O‘zbekistonda ilk marta spinal stimulyator implantatsiyasi operatsiyasi qilindi
Spinal stimulyator implantatsiyasi yoki orqa miyaga elektr “chip”larini o‘rnatish operatsiyasi zamonaviy neyroxirurgiyaning oxirgi innovatsion yutuqlaridan hisoblanadi.
Bu amaliyot orqa miya va uning ildizlarining travmatik shikastlanishlari, qon aylanishi yetishmovchiliklari, infeksion zararlanishlar va boshqa turdagi shikastlanishlarda amalga oshiriladi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi shu vaqtgacha bosh miyaga stimulyatorlar o‘rnatish (Parkinson va boshqa harakat buzilishi kasalliklarida) operatsiyalarini tizimli yo‘lga qo‘ygandi. Neyromodulyasiyani rivojlantirishning keyingi bosqichida respublikamizda ilk marta spinal stimulyatorlar o‘rnatishga asos solindi.
Bir necha yillardan beri olingan jarohat oqibatida mustaqil yura olmaslik va nevrologik yetishmovchiliklar bilan qiynalib kelgan bemorga “Orqa miyaning 8-9-10-11 ko‘krak segmentlariga va chanoq bo‘shlig‘idagi dumg‘aza chigaliga spinal stimulyatorlar o‘rnatish” operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Operatsiyadan bir kun o‘tib stimulyator faollashtirildi va bemor shikoyatlariga moslashtirilib dasturlandi.
Operatsiyadan so‘ng bemor mustaqil yura boshladi, og‘riqlar to‘liq o‘tdi, chanoq a’zolari faoliyatini his qila boshladi, sezgi faoliyati sezilarli yaxshilanishiga erishildi.
Markazda shu turdagi operatsiyalarni seriyali tarzda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Sababi, yurtimizda shu turdagi operatsiyalarga ehtiyoji bo‘lgan ko‘plab bemorlar turli nogironlik darajalari bilan hisobda turadi.
SamDTU axborot xizmati.