Sun’iy intellekt va raqamli turizm: Talabalar uchun infotur o‘tkazildi
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti talabalari uchun sun’iy intellekt, raqamli texnologiyalar hamda kreativ industriyalar yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus infotur tashkil etildi.
Infotur davomida talabalar innovatsion Magic Mirror interaktiv installyasiyasi hamda raqamli qahramon - NazzAR Bobo imkoniyatlari bilan tanishishdi.
Shuningdek, «Kelajak turizmi: raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt» mavzusida o‘tkazilgan uchrashuvda universitet rektori Muhsinjon Xolmuxamedov hamda NazzAR Innovation Group asoschisi Bobur Rahimov raqamli transformatsiya, smart-turizm, madaniy merosni innovatsion texnologiyalar orqali ommalashtirish va sun’iy intellektning amaliy imkoniyatlari haqida fikr bildirdilar.
Tadbirning amaliy qismida talabalar Future Lab va AI/AR/VR Lab faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga startap ekotizimi, innovatsion ta’lim dasturlari, sun’iy intellekt vositalari, virtual va kengaytirilgan reallik texnologiyalaridan foydalanish, shuningdek, madaniy meros ob’yektlarini 3D modellashtirish hamda raqamli kontent yaratish bo‘yicha amaliy imkoniyatlar namoyish etildi.
Shuningdek, universitet va Future Lab by NazzAR Innovation Group o‘rtasida imzolangan memorandumga ko‘ra, talabalar zamonaviy laboratoriyalarda amaliyot o‘tashi, qo‘shma innovatsion loyihalarda qatnashishi va raqamli turizm sohasidagi tashabbuslarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi.