“Kitobxon oila” (100 savolga — 100 javob) online  tanlovida 3 mingdan ortiq oila qatnashdi

Joriy yilning 22 aprelidan 26 may kuniga qadar Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilari va ularning ota-onalari o‘rtasida “1 iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni”ga bag‘ishlab “Kitobxon oila” (100 savolga — 100 javob) online tanlovi o‘tkazildi.

Haftaning dushanba kunidan juma kunigacha har kuni soat 17:00 dan 18:00 gacha tavsiya etilgan 30 dona o‘zbek va 10 dona jahon adabiyotlaridan tuzilgan 4 tadan savollar berib borildi va shu asosda kun g‘oliblari aniqlandi.

Mazkur tanlov orqali karantin davrida o‘quvchilar hamda ularning oilalarida milliy va jahon adabiyotlarini tizimli targ‘ib qilish, ularning qalbida vatanparvarlik, ezgulik, insonparvarlik singari yuksak insoniy fazilatlarga nisbatan mehr va muhabbat uyg‘otish hamda axborot olish madaniyatini shakllantirish, o‘quvchilarning ma’naviy dunyosini  boyitish, ularda mustaqil va tanqidiy fikrlash, ko‘nikma, malakalarini hosil qilish, ma’naviy tahdidlarga nisbatan sog‘lom immunitetni rivojlantirish kabi vazifalar maqsad qilib olingan.

Tanlov davomida har kuni 100 dan ortiq o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari o‘z bilimlarini sinab ko‘rishdi va kun g‘oliblari aniqlandi.

Tanlov natijasiga ko‘ra, Paxtachi tumani 21-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Marhabo Umarova va uning onasi Nilufar Hidirova I-o‘rin, Ishtixon tumani 1-IDUMning 10-sinf o‘quvchisi Hayriniso Jo‘rayeva va uning onasi Baxtiniso Rahmonova II-o‘rin, Bulung‘ur tumani 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Xabibullo Muhammedov va uning otasi Rajab Muxammedov III-o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Tanlovda Paxtachi tumani 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Mashhura Kamolova, Samarqand shahar 63-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Shaxrizoda Ibragimova va Nurobod tumani 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Zuxriddin Ismoilovlar faol ishtirok etishdi.

Tanlovda umumiy hisobda 3000 dan ortiq kitobxon oilalar qatnashdi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.