"Kelding-u, o‘tding ketib bir sham yonib o‘chgunchalik"
Nusratulla Xidirov bilan bir sinfda o‘qiganman. U mulla Abdullo bobo hamda Soliha momodek mukarram ayolning tarbiyasini olgani uchun muomalada ham ko‘pchilikdan ajralib turardi: hammani sizlardi, og‘zidan yomon so‘z chiqmasdi.
Musiqa to‘garagiga birga qatnaganimiz uchun bir-birimizni yaxshi tushunardik. Hatto 8-sinf yakunida o‘sha paytdagi madaniy-oqartuv texnikumining milliy sozandalik bo‘limiga o‘qishga borishni orzu qilganmiz.

Kamgap edi, ko‘p o‘qirdi, lekin baho uchun tortishganini ko‘rmaganman.
Nusratulla Buxoro davlat pedagogika institutining fizika fakultetini bitirib, qadrdon maktabimizda dars berdi. U o‘n yil ichida nafaqat o‘z kasbining fidoyisi, balki mahoratli egasi sifatida tanildi. Shogirdlari turli tanlov va olimpiadalarda zafar qozonavergach, hamkasblar e’tiboriga tushdi. So‘ng O‘zbekiston xalq o‘qituvchisi bo‘ldi.
Do‘stim badiiy ijod bilan ham pinhona shug‘ullanib kelgan ekan. Buni menga mashqlarini yuborgandan keyin bilib qoldim. Afsuski, taniqli muallim og‘ir xastalikdan so‘ng 2011 yilning dekabr oyida, 60 yoshi arafasida olamdan o‘tdi.

U o‘zidan besh nafar solih farzand qoldirdi. Uch qizi ota kasbini egalladi. Hozir o‘g‘li Nasimjon bilan Nusratullaning g‘azal va hikoyalaridan kitob tayyorlayapmiz. Quyida uning bir juft g‘azalini e’tiboringizga havola etamiz.
Farmon TOShEV,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.
***
Kamolim sen
Sanam, subhi sabolardan so‘rar so‘zim, savolim sen,
Uzun tunlar o‘tib bedor, surar o‘yim, xayolim sen.
Asaldek so‘zlaring tinglash muqaddas dil murodimdir,
Tiniq chehrang tiniqlikda qiyosi yo‘q, zilolim sen.
Firoqing o‘tida mahzun ko‘ngil sendan najot istar,
Yurakda o‘rnashib qolgan umid-orzu, visolim sen.
Ijozat ber, to‘yay bir pas pariruxsor, uzoringga,
Chiroyda ne malaklardan o‘tar sohib jamolim sen.
Yiroqda sen sharor yanglig‘ ziyo sochding, vale, afsus
Munavvar oy jamolingga yetish amri maholim sen.
Azizam, har mahal Nusrat xayol, yoding bilan bedor,
Ki, bu olam ichinda izlagan baxtu kamolim sen.

To‘xta bir dam...
Yoshligim, gul fursating qisqa bo‘lurmi shunchalik,
Kelding-u, o‘tding ketib bir sham yonib o‘chgunchalik.
Bo‘lsa imkon, to‘xta bir dam, bir nafas tark etmagin,
Bor halovat, lazzatingdan totinib ko‘rgunchalik.
Men qadah oldim qo‘lingdan, shodligimning cheki yo‘q,
Sipqoray, kutgil, safosi-kayfini surgunchalik.
Zavqingga to‘ymay ko‘ngil afsusdadir, ye voh, netay,
Qancha orzu birla armon qoldi qon yutgunchalik.
Ne umid birlan kelib Nusrat g‘azal bo‘stoniga,
Qo‘l uzatsa, shoshmagin, bir dasta gul uzgunchalik.
Nusratulla XIDIROV.
