Safar Oston haqiqatlari

Bugun taniqli jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Safar Ostonov (1948-2021) tavallud topgan kun.

Dunyodan o‘tganiga to‘rt yarim yil bo‘libdi ustozning. Lekin to‘rt kun avval ham ko‘rishgandek tuyulaveradi biz uchun hali ham. Oxiratlari obod bo‘lsin ilohim!

Bugun Safar akaning "Umid bilan yashagin!" kitobiga kirgan ayrim alamli haqiqatlar bitilgan hayotiy xulosalarini yana bir bor xotirlab qo‘ysak...

ShAYTONLAR

Ichi qora odamni kimdir “tuzalibdi, o‘zgaribdi” desa, ishonmang, ichi qora odam osmon qulab tushsa ham, “tuzalmaydi”, o‘zgarmaydi. Hasad, g‘araz uning qonida bor. Bu ko‘hna dunyoning biror-bir hakimi bu dardga da’vo topolmagan, topolmaydi ham. “Qon bilan kirgan, jon bilan chiqar”, deb bejiz aytilmagan. Ichi qora bandaning ota-bobolari, avlod-ajdodi ham bu dunyoni bo‘lib o‘tgan, ne-ne odamlar ulardan azob tortgan.

“Ularga Xudo insof bersin”, deymiz. Ko‘nglimizni biroz bo‘lsa-da, xotirjam qilamiz. Ular biroz tin olib turishsa, ko‘nglimiz taskin topadi. Odam bilim olishi, kasb o‘rganishi, martabaga erishishi mumkin. Biroq fe’li o‘zgarmaydi. Vaqtincha jim yurishi, ziyon-zahmat yetkazmaydiganday bo‘lib tuyulishi mumkin. Bilingki, u nimanidir ko‘zlab vaqtincha jim turibdi. Xohlagan kuni, xohlagan vaqtida asl qiyofasini namoyish etadi u. Akajon deydi, ustozjon, deydi, do‘stim, deydi. Bundaylarga ishonmang, ichida boshqa gap bo‘ladi. Ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov shularni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin: “Shayton!”.

Shoir fikricha, bu balodan qutulib bo‘lmaydi. Unda nima qilish kerak?

Odamlar taqdiri bilan bog‘liq ishlarni ularga ishonib bo‘lmaydi, yaxshilarni ularning qo‘liga topshirib bo‘lmaydi. Darvoqe ular o‘tiradigan joyni ko‘rsatish kerak. Ularni martabadan uzoqroq saqlash kerak. Ulardan yaxshilarni ajratish kerak. Ularni qanday bilish mumkin? To‘g‘ri, birdaniga bilolmaysiz, boshqalardan ajratolmaysiz, vaqt kerak.

Ammo birinchi belgisi – uning ko‘zi. Diqqat bilan tikiling, ko‘rasiz, quv ko‘zi, nursiz, sur ko‘zni, xunuk ko‘zni... Ko‘z – ko‘ngilning chirog‘i degan hikmat bekorga aytilmagan, albatta. Ko‘ngli toza odamning ko‘zi ham samimiy boqadi. G‘ayratli, shijoatli, dovyurak odamning ko‘zi yoniq bo‘ladi, tik boqadi, o‘tkir bo‘ladi.

Yuragi qora g‘alamisning ko‘zida shumlik, g‘ayirlik ko‘lankasi o‘ynab turadi.

U payt poylaydi, sizga shirin gapiradi-yu, ichida zaharini sochishga tayyor turadi. O‘zining manfaati yo‘lida sizni ustamonlik bilan yomonlaydi, qoralaydi, sotadi...

Ehtimol, ular bejiz shunday yaratilmagandir. Yaxshiyu yomonning farqiga borish, yaxshilarning qadriga yetish uchun yaratilgandir.

Ularning borligi uchun ham yaxshilar hushyor tortar, birlashar. Yomonlarni ko‘rib, yaxshilarning qadriga yetamiz.

Nima bo‘lganda ham ichi qoralardan asrasin, do‘stingman deb, dushmanlik qilayotganlardan asrasin, yiqilishingni kutib quv ko‘zlarni tikib turganlardan asrasin.

Ularga ham ozgina qudrat ber, ozgina insof ber, o‘zining kimligini anglashga ozgina bo‘lsa-da, imkon ber, qudrat ber, Xudoyim!

KO‘RDIM

...Ochko‘zlik qilib mol-dunyo to‘plaganlarni ko‘rdim, ustozini sotib, amal olganlarni ko‘rdim, do‘stiga xiyonat qilib, boyiganlarni ko‘rdim. Muttaham, nopok odamlar qutirib yashaganni ko‘rdim, halol odamlar amallab yelka qisib yurganini ko‘rdim.

Bir umr halol mehnat qilib, qiynalsa-da, hech kimdan yordam ham, mukofot ham so‘ramay, jimgina yurganlarni ham ko‘rdim.

Mehnat qilgan joyda qolib, tayyoriga bakovul bo‘lganlarni ko‘rdim.

Birovlarning yutug‘ini o‘ziniki qilib ko‘rsatib, mukofot olganlarni ko‘rdim. Sodda odamlarni aldab, chuv tushirgan shaytonsifat odamlarni ko‘rdim...

Qasamxo‘rlarni ko‘rdim, yolg‘onchilarni ko‘rdim, tuhmatchilarni ko‘rdim, g‘iybatchilarni ko‘rdim, fitnachilarni ko‘rdim...

Keyin... har kim Yaratgandan o‘z qilmishiga yarasha jazo olganini ko‘rdim... yaxshi odamlar, halol odamlar qadr topganini ko‘rdim... har holda ko‘rdim...

Norqobil JALIL.