Muzeylar uchun aholidan 230 dan ziyod noyob ashyo sotib olindi

Keyingi yillarda "Milliy merosga mening hissam!" umumxalq aksiyasi doirasida aholidan sotib olingan yoki tuhfa sifatida qabul kilingan noyob ashyolar muzeylarda namoyish etib kelinmoqda.

"Samarkand" davlat muzey-qo‘riqxonasi fondini boyitish, milliy tarix va madaniy meros namunalarini saklash hamda kelajak avlodga yetkazish maqsadida shu yilning birinchi yarmida arxeologiya, etnografiya, tangashunoslik, rangtasvir, qo‘lyozma kitoblar, chinni buyumlar hamda etnografik hujjatlar yo‘nalishlarida 237 ta muzey ashyosi (shundan 5 tasi tuhfa sifatida) muzey fondiga qabul qilindi.

Joriy yilda muzey fondini boyitish maqsadida byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan 500 million so‘m ham ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar doirasida muzey kolleksiyasini kengaytirish ishlari bosqichma-bosqich davom ettirilmoqda. Jumladan, 279 million 250 ming so‘mga arxeologik topilmalar, qadimiy tangalar, numizmatik materiallar, zargarlik va etnografik buyumlar, tasviriy san’at asarlari, musiqa asboblari va qo‘lyozma kitoblar xarid qilindi. Ushbu eksponatlar Samarqandning boy tarixi va madaniy merosini yanada to‘liqroq namoyon etishga xizmat qilmoqda.

Xarid qilingan muzey ashyolari turli davrlar va yo‘nalishlarni qamrab oladi. Xususan, bronzadan tayyorlangan kamar bezaklari, oq metalldan yasalgan ilon boshi shaklidagi qadimiy bilaguzuklar, XVI asrga oid Shayboniylar davri tangalari, Somoniylar sulolasi dirhamlari, miloddan avvalgi III asrga mansub draxmalar bor. Bu ashyolar mamlakatimiz hududidagi davlatchilik, savdo-iqtisodiy munosabatlar va tangashunoslik tarixini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, to‘plamga Samarqand va boshqa hududlarda tayyorlangan milliy musiqa asboblari - Hamro sozi hamda Qashqar rubobi kiritilgan. Ularning har biri xalq hunarmandchiligi an’analari asosida mahalliy ustalar tomonidan tayyorlangan. Zargarlik buyumlari orasida Xorazm va Buxoro zargarlik maktablariga mansub halqali sirg‘a, naycha va bilaguzuklar ham mavjud. Ushbu buyumlar milliy zargarlik san’ati namunalari sifatida muzey kolleksiyasini boyitadi.

Etnografik to‘plamdan Surxondaryo, Shahrisabz, Nurota va Samarkand hududlariga xos jelak, tokchapo‘sh, bolinpo‘sh, oynaxalta, sandiqpo‘sh, dasturxon, chuval (napramach) kabi milliy kashtachilik buyumlari hamda qo‘g‘irchoqlar o‘rin olgan. Bu ashyolar xalqimizning turmush tarzi, amaliy bezak san’ati va milliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan. Badiiy merosni boyitish maqsadida jadidchilik harakati namoyandalari Vadud Mahmud, Saidahmad Vasliy va Mahmudxo‘ja Behbudiy portretlari hamda XІX asrga mansub «Masnaviyi Nozim» qo‘lyozmasi xarid qilinishi rejalashtirilgan. Bu asarlar milliy ma’rifatparvarlik harakati va yozma merosimizning muhim namunalari hisoblanadi.

Safura RO‘ZIMURODOVA,
"Samarqand" davlat muzey-qo‘riqxonasi direktori o‘rinbosari
.