Samarqandlik shifokorlar bemor qornidan 200 gramm mix oldi
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga 29 yoshli fuqaro qorin sohasida kuchli og‘riq bilan keltirildi.
Shoshilinch qabul bo‘limida o‘tkazilgan diagnostika va laboratoriya tahlillariga ko‘ra, bemorning me’da ichak tizimida katta miqdorda temir jismlar, xususan, mix va samorezlar borligi aniqlandi.
- Bemorda shoshilinch tarzda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozimligini belgilab oldik, - deydi markazning oliy toifali shifokori Yo‘ldosh Kuliyev. – Operatsiyaga tayyorlashning barcha jarayonlaridan so‘ng laparatomiya, gastrostamiya usulida jarrohlik o‘tkazildi. Bemor qorin bo‘shlig‘idan katta miqdorda, ya’ni qariyb 200 gramm atrofidagi metall jismlar olib tashlanishiga erishildi. Amaliyot bir soatlar vaqt davom etdi. Ayni paytda bemorning ahvoli yaxshi, bemalol erkin harakatlanmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra erkak qattiq stressga tushgan va o‘z xatti-harakatlarini nazoratga olmagan holda ushbu jismlarni yutgan, deyishmoqda.