27 yillik xizmat va bir qaror: Samarqanddagi mehnat ta’tili bo‘yicha sud ishi nimani anglatadi?

Mehnat huquqlari, ayniqsa davlat tizimida xizmat qiluvchi xodimlarning ijtimoiy kafolatlari haqida gap ketganda, ko‘pchilik bu masalalar qonunlarda aniq belgilab qo‘yilgan, deb o‘ylaydi. Ammo amaliyotda ayrim holatlar shunday savollarni o‘rtaga tashlaydiki, jamiyat nafaqat huquqiy, balki axloqiy nuqtai nazardan ham o‘ylab ko‘rishga majbur bo‘ladi. Yaqinda ko‘rilgan sud ishi ana shunday holatlardan biri bo‘ldi.

27 yil davomida ichki ishlar organlarida xizmat qilgan Shodiyev Jasur (ism, familiya shartli) ishdan bo‘shatilgandan so‘ng foydalanilmagan mehnat ta’tillari uchun kompensatsiya undirish talabi bilan sudga murojaat qildi. Bir qarashda bu oddiy mehnat nizosidek tuyulishi mumkin. Lekin sud materiallari, keltirilgan huquqiy asoslar va apellyasiya instansiyasi chiqargan qaror bu ishni mehnat huquqlari sohasidagi muhim pretsedentlardan biriga aylantirdi.

Bu voqea faqat bir insonning shaxsiy manfaati haqida emas. U davlat idoralaridagi mehnat munosabatlari qanday yuritilayotgani, xodim huquqlari qay darajada ta’minlanayotgani va qonunlar amalda qanday talqin qilinayotgani haqidagi savollarni kun tartibiga olib chiqdi...

Sud hujjatlarida keltirilishicha, Jasur Shodiyev 1998 yil 5 dekabrdan boshlab Samarqand viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qila boshlagan. U turli lavozimlarda ishlagan: tergov hibsxonasi nazoratchisi, konvoy bo‘linmasi haydovchisi, vaqtincha saqlash hibsxonasi xodimi va keyinchalik tumanlararo konvoy guruhi haydovchi - xodimi vazifalarida faoliyat yuritgan.

2025 yil dekabr oyida Jasur Shodiyev belgilangan yoshga to‘lgani sababli xizmatdan bo‘shatilgan. Ammo ishdan ketish jarayonida muhim bir masala yuzaga chiqqan: u o‘z xizmat faoliyati davomida mehnat ta’tilidan amalda foydalanmaganini va buning uchun kompensatsiya ham olmaganini ma’lum qiladi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi dastlab da’vogar talabini qisman qanoatlantirdi. Sud javobgar Samarqand viloyati IIB zimmasiga 11 million 984 ming so‘m kompensatsiya to‘lash majburiyatini yukladi.

Bu summa amalda faqat uch yillik davr uchun hisoblangan edi. Sud qarori asosida ichki ishlar organlariga oid ayrim normativ hujjatlar yotardi. Ularda xodimga o‘z vaqtida to‘lanmagan pul ta’minoti bo‘yicha qayta hisob-kitob uch yildan oshmasligi belgilangan.

Biroq da’vogar bu qarordan norozi bo‘ldi. Uning fikricha, sud mehnat qonunchiligi va Konstitutsiyada belgilangan huquqlarni to‘liq inobatga olmagan. Shuning uchun u apellyasiya shikoyati kiritdi.

Samarqand viloyati sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ishni qayta ko‘rib chiqar ekan, birinchi instansiya sudi bir qator muhim holatlarni yetarlicha tahlil qilmagan degan xulosaga keldi.

Eng muhimi, apellyasiya sudi quyidagi nuqtalarga alohida e’tibor qaratdi:

  • Konstitutsiyada dam olish huquqi kafolatlangani;
  • Mehnat kodeksiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimga barcha foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiya to‘lanishi shartligi;
  • Hech qanday ichki hujjat yoki idoraviy buyruq xodimning huquqiy holatini yomonlashtirmasligi lozimligi;
  • Qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi kerakligi.

Sud yana bir muhim jihatga diqqat qaratdi: ichki ishlar organlari xodimlarining ta’til hujjatlari saqlanmagan. IIBning o‘zi sudga taqdim etgan xatda ta’tilga oid hujjatlar belgilangan muddat o‘tgach yo‘q qilingani qayd etilgan. Bu esa muhim savolni keltirib chiqardi: agar ish beruvchi xodim ta’tilga chiqqanini tasdiqlovchi hujjatlarni saqlamagan bo‘lsa, bu holat xodim zarariga talqin qilinishi mumkinmi? Apellyasiya sudi “yo‘q” degan xulosaga keldi.

Apellyasiya sudi Shodiyevning oylik ish haqi 9 million 651 ming so‘m ekanini hisobga olgan holda, uning 27 yil mobaynida foydalanmagan mehnat ta’tillari uchun kompensatsiya miqdorini 260 million 574 ming so‘m deb belgiladi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi har bir insonga dam olish huquqini kafolatlaydi. Bu shunchaki deklarativ norma emas. Haq to‘lanadigan mehnat ta’tili har qanday mehnat munosabatining muhim qismi hisoblanadi.

Mehnat kodeksi ham ish beruvchi zimmasiga aniq majburiyat yuklaydi: xodim ishdan bo‘shatilganda foydalanilmagan barcha ta’tillar uchun kompensatsiya to‘lanishi shart.

Ammo amaliyotda ko‘pincha davlat tashkilotlari yoki yirik muassasalarda xodimlar yillab ta’tilga chiqmay ishlash holatlari uchraydi. Ba’zan bu kadr yetishmasligi bilan izohlanadi. Ba’zan esa ichki tizimdagi “an’anaviy” yondashuvlar bilan.

Bu ish keng jamoatchilik uchun bir nechta muhim xulosalarni beradi.

Birinchidan, xodimning huquqi idoraviy hujjatlar bilan cheklanmasligi lozim.

Qolaversa, har qanday huquqiy noaniqlik inson foydasiga talqin qilinishi kerakligi haqidagi konstitutsiyaviy prinsip amalda ham ishlaydi.

Shuningdek, mehnat munosabatlarida hujjatlarni to‘g‘ri yuritish va saqlash juda muhim.

Bu qarorni kimdir davlat byudjetiga ortiqcha yuk deb baholashi mumkin. Boshqalar esa inson mehnati va huquqlarining tan olinishi sifatida qabul qiladi. Bu yerda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan bir jihat bor: agar xodim haqiqatan ham yillar davomida ta’tilga chiqmagan bo‘lsa, bu oddiy holat emas. Bu mehnat munosabatlarida tizimli muammolar borligini ko‘rsatadi.

Furqat ANAROV,

Samarqand viloyat sudi sudyasi.