“Siz ham sog‘inasiz, sog‘inib yuring”
O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoir va publitsist Xayrulla Hamroyev hayot bo‘lganida bugun 70 yoshni qarshi olgan bo‘lar edi.
Xayrulla Hamroyev 1956 yilda Bulung‘ur tumanining Oqtepa qo‘rg‘onida tavallud topdi. Yoshlikdan ilmga, adabiyotga va so‘z san’atiga mehr qo‘ygan Xayrulla maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, Samarqand davlat universitetining tarix fakultetida tahsil oldi. Talabalik davridanoq uning qalami charxlanib, jurnalistika va badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishi uni hayot yo‘lini belgilab berdi.
U mehnat faoliyatini Bulung‘ur tumanidagi “Bulung‘ur hayoti” gazetasida boshladi. Ilk maqolalaridanoq uning o‘tkir nigohli, hayot voqeliklarini teran his etadigan ijodkor ekani namoyon bo‘ldi. Keyinchalik u tuman radiosi tahririyatida, so‘ngra “Zarafshon” gazetasida, shuningdek, “Mehnat”, “Zarafshon” nashriyoti, “Oila va jamiyat” va “Samarqand” gazetalarida samarali faoliyat yuritdi.
Xayrulla Hamroyevning jurnalist sifatidagi faoliyati serqirra va mazmunli bo‘ldi. Turli tarmoq gazetalari va matbaa nashrlarida e’lon qilingan maqola, ocherk va lavhalari, tahliliy chiqishlari orqali u jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqdi. Uning yozganlari samimiyligi, hayotiyligi va o‘quvchi qalbiga yetib borishi bilan ajralib turar, shu bois gazetxonlar tomonidan doimo qiziqish bilan kutib olinar edi.
U nafaqat mohir jurnalist, balki qalbi qaynoq, ilhomga boy ijodkor ham edi. Xayrulla Hamroyevning she’riy va nasriy asarlari o‘quvchilar tomonidan iliq kutib olingan. Xususan, «Umrning ovozi», «Sarbon», «Taskin», «Ibratli umr», «Ayro yo‘lda adashganlar», «Barqaror avlod» kabi asarlari orqali u inson taqdiri, hayot mazmuni va ma’naviy izlanishlarni chuqur va ta’sirchan ifoda etgan.
Afsuski, iste’dodli ijodkorning umri qisqa bo‘ldi. Xayrulla Hamroyev 2019 yilda, ijodi kamolot pallasiga kirgan bir vaqtda, 63 yoshida vafot etdi. Biroq u qoldirgan boy ijodiy meros, samimiy so‘z va qalb harorati bilan yo‘g‘rilgan asarlari bugun ham o‘quvchilar qalbida yashamoqda.
Quyida hamkasbimiz Xayrulla Hamroyevning ijod namunalaridan ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.
***
ONAMNI SOG‘INIB
Goho bu dunyoga sig‘may ketaman,
Onajon, sog‘inib diydoringizni.
Diydamdan sizilgan yoshni yutaman,
Hech narsa bosolmas xumoringizni.
Siz yegan tovoqqa suzdiraman osh,
Siz tutgan qoshiqqa bosaman labim.
Sho‘rgina tot berar ko‘zdan oqqan yosh,
Sog‘inchdan toliqdi dilim, asabim.
Janda bo‘lib ketdi siz tikkan chopon,
Baribir egnimdan tushirolmayman.
Enatut kutadi hovlida hamon,
Undan dardlarimni yashirolmayman.
Tinim bilmasdingiz erta nahordan,
Ko‘ylagim dazmollab, shimim dazmollab.
Gohida chehrangiz ko‘rarmanmi, deb,
O‘ksiyman, siz boqqan oynaga qarab.
Oshning sabzisini ko‘rmasdingiz xush,
Men ham shu odatga ko‘nikib qoldim.
Sarxush uyg‘onaman sizni ko‘rsam tush,
Ne yaxshi xislat bor, men sizdan oldim.
Qizlarni uzatdim, qutuldim qarzdan,
Hademay kelinlar keladi uyga.
Ularga o‘taman «siz o‘tgan darsdan»,
Ruhan kelib keting, boshlasam, to‘yga.
Xayolda siz bilan dardlashaman xo‘b,
Siz ham sog‘inasiz, sog‘inib yuring.
Bu dunyoda hali bitmagan ish ko‘p,
Faqat yoningizga chorlamay turing…
KINDIK QONIM TO‘KILGAN QIShLOQ
Onam ruhi kelgan shu makon,
Fikru xayol ketar u tomon,
Chorlar meni o‘ziga har on,
Kindik qonim to‘kilgan qishloq.
Bolaligim xotirasi u,
Xotiraning bokirasi u,
Sho‘xliklarning xotimasi u,
Kindik qonim to‘kilgan qishloq.
Tol xivichlar minib chopganim,
Ko‘zim ochib ilk bor topganim,
«Hammom pish»dan uylar yopganim,
Kindik qonim to‘kilgan qishloq.
Unda o‘tdi o‘smirlik chog‘im,
Tezak yoqqan tandir, o‘chog‘im,
Boshga kiygan bodringpo‘chogim,
Kindik qonim to‘kilgan qishloq.
Keng dalada boqqanim qo‘ylar,
Qizlar bilan chalg‘igan o‘ylar,
Kurash to‘ylar, ko‘pkari to‘ylar,
Kindik qonim to‘kilgan qishloq.
Tinch qo‘ymasdi handalak isi,
Derdi bizni «qovun o‘g‘risi»,
Eslab, yig‘lab oldim to‘g‘risi,
Kindik qonim to‘kilgan qishloq.
O‘ylab ba’zan oh chekaman goh,
Bo‘lolmadim bir sodiq hamroh,
Farzandingman, der Xayri Olloh,
Kindik qonim to‘kilgan qishloq.