Logopedmi yoki defektologmi? Nega mening aqlli bolam gapirmaydi?

"Farzandim aqlli, ziyrak, lekin negadir haliyam chiroyli gapirmaydi? Qo‘shnining bolasi she’r aytib yuribdi, mening bolam esa ayrim so‘zlarni tushunarsiz talaffuz qiladi...".

Bunday paytda ko‘p onalar avval logopedga yugurishadi. Ammo ba’zan til harakatining ortida ancha chuqur muammo – idrok, diqqat yoki miya faoliyatidagi notekislik yotishi mumkin. Shunda savol tug‘iladi: “Logopedmi yoki defektolog?”

Til va nutq kamchiliklari – bolalarda eng ko‘p uchraydigan muammolardan biri. Ko‘pincha ota-onalar buni faqat tovushlarni noto‘g‘ri aytish deb bilib, logopedga murojaat qilish bilan chegaralanadi. Biroq, agar bola so‘zlarni yaxshi tushunsa-yu, lekin gapirmasa yoki o‘qish, yozish, diqqatni jamlashda qiynalsa, bu holatda defektolog aralashuvi zarur. Logoped va defektolog – bu ikkisi nutq va rivojlanish bilan shug‘ullanadigan mutaxassislar, biroq ularning ish sohasi, maqsadi va kimlar bilan ishlashi jihatidan tub farqlari bor. Logoped til va tovush mutaxassisi, defektolog miya faoliyati, xulq-atvor va o‘rganish qobiliyati mutaxassisi hisoblanadi.

Logoped qanday holatlarda bolalarga yordam beradi?

Logoped bolalarning tovush talaffuzi, nutqning grammatik tuzilishi, so‘z boyligi va ravon nutq shakllanishiga yordam beradi. Asosan, aqliy jihatdan sog‘lom, lekin tovushlarni noto‘g‘ri talaffuz qiladigan (masalan, “r” yoki “sh”ni aytolmaydigan), duduqlanadigan yoki nutqi sust rivojlangan bolalar bilan shug‘ullanadi. Nutq apparatining harakatchanligi, tovush chiqarish mexanizmi va fonematik eshitishni tekshiradi. Artikulyasion gimnastika, tovushlarni bosqichma-bosqich sozlash bilan shug‘ullanadi. Oyna oldida tovush chiqarish, lab va til uchun maxsus mashqlar, she’r va matnlar ustida ishlaydi. Logoped odatda haftasiga 2-3 marta, 30-40 daqiqa davomida mashg‘ulotlarni olib boradi.

Defektolog qanday holatlarda bolalarga yordam beradi?

Defektolog bolada xotira, diqqat, tafakkur, idrok, o‘rganish qobiliyati va ijtimoiy moslashuv bilan shug‘ullanadi. Rivojlanishida tizimli muammolar bo‘lgan bolalar bilan: aqliy zaiflik, autizm, diqqat yetishmasligi, o‘rganishda qiyinchilik (disleksiya, disgrafiya), eshitish yoki ko‘rish muammolari, miya falaji (serebral falajlik) kabi holatlar defektolog yordam beradi. Rivojlanishning umumiy darajasini (ruhiy, jismoniy, hissiy) kompleks baholaydi. Ko‘pincha maxsus testlar orqali bolaning aqliy yoshini aniqlaydi. Miya faoliyatidagi sustlikni yoki bo‘shliqni to‘ldirish, bolani hayotga, maktabga tayyorlash, ijtimoiy ko‘nikmalarni o‘rgatishga yordam beradi. Maxsus didaktik o‘yinlar, mantiqiy topshiriqlar, qo‘l motorikasini rivojlantiruvchi mashqlar, yozish va o‘qishni o‘rgatadi. Dastlab har kuni yoki intensiv tarzda shug‘ullanishni boshlaydi.

 

Ular qanday hamkorlik qiladi?

Agar bola faqat “r” yoki “l” harfini aytolmasa, unga logoped kerak. Agar bola 2-3 yoshda umuman gapirmasa, ko‘zga tik qarasa, sizni tushunmasa yoki maktabda yozish-o‘qishni o‘zlashtira olmasa, avval defektolog kerak. Defektolog nutq bilan ham shug‘ullanadi, lekin faqat aqliy yoki ruhiy rivojlanishdagini asosiy muammoni bartaraf qilgandan so‘ng shug‘ullanish mumkin. Defektolog bolaning miyasini o‘qishga, idrok qilishga tayyorlaydi, logoped esa shu miya tayyor bo‘lganidan so‘ng tovushlarni chiroyli talaffuz qilishga o‘rgatadi.

Qaysi mutaxassis siz uchun kerak?

Agar bola hamma narsani tushunsa-yu, lekin so‘zlarni qo‘shib yoki “s”, “sh” harflarni xato aytsa logoped kerak bo‘ladi.

Agar bola tengdoshlaridan ancha ortda qolsa, mavhum tushunchalarni (rang, shakl, vaqt) farqlay olmasa, o‘qish va yozishda doimiy qiyinchiliklar bo‘lsa, defektolog (yoki uning tor ixtisosligi – oligofrenopedagog, surdopedagog, tiflopedagog) kerak bo‘ladi.

Ko‘pincha maktabgacha yoshdagi murakkab holatlarda ikkala mutaxassis birgalikda faoliyat olib boradi.

Shavkat Jo‘rayev,

Samarqand davlat tibbiyot universiteti yuqumli kasalliklar kafedrasi katta o‘qituvchisi.