Pora evaziga ish va soliq imtiyozi va’da qilgan sobiq hokim o‘rinbosari va hisobchi qo‘lga tushdi

2025 yilda Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining o‘rinbosari lavozimida ishlagan shaxs o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, 1986 yilda tug‘ilgan fuqaroni tuman tibbiyot birlashmasiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 14 million so‘m olgan. Ammo, u bergan va’dasini bajarmagan.
 
Davlat xavfsizligi xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda sobiq hokim o‘rinbosari bo‘lgan bu shaxs muqaddam olgan pul mablag‘i hisobidan 1000 AQSh dollarini qaytarib bergan vaqtida, uning noqonuniy harakati fosh etildi.

Shuningdek, Bulung‘ur tumanida faoliyat yurituvchi “Buxgalteriya markazi” davlat muassasasi hisobchisi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalikka nisbatan hisoblangan 150 million so‘mlik soliq qarzdorligini o‘zining mansabdor tanishi orqali kamaytirib berishni va’da qilib, uning rahbaridan dastlab 3 million so‘m olgan.

So‘ngra, u fermerdan qo‘shimcha tarzda 15 million so‘m talab qilib, ushbu pul mablag‘ini Bulung‘ur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari bilan birga olgan vaqtida Davlat xavfsizligi xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.