Manfaat tarozisi yoxud oliygohdagi ikki holat xususida
Jamiyatning ertasini tarbiyalovchi dargoh - oliy o‘quv yurtlarida ba’zan adolat mezoni bilim bilan emas, balki shaxslarning kimligi va nimaga qodirligi bilan o‘lchanishi achinarli. Salim Bahodirovich rahbarlik qilayotgan muassasada ham bu yozilmagan qoida amalda. Afsuski, bunga odamlar ko‘nikib ham qolgan.
Rektor Salim Bahodirovich keng va yorug‘ xonasida, yumshoq o‘rindiqda yastanib o‘tirar ekan, xayolini eshikning taqillashi buzdi.
- Kiring! - dedi domla salobat va xotirjamlikni yo‘qotmay.
Ostonada so‘nggi urfdagi libosda, o‘ziga oro bergan, ko‘rinishidan ehtiyoj nimaligini bilmay o‘sgan Surayyo paydo bo‘ldi.
- Assalomu alaykum ustoz, ruxsatmi? - qizning ovozida zarracha xavotir yo‘q.
- Marhamat, o‘tiring, - rahbarning «siyosat»i o‘zgarib, yuziga muloyim tabassum yugurdi.
- Ustoz, oxirgi paytlarda oilaviy tadbirlar, ba’zi yumushlar bilan bo‘lib darslarga qatnasha olmadim. Endi oraliq nazoratlarim...
Qiz gapini tugatishga ulgurmasidanoq rektor uning so‘zini bo‘ldi:
- Xavotirga o‘rin yo‘q, hammasi joyida. Faqat buyog‘iga darslarda ko‘rinib turing, shuning o‘zi kifoya. O‘qituvchilaringizga o‘zim tayinlab qo‘yaman.
- Xo‘p bo‘ladi, ustoz, - qiz mamnun jilmaydi. - Aytgancha, kelinoyimning yaqinda o‘tgan yig‘inlari ko‘ngildagidek o‘tdimi?
- Eh-he, judayam! - rektorning ko‘zlari chaqnab ketdi. - Ayolim rosa maqtadi, dugonalari bilan bir yayrashibdi. Dadangizga minnatdorchiligimni yetkazib qo‘ying, baraka topinglar!
- Albatta, yetkazaman, - deya eshik sari yo‘naldi Surayyo. - Dadam ham sizga alohida salom aytdilar, "Yana qanday xizmatlar bo‘lsa, bajonidil, restoranlarimizning eshigi domla uchun hamisha ochiq", dedilar.
Sog‘ bo‘lsinlar, siz ham salomimni yetkazib qo‘ying...
Oradan ko‘p o‘tmay, eshik yana taqilladi. Bu galgi sado oldingisiga mutlaqo o‘xshamas, qandaydir hadik ohangi bor edi. Ichkariga uchinchi bosqich talabasi Qodirali kirib keldi. Uning yuz-ko‘zlaridan charchoq, tushkunlik va uyqusizlik asoratlari sezilib turardi.
Rektorning boyagi xushchaqchaqligidan asar ham qolmadi. Qoshlari chimirilib, talabani hatto o‘tirishga taklif qilmadi. Ko‘zoynagi ortidan sovuq tikilgancha, "Tezroq muddaoga o‘t", degandek jim turaverdi.
- Assalomu alaykum, domla... - Qodirali yutinib qo‘ydi. - Onamning toblari qochib qolgani sababli kasalxonada qarab o‘tirishga majbur bo‘ldim. Shuning orqasidan darslarga bir oy kelolmadim. Iltimos, menga birgina imkon bering! Barcha qoldirilgan mavzularni o‘zlashtirib, sinovlarimni vaqtida yopaman.
Domlaning g‘azabi qaynadi:
- Bir oy-a?! Bir oy senga hazilakam vaqtmi? Ta’lim muassasasi senga xohlaganda kelib, xohlamaganda ketadigan joymi? Imkoni yo‘q, talabalar safidan chetlatilasan!
Talabaning ko‘zlariga yosh qalqdi, ovozi titradi:
- Domla, yolvoraman, tushuning... Axir onam og‘ir yotib qoldilar. Jon domla, iltimos...
Salim Bahodirovichning yuzidagi sovuqqonlik zarracha o‘zgarmagan bo‘lsa-da, go‘yoki "muruvvat" ko‘rsatayotgandek to‘ng‘illadi:
- Faqat bitta yo‘li bor. Bir yilga akademik ta’til olasan. Hujjatlaringni to‘g‘rila-da, kelasi yili uchinchi kursni qaytadan o‘qiysan. Senga bera oladigan imkoniyatim shu!
Bu so‘zlardan keyin Qodiralining go‘yo yelkasidan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. O‘qishdan mutlaqo haydalishdan ko‘ra, akademik ta’til olish uning uchun najot edi. U rektorga minnatdorchilik bildira-bildira xonadan chiqdi.
Eshik yopildi. Xonaga yana sukunat cho‘kdi. Rektor o‘zining yumshoq kursisiga suyanib, stol ustidagi qog‘ozlarga ko‘z yugurtirishda davom etdi. Salim Bahodirovichda zarracha vijdon azobi, adolatsizlikdan qiynalish sezilmadi. O‘sha kuni ikki nafar talabaning taqdiri hal bo‘ldi - biri restoran egasining qizi bo‘lgani uchun oylab dars qoldirgani birgina ziyofat evaziga kechirildi, ikkinchisi xasta onasining yonida bo‘lgani uchun yana bir yillik umri bilan tovon to‘ladi.
Ta’lim dargohlarida mezonlar ilm bilan emas, manfaatlar tarozisi bilan o‘lchanar ekan, jamiyatning asl qiyofasi shunday ko‘rinmas adolatsizliklar ichida zanglayveradi.
Fotima ERGAShEVA,
Narpay tumani.