Turkiyaning sayyohlikni targ‘ib etuvchi filmlari nufuzli tanlovda muvaffaqiyat qozondi
Avstriyaning Vena shahrida joylashgan media va festivallar tashkilotchisi - “Filmservice International” tomonidan tashkil etilgan US International Awards 2026 tanlovida 25 mamlakatning 100 dan ortiq kinofilmi saralandi.
Tanlovda Turkiyaning “So Turkish, Go Turkish” filmi hamda “Antalya Gambit” va “Istanbul My Love” mini-seriallari yuqori mukofotlarga sazovor bo‘ldi.
“So Turkish, Go Turkish” filmi US International Awards 2026 tanlovida “Korporativ videolar — mamlakat targ‘iboti” yo‘nalishida kumush mukofotni qo‘lga kiritdi. 2026 yil uchun ushbu nominatsiyada oltin mukofot bo‘lmaganligi sababli film o‘z yo‘nalishida eng yuqori o‘rinni egalladi.
Ushbu film TGA va Turkish Airlines tomonidan suratga olingan bo‘lib, u Turkiyaning boy madaniy merosini, hayratlanarli manzaralarini va jonli atmosferasini hikoya qilish orqali ochib beradi. “So Turkish” shiori asosida yaratilgan ushbu filmda Aya Sofiyaning mahobatidan tortib, Kappadokiyaning maftunkor issiq havo sharlari, Egey dengizidagi kechki taomlar va Bosforning beqiyos jozibasigacha namoyish etiladi.
Kinematografik sifat va jozibali hikoyalar asosida ishlab chiqarilgan “GoTürkiye” mini-seriallari esa sayyohlik manzillarini tanitishda platformaning yangicha yondashuvini davom ettirgan. Avval namoyish etilgan beshta mini-serial xalqaro raqamli platformalarda keng auditoriyani qamrab olib, 7,69 milliard reklama namoyishi va 4,4 milliard ko‘rishlar sonini qayd etgan bo‘lsa, ushbu natijalardan so‘ng platforma yaqinda o‘zining oltinchi loyihasi — “Turquoise Summer” mini-serialini taqdim etdi.
Mini-seriallar US International Awards 2026 tanlovida ham xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Turkumning ilk loyihasi — “Antalya Gambit” “Onlayn va ijtimoiy media — shahar targ‘iboti” yo‘nalishida kumush mukofotni qo‘lga kiritdi. Istanbulning jo‘shqin muhiti va romantik jozibasini aks ettirgan “Istanbul My Love” esa ayni yo‘nalishda “Finalist” mukofoti bilan taqdirlandi.
“Antalya Gambit” drama va kinematik hikoyachilikni uyg‘unlashtirgan mini-serial bo‘lib, san’at kuratori Lara va sirli me’mor Deniz hikoyasi orqali tomoshabinni Antaliya bilan tanishtiradi. Har biri ikki daqiqadan iborat o‘nta epizodda shaharning feruza rang ko‘rfazlari, dam olish maskanlari, qadimiy yodgorliklari va jo‘shqin shahar muhiti aks etadi. Shu tariqa Antaliyaning tabiati, O‘rta yer dengizi oshxonasi va boy madaniy merosi syujet bilan birga ochib boriladi.
“Istanbul My Love” da esa Istanbul shunchaki voqealar kechadigan maydon emas, balki hikoyaning bir qismiga aylanadi. Romantik syujet Istanbul ismli yosh ayol va tadbirkor Tanning chin muhabbat izlash yo‘lidagi voqealari asosida qurilgan. Chirog‘on saroyi, Galataport, Bosfor va Beyog‘lu kabi maskanlar orqali shaharning jo‘shqin muhiti va o‘ziga xos manzaralari hikoya davomida yoritib boriladi.
Zilola tayyorladi.