Media haftalikdan keyingi o‘ylar: Gazetalar o‘lmaydi – qimmatlashadi
Sarlavhani o‘qib, xulosa qilishga shoshilmang. O‘zi shundog‘am gazetalarning yillik obuna narxi yildan-yilga oshib borayotgan bir paytda gazeta qimmatlashadi, deb vahima qilish nima kerak, deguvchilar topiladi, albatta.
Bugun gazetaga ehtimolki, majburlovlar orqali obuna bo‘lganlar ham, uni o‘qiyotganlar soni yildan yilga kamayib bormoqda. Darhol gazetalarda o‘qishli narsa yo‘q, demang. Shunday iddao qilganlarning bir necha nafarini so‘roqqa tutganman, keyingi oylarda emas, oxirgi yillarda qaysi vaqtli nashrni kuzatib boryapsiz, deb. “Yo‘q, yaqin yillarda gazetani ko‘rganim yo‘q”, deb javob olganman ko‘pchilikdan.
“Tamg‘ali tarix”
Gazeta o‘qish, yoshlarning tili bilan aytganda “trend”dan qolishi bundan bir necha yil ilgarigi vaziyat bilan bevosita bog‘liq. Faqat maqtov va “qizil” gaplardan iborat, mavzusi ham, yozilish uslubi ham bir xil bo‘lgan shablon maqolalar bilan to‘lib-toshgan gazetalarni yaxshi eslaymiz. Buni qarangki, qaysidir bir davrdagi so‘z erkinligiga taqiqning asoratlari hamon o‘z kasrini ko‘rsatmoqda. Aholida gazeta desa, ko‘ngil ayniydigan darajada toqatsizlik paydo qildik va buning azobini hamon tortib kelyapmiz. Aholida gazetaga nafrat shakllandi, yaxshi jurnalistlar boshqa ish qidirdi, sohada ulkan bir xaos paydo bo‘ldi. Bosma nashrlarda barmoq bilan sanarli darajada fidoyilar ishladi, gazetalar hali bir paytlardagi singari gullab-yashnaydi, jamiyat vaqtli matbuotsiz yashay olmaydi, degan ishonchi o‘lmagan insonlar qoldi. Tan olish kerak, faqat fidoyilar emas, ijodda o‘rtamiyonalikdan o‘ta olmaydiganlar ham ko‘p edi bu safda.
Ammo murakkab davrlardan o‘tib olgach, internetning jadal rivoji, jamiyatning turli jabhalarida raqamli texnologiyalarga o‘tilishi kabilar bugun o‘sha ozgina ishonchni ham o‘ldirdi. Endi gazetalarning yashab qolishiga umid yanada zaiflashganday bo‘ldi.
Katta davralarda, “gazeta yashab qolishi uchun nima qilish kerak? Axir, bu taxlit ketadigan bo‘lsa, savodsizlik, fikrlash darajasi tobora pasayish avj oladiku!” deya bong uradiganlar ko‘paydi.
Mohiyat o‘zgarmaydi
Shu haftada Samarqandda, umuman, navbati bilan mamlakatimizning barcha viloyatlarida o‘tkazilayotgan media haftalik noodatiy qarashlar, taqdimot hamda mashg‘ulotlari bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.
Bosma nashrlar vakillari uchun o‘tkazilgan sessiyalarda qiziq bir savol va mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Xususan, xalqaro doiradagi ekspert Eldar Asanov yig‘ilganlarga shunday savol bilan murojaat qildi:

- Xo‘sh, mohiyat axborot tarqatish, sifatli maqolalarni o‘qitish ekan, nega qog‘oz variantdan voz kechib qo‘ya qolmaymiz? Axir, bugun texnologiya rivojlangani sari telefon orqali ham juda qulay format va shakllarda butun boshli kitoblarni ham o‘qish mumkinku. Maqola nima bo‘pti?
Bu mulohazaga ba’zilar qo‘shildi, ko‘pchilik qarshi fikr bildirdi. “Axir gazetasiz yashab bo‘ladimi!” deydiganlar toifasi o‘z mulohazasini isbotlab bera olmagan bo‘lsa-da, ammo ular ko‘pchilikni tashkil etdi.
Qog‘oz ham, internet ham tashuvchi
Ekspert barcha fikrlarni eshitgach, dunyo tajribasiga asoslangan nuqta nazarini bildirdi.
- Jurnalistikaning an’anaviy va onlayn - ikki shakli turli tarixiy davr va sharoitda vujudga kelgan, har xil auditoriyaga mo‘ljallangan, shunga yarasha o‘z maktablarini yaratgan, - deya fikrini davom ettirdi E.Asanov. - Bosma nashr odatda sahifa kompozitsiyasi, chuqur tahlil, tahrir, yakunlangan matn va nisbatan uzoqroq vaqt ishlab chiqarish silsilasiga tayangan. Onlayn jurnalistika esa tezkorlik, doimiy yangilanish, qidiruv orqali topish imkoni, giperhavolalar va diqqati tarqoq auditoriya uchun kurash sharoitida shakllangan. Natijada ikki xil strategiya yuzaga keldi: bir tomonda “gazetacha murakkablik”, ikkinchi tomonda esa “raqamli shoshqaloqlik”.
Bu muhitda zamonaviy muharrirning vazifasi odatlarni himoya qilish emas, har ikkala an’anadagi eng kuchli jihatlarni amaliyotda qo‘llash va rivojlantirish.
Qog‘oz ham, internet ham avvalo tashuvchi. Jurnalistika sifati esa tashuvchidan ko‘ra ko‘proq maqsad, janr, tahrir strategiyalari va auditoriyani bilishga bog‘liq. Misol uchun, bitta material bir necha shaklda yashashi mumkin: gazeta sahifasi, sayt maqolasi, telegram posti, instagram “karuseli” yoki qisqa video. Shuning uchun solishtirishda bosma yoki raqamli emas, balki o‘qish ssenariysi va matn qurilishi e’tiborga olinishi lozim.
Jurnalist kasbini o‘zgartiradi
Bu fikrlarga qo‘shilmay ilojing yo‘q, sababi bugungi zamonaviy jurnalist shu usullardan foydalanmasdan ishlay olmayapti, to‘g‘rirog‘i, faqat gazetaga maqola yozaman degan jurnalist o‘z auditoriyasini yo‘qotib boryapti, xolos. To‘g‘ri, oson bo‘layotgani yo‘q: 10-20 yildan beri faqat matn bilan ishlagan, ma’lumot qidirib, uni tartibga solgan, o‘quvchiga uni chiroyliroq, badiiyroq tarzda yetkazay deya uringan, o‘zi yoritayotgan sohani ham qariyb shu soha egasiday bilishga intilib maqola yozayotgan jurnalistga yana boshqa talablar ham qo‘yila boshlandi. U bir paytning o‘zida telejurnalist, bloger, vayner va hokazo bir formatlarda chiqish qilishga majbur bo‘lmoqda. Bunday yo‘nalish kishidan puxta bilimdan ko‘ra ko‘proq artistizm, auditoriyaga yengilroq qarash, nutqini rivojlantirish, ekran texnikasini mukammal bilish kabi qator ko‘nikmalarni o‘zlashtirishni ham taqozo etmoqda.
Vaholanki, bitta yaxshi tahliliy maqola tayyorlash kishidan nafaqat to‘g‘ri ma’lumotlar yig‘ish, balki uni qayta ishlash, bir nechta ekspertlar bilan bog‘lanish, ularning fikrni chog‘ishtirish, tahlil qilish va keyingina tahliliy maqolaga qo‘l urishni talab etadi. Jurnalist shunday mukammal maqola yozsinmi yoki maqolasini “yedirish” uchun turli formatlarga murojaat qilib vaqtini o‘tkazsinmi? Bir paytlar jurnalist kasbini o‘zgartiradi, iborasi juda jiddiy bir ma’no berar, muxbirlar turli kasb egalari hayotini o‘rganish uchun o‘sha yo‘nalishda chinakamiga ishlab, ularning bor yutuq va muammolarini o‘rganib, jamiyatni larzaga soladigan maqolalar yozardi. Bugun esa bu ibora “shoumenlik” ekanini anglatadi, xolos.
O‘zA muxbiri oyna tutdi
O‘zbekiston milliy axborot agentligi muxbiri Ikrom Avvalboyev yuzimizga oyna tutdi. Tanishuv avvalida hammamizdan ism-sharifimiz bilan bir qatorda keyingi oylarda yozgan bitta yoki ikkita maqolamiz sarlavhasini ham aytishimizni so‘radi. To‘g‘risi, sarlavhalarni eshitib, bir xillikdan yuzimiz qizardi. “Qachon shukur qilib yashaysan?”, “Yashil makoni loyihasi amalda”, “Bahorni uyg‘otgan fermer”, “Shirkatlar qanday ishlayapti?”, “Inson umri aziz” kabi qaysidir ma’noda bugungi o‘quvchini qiziqtira olmaydigan sarlavhalar yangradi. Demak, o‘quvchini qiziqtiradigan mavzulardagi tahliliy maqolalarimiz bilan ham maqtana olmaydigan holatga kelganimiz rostdir, balki.
Aynan shu masalada Ikrom Avvalboyev o‘z takliflarini o‘rtaga tashladi.

-Bir qaraganda bugunning dolzarb masalasi olib chiqilgan maqola qanchalik muhim bo‘lmasin, sarlavhasi e’tibortortar bo‘lmas ekan, uni o‘quvchi o‘qimaydi. Shuncha mehnatga yarasha jurnalist bu masalaga alohida yondashuvi lozim. To‘g‘ri, jurnalistikada sarlavhaning ahamiyati bugungi gap emas, u paydo bo‘lgandan beri aytiladi. Lekin bugun u har qachongidan ko‘ra dolzarb.
Tabiiyki, bir xil sarlavhalar o‘z-o‘zidan yuzaga kelmayapti. Agar buni tahlil etsak, yana ko‘p “yara”lar ochilib ketadi. Tuman, shahar gazetalari bugun katta qiyinchilik bilan yashab qolayotgani hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Yashab qolish sharoitida yaxshi mutaxassis topish esa qirolichalarning kulbada yashashi kabi ishonib bo‘lmas haqiqat. Shahar, tuman kengashlari muassis sanalgan gazetalar bugungi kunda to‘lasincha hududiy hokimliklarga qaram bo‘lib qolgan. Bunday qaramlik faqat ularga yoqadigan maqolalar ko‘rinishi bilan gazetada aks etadi. Bunday muhit, ya’ni boshqacharoq, tanqidiyroq ruhdagi maqolalar gazetaning “yashab qolish” darajasini yanada pastga tushiraveradi. Natija esa bugungi ko‘rinishday bo‘ladi, bir xillik, zerikarlilik, yalt etgan fikrning yo‘qligi...
Kishiga taskin bergan tomoni, media haftalik ekspertlarining aksariyati Samarqandga biroz o‘ylab keldik, chunki bu yerda “Zarafshon” gazetasi barcha zamonaviy texnologiya va platformalardan foydalangan holda ish yurityapti, gibrid usul ushbu tahririyatda samara beryapti, deya e’tirof etishdi. Qolaversa, tuman gazetalari, xususan, “Paxtachi” va “Jomboy tongi” gazetalari ham an’anaviy usul bilan raqamli platformalarni bir paytda qo‘llab, axborot, fikr yetkazishda ustunlikka ega bo‘lmoqda, deyishdi.

Eplaymiz!
Xullas, bugun jurnalist qiyin tanlovlar oldida qolgan, u necha yillardan beri asrab kelayotgan so‘ziga, adolatiga, xolisligiga xiyonat qilgisi yo‘q. Katta auditoriyaga esa “shou” kerak. Qisqa matnda hamma gapingni ayt, qisqa, qiziqarli video uzat menga, shu yetadi, deb turibdi. Butun bir jamiyatga tatbiq etmasak ham umumiy holat aynan shunday rakursda namoyon. Ekspertlarimiz bu vaziyatga yaxshi talqinlar, samarali takliflar bilan qiziqishimizni orttirdi. Xususan, Eldar Asanovning “Qo‘rqmang, gazeta o‘lmaydi, aksincha qimmatlashadi. Ya’ni, sifatli tahlil, yaxshi maqolaga ehtiyoj susaymaydi. To‘g‘ri, o‘quvchilari kamayar. Ammo asl narsalarning doim kichik bo‘lsa-da, o‘z auditoriyasi bo‘lgan, axir siz uchun sifat muhim emasmi? Sizning yaxshi maqolalaringiz uchun yaxshi haq to‘laydigan nashrlar bo‘ladi, ular hozir ham bor!”.
Ikrom Avvalboyev esa “Maqola yozib yurgan inson borki, unda albatta ijodkorlik mavjud. U shu ijodkorligidan bugun to‘liq foydalanishi kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda turli rakurslarda o‘z mehnatingizni namoyon eting, o‘zingizni, borayotgan hududlaringizni o‘z tarmog‘ingizda qo‘shningizga qanday aytib bersangiz, shu tarzda joylashtirib boravering, odamlarga yaqinroq bo‘ling, buni eplaysiz!”, deya ishtirokchilarni ruhlantirdi.
Biz ham eplaymiz, degan ichki bir ishonch bilan chiqdik mashg‘ulotlardan. Ehtimol, media haftalikning maqsadi ham shu bo‘lgandir.
Gulruh Mo‘minova.