Tanbehida mehr, maslahatida katta yurak egasiga xos g‘amxo‘rlik bor edi

Inson hayoti ba’zan bosib o‘tgan yillari bilan emas, balki odamlar qalbida qoldirgan mehr izlari bilan o‘lchanadi. Shunday insonlar bo‘ladiki, ular bu dunyodan erta ketsa-da, ezgu nomi, samimiy so‘zlari, bag‘rikengligi va odamlarga qilgan yaxshiliklari yillar o‘tgan sari yanada qadr topaveradi. Ular bilan kechgan bir lahza, bir suhbat, yupanch bo‘lgan bir og‘iz so‘z ham inson qalbida umrbod saqlanib qoladi.

Ba’zan yodga tushgan ana shunday insonlar haqida o‘ylar ekansan, qalbingni iliq sog‘inch qamrab oladi. Chunki ular tirikligida atrofiga mehr ulashib yashagan, odamlar dardini o‘z dardidek his qilgan, qalbi nur va ezgulikka to‘la insonlar bo‘lgan. Shuning uchun ham ularning xotirasi vaqt o‘tgani sayin so‘nmaydi — aksincha, insonlar yuragida yanada qo‘r oladi.

Samarqandning mustaqillikdan oldingi va keyingi o‘n yilliklarida faoliyat yuritgan jurnalistlari haqida gap ketsa, shubhasiz, Azizi Yo‘ldoshev nomi birinchilar qatorida aytiladi.

Bu bejiz emas. 1978 yilda "Lenin yo‘li" (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi tahririyatiga ishga kelgan Aziz Yo‘ldoshev tez orada jamiyatda uchraydigan muammolar haqida tanqidiy va tahliliy maqolalar yozib, gazetxonlar qalbidan joy oldi. Tahririyatda maxsus muxbir, xatlar bo‘limi mudiri, bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlab, men kabi o‘nlab yoshlarga ustozlik qildi.

Esimda, 1993 yilda tahririyatga ish yurituvchi-kotiba sifatida ishga kelganimda ma’lum vaqt o‘tib, qalbimda ijodga, maqola yozishga ilk ishtiyoq uyg‘ondi. Yozgan mashqlarimni o‘sha paytlarda muharrir o‘rinbosari Aziz aka Yo‘ldoshevga iymanibgina, hayajon bilan ko‘rsatar edim.

Aziz aka yozganimni sabr bilan o‘qib chiqar, fikrlarini ayamas, kamchiliklarimni tushuntirardi. Men esa bundan aslo ranjimasdim. Chunki u kishining tanbehida mehr, har bir maslahatida esa katta yurak egasiga xos g‘amxo‘rlik bor edi. Yonimda meni qo‘llab-quvvatlaydigan, gazetachilikning sir-asrorlarini bildiradigan, jamoa o‘zaniga qo‘shilishda ko‘makdosh inson borligidan qalbim taskin topardi.

Gazetada ilk maqolam chop etilgan kungi quvonchimni hech unuta olmayman. Aziz aka esa odatdagidek miyig‘ida kulib qo‘ydi. O‘sha samimiy, kulgichli tabassumidan istarali chehrasi yanada yorishib ketdi.

Aziz akaning yana ajoyib fazilatlaridan biri — odamlarni tinglay bilishi edi. Kimningdir dardi, muammosi yoki og‘ir tashvishi bo‘lsa, beixtiyor uning xonasiga kirib borardi. Aziz aka muammosini aytgan kishidan maslahatini ayamas, qo‘lidan kelgancha yordam berishga, yupanch so‘z aytishga harakat qilar, o‘zgalar dardini og‘riqli yuragiga jo etardi.

Afsuski, shunday benazir inson yurak xastaligi tufayli hayotdan erta (1997 yil, 45 yoshida) ketdi. Ammo Aziz aka odamlar xotirasida nafaqat yaxshi jurnalist, balki oliyjanob, bag‘rikeng va mehribon, qalbi ham, o‘zi ham go‘zal inson bo‘lib qoldi.

Gulnora Xoldorova.