Samarqandda kuchli yomg‘ir: tabiat emas, munosabatlar sinovdan o‘tdi
Samarqand jiddiy sinovli kunlarni boshidan o‘tkazdi. Bir necha kun davomida yoqqan yomg‘ir, ayniqsa, kecha, 23 may kuni yanada kuchaydi.
O‘tgan kunlar davomida vaqti vaqti bilan goh u, goh bu tumandagi sel toshqinlari videolari ijtimoiy tarmoqlarning bosh mavzuiga aylandi.
Kecha Samarqand shahridagi ba’zi yo‘llardan o‘tib bo‘lmay qoldi, ba’zi aholi yashash xonadonlariga jiddiy talafot yetkazildi.
To‘g‘risi, yomg‘ir shiddat bilan quyayotgan bir paytda ehtiyojingiz uchun lozim bo‘lgan non olish uchun ham uyingiz yonidagi do‘konga bormay turasiz, yomg‘ir tinishini kutasiz. Lekin viloyat hokimi Adiz Boboyev kutmadi. Kecha viloyat hokimligi tarqatgan videolavhalardan ham ko‘rdik, Samarqand shahrining yomg‘ir naq daryoga aylantirgan hududlariga o‘zi bordi, tegishli vazifalarni belgiladi.

Ayniqsa, Fidoyilar mahallasida uylariga jiddiy talafot yetgan mahallaga ham birinchilardan bo‘lib yetib borganini kuzatdik. Aholi bilan suhbatlashdi, uylari nurab ketgan 11 ta oila boshqa joyga ko‘chiriladigan bo‘ldi, yog‘ingarchilikdan mulklari zarar yetgan oilalarga yordam berilishini bildirildi.
Odatda u yoki bu muammo ommaviy axborot vositalarida keng tarqalgach, muammo rahbarlar e’tiboriga tushishiga ko‘nikib qolganmiz. Lekin viloyat hokimi Adiz Boboyev barcha rahbarlarga o‘rnak bo‘lgulik tarzda bu hududga birinchilardan bo‘lib borib, masalani o‘rgandi.
Yana bir holat. Shu kuni viloyat favqulodda vaziyatlar va obodonlashtirish boshqarmalarining mashinalari tinimsiz ishlaganiga guvoh bo‘ldik. Suv toshgan ko‘chalarda mashinada suvni tortib, aholi xavfsizligini ta’minlash uchun yomg‘ir ostida mehnat qilishdi.

Qolaversa, shu kuni shaharning juda ko‘p hududlarida elektr ta’minotida jiddiy uzilishlar kuzatildi. Elektr energiyasi tizimidagi brigadalar ham yomg‘ir tinishini kutmadi, joylarda masalani hal etish uchun tinim bilgani yo‘q. Buni mazkur tizim dispetcher xizmatidan ham bilish mumkin edi. To‘g‘ri, ba’zi hududlarda elektr energiyasida soatlab uzilish bo‘ldi. Ammo muammo o‘z holiga tashlab qo‘yilgani yo‘q, hal etilishi uchun barcha kuchlar safarbar etildi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda kuchli yomg‘ir bo‘lishiga qaramay, yo‘l harakati xavfsizligi xodimining o‘z mehnat vazifasini sidqidildan bajarayotgani videosi ko‘pchilikni ta’sirlantirdi.
Ushbu holatlarni kuzatar ekanmiz, daf’atan xayolimizga vazifasiga mas’uliyat bilangina emas, vijdon bilan yondashayotganlar safi ko‘payib borayotgan, degan xulosa keladi. Va ular hali yanada ko‘payishiga ishonamiz.
Samarqand shahridagi drenaj tizimi, qurilish sohasidagi muammolar ko‘pligini inkor etolmaymiz, bu haqda hali to‘xtalamiz. Ammo kechaning ba’zi saboqlari ham bor.
Samarqand, ehtimol, yo‘llarda sodir bo‘lgan daryoday toshqin suvlar, jiddiy talafotlar yetkazgan yomg‘irli kunlarda moddiy yo‘qotishlarni boshidan kechirgandir, lekin u odamiylik sinovidan o‘tdimikan?
To‘g‘risi, ushbu holatlarni kuzatar ekanmiz, ba’zi xayollar ko‘nglimni kemirdi.
Ehtimol, muammo ko‘lami bir viloyat miqyosida olib qaraydigan bo‘lsa uncha katta emasdir. Ammo katta bir mahallada jabrlangan oilalarga yordam qo‘lini cho‘zish uchun atrof, qo‘ni-qo‘shnilarning birdamligini ko‘rmadim, to‘g‘risi. Qaysidir bir davlatlarda bo‘layotgan hodisalarda jabrlanganlarni o‘ylab, nimalardir yozamiz, gapiramizu, nahot yonimizdagi, favqulodda holatlarda murakkab vaziyatga tushgan oilalarga yordam qo‘lini cho‘zishga intilmaymiz. Viloyatdagi faollarning ularga ko‘mak berish uchun nimadir tashabbuslari ham ko‘zga tashlanmadi.
Yana bir holat, kimdir o‘laman, deyaptiyu, kimlardir shu holatdan foydalanib, bachkana video kontentlar tayyorlab, ommaga tarqatayotganidan uyalib ketdim. Ha, albatta, muammoni ko‘rsatish kerak, lekin kimningdir dardini kalaka qilish evaziga emasku!
Yomg‘irli kunda, uyingiz yonidan o‘tgan ariq begona o‘t, chiqit bosib yotganiga beparvo bo‘lib, oyoqni uzati-i-ib yotgancha ijtimoiy tarmoqlarga soatlab vaqt sarflab, kimnidir yomonotliqqa chiqarib, butun bir tizimni "Rasvo", deb safsata sotayotgan paytingizda, o‘z ehtiyojingiz uchun yoningizdagi do‘konga bir chiqib kelingchi. Undan o‘tib, mahallangizdagi ahvol bilan ham bir qiziqib ko‘ring, ular nima bilan nafas olyapti, odamlarni dardi bilan yashash qanday ekan? Ehtimol, o‘zgarishni, daxldorlikni o‘zimiz, mahallamizdan boshlarmiz.
Yomg‘ir esa yog‘ishda davom etyapti...
Gulruh MO‘MINOVA.