Samarqandda 210 nafar shaxs korrupsion jinoyat uchun javobgarlikka tortildi

Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hamda shu yil 5 mart kuni o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari Sarvar Bozorovning ma’lum qilishicha, prokuratura organlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida muntazam nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda. Yilning o‘tgan to‘rt oyida viloyatda 3253 ta jinoyat hisobga olinib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 146 foizga oshgan. Bu jinoyatlarning 751 tasi (23 foizi) aniqlanadigan, 1193 tasi (37 foizi) oldini olish mumkin bo‘lgan, 1309 tasi (40 foizi) axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarni tashkil etadi.

– Ko‘rilgan choralar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan og‘ir turdagi jinoyatlar 4,9 foizga, nomusga tegish 23 foizga, bosqinchilik 100 foizga, avtomobilni olib qochish 25 foizga kamaydi, – dedi S.Bozorov. – Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan olib borilgan hamkorlikdagi tadbirlar natijasida 90 ta jinoyatning oldi olindi. Viloyatdagi 1126 mahallaning 697 tasi “yashil”, 334 tasi “sariq”, 95 tasi “qizil” toifaga kirib, jinoyat sodir bo‘lgan mahallalar 429 tani tashkil qildi. Mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,5 foizga kamaydi. Bundan tashqari, mahalla hududida sodir etilgan jinoyatlarni oldini olishga mas’ul bo‘lgan 46 nafar ichki ishlar xodimi, 14 nafar mahalla raisi, 17 nafar hokim yordamchisi, 6 nafar yoshlar yetakchisi hamda 7 nafar xotin-qizlar faoli intizomiy javobgarlikka tortilib, 3 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Viloyat prokuraturasi uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan joriy yilning 4 oyida 48 nafar shaxsga nisbatan 28 ta jinoyat ishlari bo‘yicha tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishlari sudlovga yuborilgan. Tergov davomida aniqlangan, davlatga yetkazilgan 13 milliard so‘m zarar to‘liq undirilishi ta’minlangan.

144 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari tergov qilinib, 210 nafar shaxs turli javobgarlikka tortilgan. Ularning 55 nafarini maktabgacha va maktab ta’limi, 27 nafarini sog‘liqni saqlash, 17 nafarini bank tizimi, 9 nafarini huquqni muhofaza qiluvchi organlar, 8 nafarini mahalliy hokimiyat organlari xodimlari tashkil etgan. Shuningdek, 23 nafar hokim yordamchisi, 5 nafar nafar advokat, 7 nafar soliq sohasi xodimi korrupsion jinoyatga qo‘l urgan.

Matbuot anjumanida viloyat prokuraturasi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengash hamda viloyat hokimligi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” asosida amalga oshirilayotgan ishlar, sohalarni raqamlashtirish orqali korrupsiyaviy jinoyatlarning oldini olish hamda keng jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshirilayotgan profilaktik targ‘ibot ishlari haqida ma’lumot berildi.