nashriga kiritilgan tahririy sharhlar asosida tayyorlandi.