Gul parvarishlab boylik yaratgan yigit: Birgina “Viola”dan 400 million so‘m daromad
Samarqand tumani Navobod mahallasida yashovchi Fozil Gadoyev to‘rt yildan buyon gulchilik bilan shug‘ullanib keladi.
Hozirda u 25 sotixli issiqxonada turli xil gul ko‘chatlarini yetishtirmoqda va bu orqali oilasi bilan barqaror daromad topmoqda.
— Bu yerda oilaviy mehnat qilamiz, — deydi Fozil. — Yil bo‘yi gul ko‘chatlarini parvarishlaymiz. Qish oylarida “Viola” gullarini yetishtirish bilan shug‘ullanamiz. Bu gulning afzalligi shundaki, u sovuqqa juda chidamli: +15 darajadan −35 darajagacha bo‘lgan haroratda ham yaxshi o‘sadi. Ammo issiqqa chidamsiz. Eng muhimi, issiqxonani isitishning ham hojati yo‘q.
Ayni paytda 10 sotix yerda 3 ming tup “Viola” ko‘chati tayyor bo‘lgan. Har bir ko‘chat uchun urug‘, idish, biogumus va o‘g‘itlarga o‘rtacha ming so‘m sarf bo‘ladi. Tayyor ko‘chatlar esa o‘rtacha 3 ming so‘mdan sotiladi. Demak, har bir ko‘chatdan 2 ming so‘m sof foyda qoladi. Bu hisob bilan Fozil bir mavsumda taxminan 400 million so‘m daromad ko‘rishi mumkin.

Bundan tashqari, bahor, yoz va kuz mavsumlariga mo‘ljallab ham turli xil gul ko‘chatlari yetishtiriladi. Yaqinda xrizantema gullarini sotib tugatgan Fozil endi qish mavsumida uch marta “Viola” ko‘chatlarini, bahorda esa rayhon, salviya va pituniya kabi gul ko‘chatlari yetishtiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yildan-yilga xaridorlar soni ko‘paymoqda va bu uni yanada faollikka chorlayapti. Fozil kelgusida issiqxonalar sonini ko‘paytirish hamda gulchilikni keng miqyosda yo‘lga qo‘yish niyatida.

Fozil Gadoyev kabi mehnatsevar, ishbilarmon yoshlarimiz mehnati bilan nafaqat ro‘zg‘orini obod qilyapti, balki yurt ko‘rkamligiga, Vatan taraqqiyotiga ham munosib hissa qo‘shmoqda.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto+video).