Samarqandlik sportchi, imom, o‘qituvchi va tibbiyot xodimlari davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Davlatimiz rahbari bugun, 2026 yil 22 avgustda “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida” Farmon qabul qildi.
Unga ko‘ra, vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlarga qo‘shgan munosib hissasi, o‘zining yorqin iste’dodi, keng qamrovli ilmiy-ijodiy va amaliy faoliyati bilan xalqimizning intellektual salohiyati va ma’naviyatini yuksaltirish, mamlakatimizda ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, sport, adabiyot, madaniyat va san’at sohalari, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, yosh avlodni ona yurtga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash yo‘lidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun bir guruh yurtdoshlarimiz faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi.
Ular orasida viloyatimizdan quyidagilar bor:
“O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi”
faxriy unvoni bilan
ASLANOVA Yelena Yurevna - Samarqand viloyati gimnastika turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi katta murabbiysi
“Imom Buxoriy” ordeni bilan
IBODULLAYeV Maxmud - Payariq tumanidagi “Imom al-Buxoriy” jome masjidi faxriy imomi
“Do‘stlik” ordeni bilan
HASANOV Aknazar Bekdurdiyevich - Samarqand davlat universitetining differensial tenglamalar kafedrasi mudiri
II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan
SUYuNOV Akram Olimovich - Urgut tumanidagi 118-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi
“Sog‘lom turmush” medali bilan
HAYDAROVA Zamira Qahhorovna - Samarqand tumani sog‘liqni saqlash bo‘limining 3-oilaviy poliklinikasi mudiri