O‘qituvchilar mukofot puli 577 million so‘m bo‘lgan tanlovda qatnashyapti

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani singari viloyatimizda ham “Yil o‘qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichi o‘tkazilmoqda.

Unda 2025 yil avgust-dekabr oylarida malaka sinovlari natijalariga integratsiya qilingan holda tashkil etilgan tanlovning birinchi bosqichida eng yuqori ball to‘plagan o‘qituvchilar – har bir tuman, shahardan uch nafardan, jami 48 nafar pedagog qatnashmoqda.

– Tanlov tashkiliy qo‘mitasining qaroriga asosan tanlangan Samarqand shahridagi 81- va Kattaqo‘rg‘on shahridagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida shu kunlarda ikkinchi bosqich o‘tkazilmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi shu’ba rahbari Akmal Olimov. – Mazkur bosqichda o‘qituvchi o‘z fani bo‘yicha dars o‘tadi va uning dars o‘tish mahorati tanlov hakamlar hay’ati tomonidan 60 ballik tizim asosida, shuningdek, tegishli tuman (shahar)da faoliyat yuritayotgan pedagoglarning ovoz berish yo‘li orqali 40 ballik tizim asosida baholanadi. Pedagoglar ovoz berishi uchun tanlov ishtirokchisi o‘tgan 45 daqiqalik dars jarayoni uzluksiz, to‘liq va montajsiz tarzda videokameraga yozib olingan holda pedagog.uzedu.uz maxsus platformasiga joylashtiriladi. Ayni paytda mazkur maktablarda tanlov ishtirokchilarining hakamlar hay’ati oldida ochiq dars o‘tishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Barcha jarayonlar shaffof tarzda tashkil etilmoqda va o‘tilgan dars mashg‘ulotlari maxsus platformada e’lon qilib borilyapti.

Tanlov nizomiga ko‘ra, ikkinchi bosqichda hakamlar hay’ati va pedagoglar tomonidan berilgan ballar asosida nomzodning umumiy natijasi shakllantiriladi va har bir tuman, shahardan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar o‘qituvchi tanlovning uchinchi bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi. Shu yilning aprel-may oylarida o‘tkaziladigan uchinchi bosqichda tanlov g‘oliblari taqdirlanadigan yilning nomzodlarning ma’naviy-ma’rifiy faoliyati hamda kitobxonligi taqdimot asosida hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.

– Shu paytgacha erishgan natijalarim va tumanimizdagi 56 ta maktab o‘qituvchilari orasida reyting ko‘rsatkichim bo‘yicha birinchi o‘rinda bo‘lganim uchun ushbu tanlovga tavsiya etilganman, – deydi Jomboy tumanidagi 28-umumiy o‘rta ta’lim maktabi davlat va huquq asoslari fani o‘qituvchisi Dilovar Odilova. – 2025 yilda maktabgacha va maktab ta’limi hamda adliya vazirliklari tomonidan o‘tkazilgan “Eng yaxshi huquq fani o‘qituvchisi” respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, 30 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritgandim. O‘tgan yil kuzgi attestatsiyada 92 ball olib, 70 foiz ustama olishga muvaffaq bo‘ldim va hozirda 12 million so‘mdan ortiq maosh olaman. Bu yil mazkur tanlovda ham g‘olib bo‘lishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘yganman.

Tanlov nizomiga ko‘ra, har bir tuman, shahar bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olib pedagoglar bazaviy hisoblash miqdorining 1400 baravari (hozirgi vaqtda 576 million 800 ming so‘m)ga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.